Shu yil 28 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda janoblarini qabul qildilar. Martabali mehmonga Toshkent shahridagi "Ko'kaldosh" o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov doimiy hamrohlik qilmoqda.
Samimiy suhbat chog'ida Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari mehmonni yurtimizga tashrifi va xalqaro anjumanlardagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik izhor etdilar. O'z navbatida Saidmukarram Abduqodirzoda taklif va yuqori darajada tashkil etilgan tadbirlar uchun tashakkur bildirdi.
Muloqotda tomonlar azal-azaldan bir-biriga yaqin qo'shni, qondosh-qarindosh ikki xalqning bir-biriga mehri hamisha osmon qadar baland ekanini ta'kidladilar. Shuningdek, ikki davlat rahbarlarining odilona va oqilona sa'y-harakatlari tufayli urf-odatlari, an'analari, qadriyatlari biri-biriga hamohang bo'lgan ikki xalqning hamjihatligi yanada mustahkam bo'layotgani e'tirof etildi.
Muftiylar muhim masalalarda fatvolar ishlab chiqish, dolzarb shar'iy masalalarga echim topish hamda Ramazon va ikki hayit kunlarini aniqlash, shuningdek, davrning o'tkir mavzularida turli uchrashuv va muloqotlar qilishga kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari va Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda janoblari Toshkent shahridagi "Ko'kaldosh" o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulovga doimiy hamrohlik davomida ko'rsatgan xizmatlari, mehmondorchiliklari hamda tashkiliy ishlarni eng yuqori darajada tashkil etganlari uchun chuqur minnatdorlik izhor etdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD