O'zbekiston elchixonasi vakillari Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi tomonidan Malayziya texnik hamkorlik dasturi bilan birgalikda tashkil etilgan madaniyat va merosni asrash bo'yicha turizm strategiyasini ishlab chiqish mavzusidagi onlayn o'quv kursining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Onlayn-o'quvlarning ochilish qismida Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi bosh kotibi - Islom sayyohlik markazi raisi Nur Zari bin Hamat hamda mezbon mamlakatning Tashqi ishlar vazirligi vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizning Malayziyadagi diplomatiya missiyasi ko'magida mazkur treningda ishtirok etish uchun O'zbekiston turizm va sport vazirligi vakillari jalb etildi.
O'quvlar joriy yil 27 sentyabr' - 1 oktyabr' kunlari bo'lib o'tdi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikat berildi.
Nur Zari bin Hamat ushbu seminar Tashqi ishlar, Turizm, san'at va madaniyat vazirliklarining o'n beshinchi qo'shma loyihasi ekanini ma'lum qildi. O'tgan davr mobaynida bu tashabbus doirasida 200 nafarga yaqin xorijlik mutaxassis saboq oldi. Ma'ruzachi o'quv kurslari bitiruvchilarga ushbu yo'nalishdagi bilim va eng ilg'or amaliyotlarni egallashi uchun minbar bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.
Islom sayyohlik markazi raisi istiqbolli va daromadli yo'nalish bo'lgan musulmon sayyohlik bozorining salohiyatini ochish zarurati mavjud ekanini qayd etdi. Uning aytishicha, Malayziya 2015 yildan buyon «Global Muslim Travel» indeksida an'anaviy ravishda birinchi o'rinni egallab kelmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, 2019 yilda Malayziyaga 4 million musulmon sayyoh kelgan va ular mamlakat iqtisodiyotiga 5,33 milliard AQSh dollaridan ziyod daromad keltirgan.
Shuningdek, marosimda O'zbekiston musulmon turizmi global indeksida 6 pog'onaga ko'tarilib, 16-o'rinni egallagani ham e'tirof etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati