بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
Islomda Ustoz va ulamolarga ehtirom
Hurmatli jamoa! Ta'lim-tarbiya jamiyatimiz rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Mana shu og'ir yuk ta'lim ishi bilan bevosita shug'ullanadigan muallimlar zimmasiga tushadi. Dinimizda ustozning qadri va fazli ulug'dir. Chunki aynan o'sha zotlar kelajak avlodning shakllanishida katta o'rin tutadi. O'qituvchilarning mashaqqatli mehnatlari evaziga yosh avlodning ilmiga ilm, odobiga odob qo'shiladi. Payg'ambarimiz alayhissalomning quyidagi so'zlari o'qituvchilarning fazilati uchun etarli hisoblanadi:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالْأَرَضِينَ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتَ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ
(رواه الامام الترمذى عن أبى أمامة رضي الله عنه)
ya'ni: “Albatta, Alloh taolo, farishtalar, osmonlar va erlardagi zotlar, hatto inidagi chumolilar va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o'rgatuvchi kishilarga rahmat yo'llaydi va istig'for aytadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ta'lim-tarbiya ishi payg'ambarlarning vazifalaridan biridir. Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar:
إِنَّ اللَّهَ لَمْ يَبْعَثْنِي مُعَنِّتًا وَلَا مُتَعَنِّتًا وَلَكِنْ بَعَثَنِي مُعَلِّمًا مُيَسِّرًا
(رواه الامام مسلم عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Albatta, Alloh taolo meni odamlarni qiyinchilikka soladigan, ularning adashishini xohlovchi qilib emas, balki muallim va oson qiluvchi qilib yubordi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Yosh avlod muallimlar oldida omonatdir. Albatta, ularning ta'lim-tarbiyasi borasida ustozlar mas'uldirlar. Ular kelajakda komil inson bo'lib etishishlari uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlari zarur. Chunki hadisi sharifda shunday deyiladi:
كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ
مُتَّفَقٌ عَلَيهِ عن ابن عمر رضي الله عنهما
ya'ni: “Har biringiz rahbardirsiz va qo'l ostingizdagilardan mas'uldirsiz” (Muttafaqun alayh).
Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko'rsatish, ularni e'zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma'naviy-ma'rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo'lgan munosabatga qarab baholanadi. Jamiyatning ko'p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e'zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va etuk ma'rifatli bo'lib etishishida ularning xizmatlari kattadir. O'zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o'zining munosib o'rnini egallab, ta'lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o'zini ko'rsatib, xalqaro maydonda o'z mavqe'iga ega bo'lishida ustoz va murabbiylarning o'rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr' kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko'proq hurmat-izzat ko'rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi.
Ustozlarni qadrlash haqida so'z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so'zlari yodimizga tushadi:
Haq yo'lida kim senga bir harf o'qitmish ranj ila,
Aylamak bo'lmas ado oning haqqin ming ganj ila.
Demak, jamiyatda muhim o'rin tutgan, mashaqqatli kasb egalarining mas'uliyatlari qanchalik katta bo'lsa, ularning hurmatlarini saqlash ham xalqqa shunchalik burch bo'ladi.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar va odamlarga foydali ilmlarni ta'lim beruvchi muallimlarning Alloh taolo huzurida sha'nlari ulug', qadrlari yuksakdir.
Insoniyat uchun foydali bo'lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Zamonaviy bilimlardan dars beruvchi ustozlar ham yaxshi niyatlari sabab ajru savobga erishadilar.
Ulamo va ustoz murabbiylarni qadrlash va ehtirom qilish shar'an vojib amallardandir. Zero ular o'tgan ulug' zotlar va olimlarning merosxo'rlaridir. O'tgan olimlar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Ilmning fazilati haqida Imom Buxoriydan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlar: “Tushimda menga bir idishda sut keltirildi, qongunimcha ichdim, hatto tirnoqlarimdan sut chiqqanini ko'rdim”. Sahobai kiromlar so'radilar: “Yo Rasululloh, sutni nimaga yo'ydingiz?”. “Ilmga”, - dedilar Rasululloh alayhissalom”.
Ilm ahlini Alloh taolo Qur'oni karimning madh etib, shunday marhamat qilgan:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
(سورة المجادلة/11)
ya'ni: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” degan bo'lsa, “Zumar” surasida shunday deydi: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!” (Mujodala surasi 11-oyat).
Ya'ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo'lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, shunday degan: “Bilginki, ulamolarning go'shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o'limidan avval qalbini o'limi bilan baloga giriftor qiladi”.
Ya'ni, ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo'qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go'yo zaharli go'sht egandek bo'ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o'zidan avval qalbini ko'r qilib qo'yadi.
Alloma ibn Najjorning “Tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda shunday voqe'ni keltiriladi “Biz Bag'doddagi jome' masjidda o'tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so'rab dalilini talab qildi. Shunda unga so'ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekani aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo'ladigan odam emas” dedi. U gapini tugatib bo'lmasdan “jome'” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko'rgan odamlar qo'rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o'sha yigitni ta'qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil” deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim Ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo'lgan bo'lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir” degan.
Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko'plab shar'iy dalillardan xulosa qiladigan bo'lsak insonlarni, ayniqsa, ustozlar va ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g'iybat qilish, odamlar o'rtasida obro'sizlantirishga urunish shar'an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasihatlariga quloq tutish esa marg'ub va matlubdir. Har bir inson qo'lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo'lishga, o'zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo'lishga harakat qilishi lozim. Zero hazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko'rish ham diyonatdandir”.
Hurmatli jamoat! Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo'lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo'shilmoqchi bo'lsak, ilmga bo'lgan munosabatimizni Islom ta'limotlari asosida o'zgartirishimiz lozim. Hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
الكَلِمَةُ الْحِكْمَةُ ضَالَّةُ الْمُؤْمِنِ فَحَيْثُ وَجَدَهَا فَهُوَ أَحَقُّ بِهَا
(رواه الامام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Hikmatli kalima mo'minning yo'qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqlidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisda har qanday foydali ilm, garchi bir kalima bo'lsa ham mo'min-musulmon kishi uchun xuddi yo'qotib qo'yib, izlab yurgan qadrli buyumiga o'xshatilmoqda. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko'ra o'zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak.
Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o'zaro hamjihatlik ruhida sa'yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o'zgartirsak, ko'zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
...إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ ...
(سورة الرّعد/11)
ya'ni: “...Albatta, biror qavm o'zlarini o'zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o'zgartirmas...” (Ra'd surasi 11-oyat)
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug'ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko'pi aniq fanlarga to'g'ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.
Bugungi kun yoshlariga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba'zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yotish, undan unumli foydalanish lozim. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh:
الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ، كالنَّقشِ فِي الْحَجَرِ
ya'ni: “Yoshlikda o'rganilgan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir”, – deganlar.
Buyuk tobeinlardan Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh: “Yosh yigitlik davrimda nimani yodlagan bo'lsam, go'yo unga (yodlagan narsamga) varaqqa qaraganday bo'laman”. Ya'ni yoshlikda o'rgangan ilmim shunchalik qalbimda o'rnashdiki, uni qog'ozdan o'qigandek aytishim mumkin, der ekanlar.
Shuni unutmasligimiz kerakki, har bir ota-ona farzandiga birinchi ustoz hisoblanadi. Bu ustozlik farzand xoh bog'chada, xoh maktabda yo xoh oliygohlarda ta'lim olayotgan bo'lsa ham davom etishi kerak. Insof bilan o'ylab ko'raylik, qachon maktabdagi farzandimizning o'qishlari, kundaliklaridagi baholari, darsliklarining ahvoli bilan qiziqib ko'rdik. Qachon oliygohda o'qiyotgan farzandimizning darsga qatnashi, mutaxassisligini o'zlashtirishi, diplom ishlari bilan shug'ullandik. Agar farzandlarimizga hushyor va e'tiborli bo'lsak, hozirgi kunda quloqqa chalinib turgan pichoqbozlik, mushtumzo'rlik, mast qiluvchi va giyohvand moddalar iste'mol qilish, turli adashgan oqimlarga ergashish ancha barham topgan bo'lar edi.
Shunday ekan, har birimiz ustoz va murabbiylarni doimo hurmat va ehtirom qilib, farzandlar tarbiyasida ularga yordamchi bo'ladigan bo'lsak, yoshlarimiz biz o'ylagandan-da ilm-ma'rifatli, ta'lim-tarbiyali, el-yurtiga xizmat qiladigan etuk shaxslar bo'lib voyaga etadilar, inshaalloh.
Azizlar! Habaringiz bor, yurtimizda muqaddas dinimiz va ulamolarimizning boy merosini o'rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e'tibor qaratilib, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Ushbu markazda bir qancha xayrli loyiha va ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, markazda yurtdoshlarimiz foydalanishlari uchun katta kutubxona ham barpo qilinmoqda. Ushbu kutubxonada barcha noyob manbalar va ajdodlarimiz tomonidan yozilgan qadimiy qo'lyozma va toshbosma asarlar jamlanishi rejalashtirilgan. Ayni paytda yurtdoshlarimiz tomonidan uylarida saqlanayotgan qo'lyozma va toshbosma asarlarni ushbu markazga olib kelib, sotish yoki hadya qilish jarayoni davom etmoqda. Afsuski, ba'zi yurtdoshlarimiz qo'lyozma va toshbosma asarlarni saqlash qonun-qoidalariga rioya qilmasdan ularni uyda saqlab, shikast etkazib, natijada qo'lyozma va toshbosma asarlarning muqovasi va varaqlari chirib, achinarli holatlarga kelib qolganini guvohi bo'lmoqdamiz. Shuning uchun kimda mana shunday ajdodlarimizdan meros qolgan qo'lyozma va toshbosma asarlar bo'lsa, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi olib kelib, sotishlari yoki hadya qilishlari mumkin. Markazda ushbu ajdodlarimizning meroslari talab darajasida saqlanadi va kelajakda ulardan ko'plab kitobxonlar foydalanadi. Natijada, ushbu sadaqai joriya va savobli ishga bizni ham hissamiz qo'shilgan bo'ladi, inshaalloh.
Alloh taolo barkamol avlod va sog'lom jamiyat oldida katta mas'uliyat sohibi bo'lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sog'lik, g'ayrat-shijoat berib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.