بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
GIYoHVANDLIK – O'ZINI halokatga tashlaShDIR!
Bugungi kunda dunyoda bir qancha global muammolar yuzaga chiqdi. Shulardan biri giyohvandlikdir. Dinimiz insonning e'tiqodi, joni, ruhi, molini saqlagani kabi uning aqlini ham himoya qiladi. Inson ibodatlarni ado qilishi uchun komil aqlga ega bo'lishi kerak. Olimlar mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarni ichishni “Ixtiyoriy jinnilik”, deb atashadi. Chunki giyohvand o'z ixtiyori bilan aqli hushini yo'qotadi. Giyohvandlik haqida ham muqaddas dinimizda kerakli ko'rsatmalar berilgan.
Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O'zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri sifatida toza pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:
... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِالْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...
(سورة الآعراف/157)
ya'ni: “... U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A'rof surasi 157- oyat).
Dinimiz halol qilib bergan narsa pokdir. Pokiza rizq topish uchun harakat qilish esa ibodat darajasidadir. Agar buning aksi, bo'lsa o'sha narsa harom va uni iste'mol qilgan kishilar gunohkor bo'ladi. Darhaqiqat, insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:
"نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَمُفْتِرٍ
(رواه الإمام ابو داود)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hozirda ayrim yoshlar orasida (“Tramadol”, “Lirika” kabi) psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor. Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam boshqa bir hadisda bunday deganlar:
كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ مُسْكِرٍ حَرَامٌ
رواه الإمام مُسلم عَن ابْن عمرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهما
ya'ni: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu hadis bilan ham giyohvandlikning har qanday ko'rinishi harom ekanligi ma'lum bo'ldi. Shunga ko'ra mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar ham giyohvand moddalarga tegishlidir. Giyohvandlik kishini sekin sekin (gohida esa tezda) o'limga olib keladi. Bu narsalarni iste'mol qilish bilan o'z joniga o'zi qasd qilgan bo'ladi.Bu esa gunohi kabiradir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
لَعْنُ المُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنْيَا عُذِّبَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
(رواه الإمام الدارامي عن ثابتِ بن الضَحَّاكِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه)
ya'ni: “Mo'minni la'natlash uni o'ldirishga o'xshaydi. Dunyoda kim o'zini biror narsa bilan o'ldirsa, qiyomatda o'sha narsa bilan azoblanadi” (Imom Doramiy rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! 2021 yilning birinchi yarmida giyohvandlikka qarshi kurashish yo'nalishida amalga oshirilgan tezkor-tadbirlar natijasida giyohvandlik bilan bog'liq jami - 302 ta holatlar aniqlanib, noqonuniy muomaladan qariyb 74 kg giyohvand moddalari olingan. Bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 20% ortgan bo'lib, bu esa yildan yilga giyohvandlik bilan bog'liq jinoyatlar ko'payib ketayotganligini anglatadi.
Giyohvandlikning zararlari esa behisobdir. Giyohvandlik shaxs va jamiyatning mol-mulkiga va boyligiga ham mislsiz zarar etkazadi. U tinch-totuv oilalarni ajrimiga sabab bo'ladi, bolalarni etim va nogiron qiladi, qashshoqlik, muhtojlikda yashashga mahkum etadi. Oxir oqibat kasallik, uzoq muddat qamoqxona yoki o'lim bilan yakunlanadi. Bir jonni o'ldirish esa, u bevosita yoki bilvosita, sekin yoki tez bo'lsin, dinimizda qat'iy qaytarilgandir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday buyurgan:
وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ
ya'ni: “Va o'zingizni o'zingiz o'ldirmang” (Niso surasi 29-oyat)
Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida: “Zahar ichib o'z jonini qatl etgan kimsa jahannam olovida zaharini mangu ichadi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Islom dini inson manfaati va huquqlari to'la ta'minlashini targ'ib qiladi. Chunonchi, dinimizda inson salomatligi uchun, umuman odamning o'zi va atrofdagilarga zararli bo'lgan ishlar harom qilingan. Jumladan, hozirda ayrim yoshlar o'rtasida avj olayotgan chilim chekish odati ham shariatimiz tomonidan qat'iy qoralanadi. Chunki ushbu odat inson salomatligiga zararli, hatto insonni halok qiluvchi ekani, rak va boshqa xavfli kasalliklarga sabab bo'lishi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan.
Muhtaram jamoat!Aminmizki, oramizda giyohvandlikka moyil kishilar yo'q. Biz ushbu ma'lumotlarni eslatishimizdan maqsad jamiyatimizda, xususan yoshlarimiz orasida uchrayotgan ushbu illatlardan ogoh bo'laylik.
Hozirda ayrim mahallalarda ba'zi yoshlar turli dori vositasiga odatlanishlari bizning loqaydligimiz ortidan kelib chiqmayaptimi?! Yarim kechasi mahalla-ko'ylarda bexuda yurgan, pana-past joylarda yashirin ishlar bilan o'tirgan yoshlarga o'z vaqtida tanbeh berishimiz, ularni zararli illatlardan ogohlantirishimiz musulmonlik vazifamizdir.
Shuningdek, chirkin va harom narsalar savdosi bilan tez boy bo'lib qolishni istagan, qanchadan-qancha kishilarni umriga zomin bo'layotgan kishilarga befarq qarab turish ham mumkin emas. Yoshlarimizni zaxarlab, dori vositalarini savdosi bilan shug'ullanayotgan nokaslar haqida tegishli mas'ullarga o'z vaqtida xabar berishimiz, ularni jinoyatini fosh qilishda huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarga o'z vaqtida yordam qilishimiz ham farz, ham qarz ekanini unutmaylik. Har birimiz farzandlarimiz hamda yon-atrofimizdagi yoshlarning tarbiyasiga beparvo bo'lmay, ularni ham gunoh va ma'siyat ishlardan ogohlantiraylik. Zero, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ
(رواه الإمام مسلم)
ya'ni: “Sizlardan kim munkar – yomon ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar unga qodir bo'lmasa, tili bilan qaytarsin...”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharifga binoan, giyohvandlikka qarshi kurash hammamizning burchimizdir. Bu qabih ishni bilgach, o'zini oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o'ylagan har bir kishi harom va gunoh ishlarga qarshi faol bo'lishi zarur.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, dori-darmon savdosi bilan shug'ullanayotgan ayrim shaxslar “Tramadol”, “Lirika” kabi psixotrop dorilarni katta partiyada xarid qilayotganlar aslida ularni giyohvandlarga sotish uchun olayotganini go'yoki bilmagandek bo'lishlari ham harom bo'lib, dunyoviy jihatdan jinoyatga, shar'iy jihatdan gunohga sherikchilik hisoblanadi. Zero, dinimizda insonlarga zarar uchun savdo qilish aslo mumkin emas. Qolaversa, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
ya'ni: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).
Shunday ekan, doimo o'zgalarga foydasi tegadigan va xayrli ishlarda hamkorlik qilaylik va gunoh hamda o'zgalarga zarari bor narsalarni tarqatish va ularni ko'paytirish yo'lida aslo hamkorlik qilmaylik. Aks holda qilmishimizga yarasha ikki dunyoda ham javobgar bo'lamiz. Alloh saqlasin!
Muhtaram jamoat! Har birimiz farzandlarimiz va yoshlarimizning tarbiyasiga, ularning kimlar bilan o'rtoq bo'layotganiga jiddiy e'tibor qaratishimiz darkor. Zero, farzandlarimizni to'g'ri tarbiyalanishi uchun do'stlarini roli juda katta. Shuning uchun ham Imom Abu Homid G'azoliy rahimahulloh:
"أَصْلُ تَأْدِيبِ الصِّبْيَانِ الْحِفْظُ مِنْ قُرَنَاءِ السوء"
ya'ni: “Yoshlarni to'g'ri tarbiyalash – ularni yomon do'stlardan saqlash bilan bo'ladi”, deganlar (“Ihyou ulumid din” kitobi).
Shayx Sa'diy Sheroziy rahmatullohi alayh “Guliston” kitoblarida do'stning ahamiyati haqida quyidagi ibratli misrani keltirganlar:
ﭘِسَرِ نُوحْ بَابَدَانْ بِنِشَسْتُ خَانَدَانِ نُبُوَّتَشْ ﮔُومْ شُودْ
ya'ni: “Nuh alayhissalomning (Yom ismli) farzandlari yomonlar bilan birga yurib, payg'ambarlikdan mahrum bo'ldi”.
Ya'ni, tarixdan ma'lumki, Nuh alayhissalomning barcha farzandlari payg'ambar bo'lganlar, faqat Yom ismli farzandlari yomon kimsalarga qo'shilib, bu buyuk martabadan- payg'ambarlikdan mahrum bo'ldi.
Demak, Payg'ambarning o'g'illariga yomon do'stlarning ta'siri bo'lganidan keyin bizu sizning farzandlarimizga yomon do'stlarning ta'sir qilishi aniq albatta. Yoshlarni nashavandikka o'rgatadigan va bunday ajal urug'i savdosiga aralashtiradigan kimsalardan farzandlarimizni ehtiyot qilish barchamizning muhim vazifamiz hisoblanadi.
Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma'naviy barkamollik sari yo'naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o'zi madadkor bo'lsin.
Azizlar! Ma'ruzamizning davomida hozirgi kunda eng ko'p so'ralayotgan masalalardan biri bo'lmish namoz o'qiyotgan kishining oldidan o'tish borasidagi O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining javobini e'tiboringizga havola qilamiz:
Savol: Namoz o'qiyotgan odamning oldidan kesib o'tib bo'lmaydi deb o'qigan edim. Bir odam uzoqdan kesib o'tsa bo'ladi dedi. Shu to'g'rimi?
Javob: Agar namozxonni sajdaga qarab turgan holatida oldidan o'tayotgan kishini ko'zi ilg'amaydigan darajada uzoqroq joydan o'tsa buning zarari yo'q. Aks holda uning oldidan o'tishi joiz emas. Abu Juhaym raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Agar namozxonning oldidan o'tuvchi kishi o'ziga nima gunoh bo'lishini bilganida edi, namozxonning oldidan o'tishdan ko'ra qirq (yil, oy, kun) to'xtab turish uning uchun yaxshiroq bo'lar edi”, dedilar”. Abu Nazr (hadisni Busrdan rivoyat qilgan roviy:) “Qirq kun” dedimi, yoki “oy”, yo “yil”mi, bilolmadim”, degan” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan).
Namozxonning oldidan biror kimsa o'tishi xavfi bo'lsa namozini boshlashidan avval oldiga biror to'siq qo'yib olishi kerak bo'ladi. Buni shariatimizda sutra deb ataladi. Devor, ustun, nayza, aso, boshqa biror narsa sutra bo'lishi mumkin.
Sutraning eni kamida barmoq qalinligicha va balandligining eng kami bir ziro (ya'ni ≈46,2 sm) bo'lishi kerak. Oyoq bilan sutraning oralig'i namozxon bemalol sajda qila oladigan miqdorda bo'lishi lozim.
Agar namozxonning oldidan biror narsaning o'tish ehtimoli bo'lmasa, namoz o'qilayotgan joy yo'l bo'lmasa, sutra qo'ymay namoz o'qisa ham bo'ladi.
Agar sutra bo'lmasa yoki o'tuvchi namozxon bilan sutrasining orasidan o'tsa, namozxon uni “Subhanalloh!” deb tasbeh aytishi yoki ishora qilishi bilan qaytaradi. Ayol kishilar esa o'ng qo'lini chap qo'liga urib, qarsak kabi ovoz chiqarish ila qaytaradilar.
Namozxonning oldidan odam yoki hayvon o'tishi bilan namoz buzilmaydi, lekin yuqorida aytilganidek, o'tuvchi shaxs gunohkor bo'ladi. Jamoat bilan o'qilayotgan farz namozda imomning sutrasi qavm uchun ham etarli bo'ladi. Shuning uchun, kishi safni to'ldirish yoki tahorati sinib qolganda tashqariga chiqish uchun iqtido qilguvchilarning oldidan ya'ni saflar orasidan kesib o'tishi joiz. (Manba: “Fatovoi hindiyya” kitobi).
Alloh taolo yurtimizni tinch va xalqimizni farovon qilib, barchamizga ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan