27 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Halqaro musulmon ulamolar kengashi raisi, shayx, prof., dr. Aliy Muhyiddin Qoradog'iy hazratlarini qabul qildilar.
Fayzli suhbat chog'ida Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari dr. Aliy Muhyiddin Qoradog'iy janoblariga 2023 yil 25-26 noyarb' kunlari bo'lib o'tgan nufuzli tadbirlar va xalqaro konferentsiyalarda faol ishtiroklari uchun minnatdorlik bildirib, u kishi tomonidan bildirilgan muhim takliflarni yuqori baholadilar.
O'z navbatida, rais janoblari taklif uchun tashakkur aytib, Toshkent va Buxoro shaharlarida bo'lib o'tgan tadbirlar juda yuqori saviyada o'tkazilganini bildirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma'rifiy sohaga alohida e'tibor qaratilayotganini barcha ulamolar tomonidan e'tirof etilganini alohida qayd etdi.
Qoradog'iy hazratlari O'zbekistonda ayol-qizlarni ilm-ma'rifatli bo'lishiga katta e'tibor berilayotganini yuqori baholab, ularni bilimli bo'lishi farzandlar tarbiyasi va jamiyat farovonligida juda muhim ekanini izohladi. Bundan tashqari, musulmon dunyosida mo''tadillik, bag'rikenglik tamoyillarini keng targ'ib qilish va buzg'unchi g'oyalarga qarshi kurashish zarurligini qo'shimcha qildi.
Martabali mehmon O'zbekiston tinchlik-xotirjamlik belgisi bo'lib, tabarruk yurtdagi ziyoratlari chog'ida odamlarni tinch-osuda hayot kechirayotgani, yoshlarning ilmga chanqoqligi, bu yurtning olimu ulamolari hurmat va ehtiromdaligi tahsinga loyiq ekanini ma'lum qildi.
Shuningdek, Alloh taoloning kalomidagi “Iqro” xitobiga mos ravishda O'zbekiston zaminida ilm-ma'rifat, ta'lim-tarbiya va insonga e'tibor kabi tamoyillarga urg'u berilishini yuqori baholadi. Shuningdek, kelajakda O'zbekiston yana ilm-ma'rifat markaziga aylanishiga ishonch bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.