Payg'ambarimiz sollallohu alayh vasallam: “Beshikdan to qabrgacha ilm talab qilinglar”, deganlar. Bu amr umumiy bo'lib, yosh-u keksalarga barobardir.
Demak, ilm talab qilmoq uchun ma'lum bir yosh tayin qilinmagan va har kim har-xil yoshda ilmni tahsil qilish imkoniga ega. Oqil inson esa ana shu imkoniyatdan unumli foydalanadi. Bundan tashqari, ilm izlash chegara bilmas huzur bag'ishlaydi.
Hasan ibn Ziyod fiqh ilmi bilan shug'ullanishni boshlaganida sakson yoshda edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayh vasallam ashoblarining ko'plari keksa bo'lsa-da, Islomni qabul qilib, so'ngra ilm tahsili bilan mashg'ul bo'lganlari hammamizga ma'lum. Ammo imkoniyatga qarab yoshlikdan tahsilni boshlamoq maqsadga muvofiq.
Tolibning fahmi etadigan, anglab olishiga yaqin, engilroq bo'lgan saboqdan boshlash kerak. Agar o'tgan mashoyixlarning uslublarini ko'llab dars berilsa, eng to'g'ri yo'l va foydaliroq bo'lar edi, – deydi Shayxul Islom, buyuk imom Sharafuddin al-Uqayliy (r.a.) hazratlari. Chunki ular ta'limni boshlovchiga kichik-kichik, keng yoritilgan manbalarni ixtiyor qilganlar. Zero, bu yod olish, tushunib olishga ham engil va qulay bo'lib, malol va og'ir kelishdan uzoqdir. Dars o'zlashtirib, pishiq takrorlagandan keyin, yangi saboqni ulab ketmog'i shartdir. Darsni uzib qo'yishdan saqlanishi zarur. Talaba daftariga o'zi tushunmaydigan narsani zinhor yozmasin! Chunki bu toliqishni, keyinroq esa erinchoqlikni keltiradi. Zehnni ketkazadi va vaqtni zoye o'tmog'iga sabab bo'ladi.
Dars tayyorlashlik uchun eng qulay vaqt sahar vaqti va shom bilan xufton namozining o'rtasidir. Chunki saharda insonning zehni, fikri o'tkir va tiniq bo'ladi hamda butun olam sukunatga, tinchlikka sho'ng'igan bo'ladi. Bu holat esa tolibi ilmga ilhom baxsh etadi.
Albatta, tolibi ilm shu ikki vaqt bilangina kifoyalanib qolmasdan, balki butun vaqtini imkoniyati boricha, dars tayyorlashga baxshida qilishi lozimdir. Agar bir darsi unga malol kelsa, boshqasi bilan mashg'ul bo'lsin, unisi malol kelsa, yana boshqasi bilan. Muhammad ibn Hasan Rahmatullohi alayh tun bo'yi uxlamas edilar. Yonlarida doimo daftar bo'lib, agar bir dars malol kelsa, boshqasiga qarar, bunisi ham malol kelsa, yozish bilan mashg'ul bo'lar edilar. Yonlarida doimo suv ham turar edi, agar uyqu g'olib kelsa, suv bilan uyqularini ketkazar edilar.
Ma'lumki, inson hayoti o'lchovlidir. Vaqtning qadriga etgan, uni hurmat qilgan kishi o'zini, o'z umrini hurmat qilgan hisoblanadi. Har kim har vaqtda o'zi o'ylagan ishni bajara olmaydi. Zotan ba'zida paydo bo'lib qoladigan bo'sh vaqtlarda o'sha bitira olmagan ishlarni bajarib olishga imkon tug'iladi. Mo'min kishi mana shunday bo'sh vaqtlarni ham Allohning ne'mati deb bilmog'i lozim. Aksincha, vaqtga beparvo bo'lish umrning zavolidir.
Imomiddindomla Boboqulov,
Imom Termiziy o'rta maxsus islom
ta'lim muassassasi o'qituvchisi
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz