Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
«Qadar» so'zi «o'lchov» ma'nosini anglatadi. Islom aqiydasida esa Alloh taolo azalda O'z ilmi va irodasi ila har bir narsani o'lchovli qilib qo'yganiga e'tiqod qilishni bildiradi.
Ulamolar qazo va qadarni quyidagicha ta'riflaydilar:
«Qazo – Alloh taolo hamma narsalarning kelajakda qanday bo'lishini azaldan bilishidir».
«Qadar – o'sha narsalar Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir».
Ahli sunna val jamoa mazhabiga binoan, balog'atga etgan musulmon Alloh taolo bandalarning hamma ishlarini, maxluqotlarga bog'liq narsalarning barchasini avvaldan bilishiga iymon keltirishi vojib bo'ladi.
Qazo va qadar aqiydasi Allohga iymon keltirish asosidagi Islom aqiydalaridan biri hisoblanadi. Bu aqiyda to'g'ri ma'rifat asosida Alloh taoloni kamol sifatlari bilan sifatlashga asoslangan.
Ana o'sha sifatlarning biri – Allohning ilmi, u ilmning cheksizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir.
Qazo va qadar aqiydasi Alloh taoloning ana shu sifatlariga asoslangan aqiydadir. Shuning uchun ham qazoi qadarga iymon bo'lmasa, Allohga bo'lgan iymon tugal bo'lmaydi.
Darhaqiqat, Alloh taolo hamma narsani biladi. Uyasi ichida g'imirlayotgan chumolining harakatiyu o'z yo'lida harakat qilayotgan sayyoralardan ham boxabar. U Zotning ilmidan hech narsa chetda qolmaydi. Alloh taolo dunyodagi har bir zarra va uning harakatini ham bilib turadi.
Shuningdek, qiyomatgacha nima bo'lishi ham Allohga ma'lum. Agar ularni bilmasa, U Zotning barkamollik sifatiga nuqson etgan bo'lardi.
Qadarga bo'lgan ishonch o'z egasini doimo harakatda bo'lishga chorlaydi. U o'z foydasini harakatdan topadi. «Bu ishim besamar bo'lmasa, keyingisi natija berar», deb doimo yaxshi umidda ish olib boradi, chunki unga nima taqdir qilingani ma'lum emas, belgilari ham yo'q. Qadarga bo'lgan ishonchning hikmatlaridan yana biri inson boshiga musibat tushganida qayg'uni engillashtirishidir. Shuningdek, qazo va qadarga iymon keltirgan inson o'z hayotida muvaffaqiyatlarga erishgan chog'ida ham o'zini yo'qotib qo'ymaydi. Barcha narsani Allohdan deb bilib, musibat etganda sabr qiladi, yaxshilikka erishganda shukr qiladi.
Albatta, iymonning boshqa ruknlari kabi qadarga iymon ham inson baxt-saodati uchun xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.
Islomda insonning aqiydasi borasidagi barcha masalalar allaqachon hal bo'lgan. Bu borada musulmonlar boshqalarga o'xshab hardamxayol bo'lmaydilar. Dunyodagi eng to'g'ri e'tiqodda, Alloh taoloning O'zi bayon qilib bergan aqiydada ekanliklariga to'liq ishonch bilan saodatli hayot kechirib boraveradilar. O'zlarining tashvishga, xavotirga va ikkilanishga qolmasliklarini yaxshi biladilar.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV