Sohibi uzrga tegishli hukmlar
12.02.2024
862
4 min.
Cavol: Sohibi uzrga tegishli qanday hukmlar bor?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Sohibi uzrga tegishli hukmlar quyidagilar:
- Sohibi uzr har bir farz namoz vaqti uchun yangi tahorat oladi va ushbu tahorati bilan mazkur farz namozining vaqtida istaganicha namoz o'qiyveradi. Qachonki ushbu namozning vaqti chiqsa, uning tahorati singan hisoblanadi va keyingi farz namozi uchun yana qaytadan tahorat oladi.
- Sohibi uzrning bomdod namozi uchun olgan tahorati quyosh chiqishi sababli botil bo'ladi. Ammo quyosh chiqqanidan keyin tahorat olgan bo'lsa va uzridan boshqa tahoratni sindiruvchi ish sodir bo'lmasa, uning tahorati peshinning vaqti chiqqanidagina sinadi. Chunki sohibi uzrning tahoarati vaqt kirishi bilan emas, balki namozning vaqti chiqishi bilan singan hisoblanadi.
- Bir kishi masalan: peshin namozi vaqtining yarmida tishi qonashni boshlasa va peshinning oxirgi vaqtiga qadar qon to'xtamasa, so'ng u tahorat qilib, peshinni o'qisa, keyin asrning vaqti kirsa va yangi tahorat olib, asrni o'qisa, so'ng asr vaqtining yarmida yoki oxirida qoni to'xtasa, ushbu odam peshinni ham, asrni ham qaytadan o'qiydi. Chunki uning uzri to'liq bir farz namozining vaqtini qoplab olmagani uchun, har ikkala namozni ham betahorat o'qigan bo'ladi. Agar mazkur holatda uning qoni asrning oxirgi vaqtigacha ham to'xtamay davom etsa va shomni vaqti kirganida ham qon oqishi davom etsa, u holda uning o'qigan peshini ham asri ham joiz hisoblanadi.
- Sohibi uzr bir farz namozining oxirgi vaqtiga yaqin tahorat olsa va tahorat olayotganida yoki undan keyin betahoratlik etmasa, ya'ni uzri to'xtab tursa, mazkur tahorati bilan keyingi namozni o'qisa bo'ladi. chunki vaqtning chiqishi aslida tahoratni sindiruvchi amal emas, balki sohibi uzrning tahorati vaqt chiqishi tufayli sinadi, deyilishining sababi shuki uning sobiq tahoratsizligi yuzaga chiqadi.
- Sohibi uzrga uzridan boshqa hadas, ya'ni tahoratni sindiruvchi ish etsa, u holda uning tahorati sinadi va boshqa tahorat olishi shart bo'ladi.
- Sohibi uzr uzri yo'q kishilarga imomlik qila olmaydi.
- Sohibi uzr o'zi bilan uzri bir-xil kishiga imomlik qilsa bo'ladi. Ammo uzri boshqa bo'lsa, yoki uzri og'irroq bo'lsa, o'zidan uzri engil kishiga imomlik qilsa bo'lmaydi.
- Sohibi uzr imkon qadar uzrini to'xtatishga harakat qilishi kerak. Masalan: qon oqayotgan joyni bog'lab, yoki biror narsa yopishtirib bo'lsa ham, betahoratlikni to'xtatishga harakat qilishi kerak. Shu kabi tik tursa betahoratlik etadigan va o'tirsa to'xtaydigan bo'lsa, o'tirib namoz o'qiydi. Agar ruku' va sajda qilsa, betahoratlik etadigan bo'lsa, imo-ishora bilan namoz o'qiydi. O'tirib imo-ishora qilsa, tahorati ketib, tik turgan holatda imo-ishora bilan o'qisa, tahorati sinmaydigan bo'lsa, tik turib imo-ishora bilan o'qiydi. Chunki namozni tahoratsizlik bilan o'qishdan ko'ra, uning ba'zi ruknlarini tark qilib bo'lsada, tahorat bilan o'qish avlodir.
- Sohibi uzr kiyimiga tekkan najosatni yuvsa, namozni o'qigunicha yana najosat bo'ladigan bo'lsa, masalan: siydik tomib turgan bo'lsa, libosini yuvgani bilan, yana siydik tomib, najosat bo'ladigan bo'lsa, u holda kiyimini yuvishi lozim bo'lmaydi. Ammo boshqa joyiga tekkan najosatlarni yuvishi lozim bo'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING