Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Kuz – mo'l hosil fasli

04.10.2021   6921   4 min.
Kuz – mo'l hosil fasli

Har bir faslning o'z tarovati, jilosi bor. Qishning ziynati, bahorning betakrorligi, yozning tantiligiyu kuzning barakoti kishiga huzur baxsh etadi. Ayni paytda yurtimizda oltin kuz.

Qadimdan kuz pishiqchilik, mo'l hosilni yig'ish va sarflangan mehnat samarasini ko'rish mavsumi hisoblanadi. Ushbu faslda rizqu ro'zimiz va oq oltinimiz bo'lgan paxta terib olinadi. Yil bo'yi fermer va dehqonlarning tinimsiz mehnatlaridan etilgan hosilni yig'ishtiradigan payt keldi.

“Hashar elga yarashar” deganlaridek, har birimiz dalalardagi hosilni nobud qilmasdan yig'ish olishda munosib hissamizni qo'shishimiz kerak. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoyu xayrlari va saxovatpeshalar esa beg'araz yordamlari bilan paxtakorlarga kamarbasta bo'lishlari maqsadga muvofiqdir.

Qur'oni karimda: «…Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o'zishga oshiqingiz…» deya marhamat qilingan (Moida surasi, 48-oyat).

Hadisi sharifda “Kishi daraxt yoki ekin eksa, Alloh taolo hosil mislicha uning nomai a'moliga ajru savob yozadi”, deyiladi (Imom Axmad rivoyati). Shu bois hosilni yig'ib olish mavsumini savob ishlar fasli deyilishi ham bejiz emas.

Dehqonning barakali kasbi tufayli xalqimiz dasturxoni to'kin bo'ladi. Mehnatsevar dehqonlarning yurt mo'l-ko'lligi va xalqimiz farovonligi yo'lida qilgan ezgu ishlarini Yaratganning o'zi yuksak mukofotlashini quyidagi oyatda ta'kidlab, bunday deydi: «Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik (Allohninng diydorini ko'rish) bordir» (Yunus surasi, 26-oyat).

Jannatmonand diyorimizning mehnatkash bobodehqonlari, mirishkor bog'bonlari, serg'ayrat fermerlarimiz va qishloqlarimizdagi tinim bilmas barcha mehnatkashlar yig'im-terim mavsumiga jiddiy hozirlik ko'rishdi. Ular imon-e'tiqod va ixlos bilan Yaratgandan hosillarga qut-baraka so'ramokdalar.

Hozir har daqiqani g'animat bilishimiz kerak. Rizqu ro'zimizni mehnat orqali talab qilish muhim ishdir. Hazrati Odam alayhissallom ham dehqonchilik bilan shug'ullanganlar. Bu kasb u zotdan bizga meros bo'lib qolgan. Inson o'zi oilasini halol rizq-ro'z bilan ta'minlashi yo'lida sa'y-harakat qilishi va bu borada mashaqqat tortishi eng savobli amallardan biridir.

Paxta – rizq-ro'zimiz. Serquyosh o'lkamizda paxta etishtirilishi ham ulug' ne'matdir. Egnimizdagi kiyimbosh, kundalik hayotimizda foydalaniladigan zarur buyumlar ham aynan paxtadan ishlanadi. Hatto inson dunyodan o'tgach, oxirat sari kuzatilar ekan, unga ana shu paxtadan bo'lgan oppoq mato libos bo'ladi. O'zini shu muqaddas Vatannig farovonligi uchun daxldor va mas'ul deb biladigan har bir fuqaro paxta va boshqa hosillarning yig'im-terimi savobli ish ekanini nafaqat yaxshi anglaydi, balki shunga munosib ulushini qo'shadi. Shu bois barchamiz paxtaning har bir tolasini terib olish uchun uyushqoqlik bilan harakat qilishimiz lozim.

Hulosa qilib aytganda, paxta tiriklikda rizq, dunyodan o'tganimizda oxirat libosi bo'ladi. Ana shunday hosiyatli ekinni zaminimizda undirgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Alloh taolo paxta xirmonimizga ulkan baraka ato etsin.

Odiljon  NARZULLAYeV,

Yangiyo'l tumani Imom  Sulton jome masjidi imomxatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon mus'hafi ziyorati

05.05.2025   4181   2 min.
Usmon mus'hafi ziyorati

#Noyob_fotolar

• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.

1948 yil, Toshkent

•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 
 

• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.


• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.


•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi. 


• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi. 


Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi. 


• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.


• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi. 

t.me/muftiylaruz

O'zbekiston yangiliklari