Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la Rasulillah
Rajab oyi nihoyasiga etib, Sha'bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo'llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha'bon deb nomlangan.
Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko'rish oyi sanaladi. Sha'bon oyi Qur'on ko'p tilovat qilinadigan va ko'p ro'za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko'p ro'za tutardilar.
Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha'bondagidan ko'p ro'za tutmas edilar. Zotan, u zot sha'bonning hammasida ro'za tutar edilar" (Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g'aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko'tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha'bonda ro'za tutganingizdek ro'za tutganingizni ko'rmadim", deb so'radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g'ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a'lamiynga ko'tariladi. Mening amalim ko'tarilayotganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Ulamolar: "Sha'bon oyida bir yillik amallar Allohga ko'tariladi", deganlar.
O'tgan solihlar bu oyda yanada ko'proq Qur'on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha'bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur'oni karim tilovati bilan band bo'lardilar. Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha'bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.
Shuningdek, o'tgan solihlar bu oyda miskinlarga g'amxo'rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag'allar Ramazon oyini ko'tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.
Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha'bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur'oni karimning tilovatini ko'paytirishga juda qattiq e'tibor berardilar".
Bir so'z bilan aytganda, sha'bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha'bon oyingiz muborak bo'lsin!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati