frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur'oni karimning 8 haqqi

07.09.2021   8560   6 min.
Qur'oni karimning 8 haqqi

Ulamolar aytishicha, Qur'onning musulmon banda ustidagi haqlari quyidagilar:

  1. Qur'onga imon keltirish. Qur'oni karim Alloh tarafidan nozil qilinganiga imon keltirgan banda mo'min hisoblanadi. Parvardigorimiz shunday marhamat qilgan: “Ey mo'minlar, Allohga, Uning Payg'ambariga va O'z Payg'ambariga nozil qilgan Kitobga (Qur'onga) hamda U Zot ilgari nozil qilgan (barcha) kitobga imoningiz komil bo'lsin! Kim Allohga, farishtalarga, kitoblariga, payg'ambarlariga va oxirat kuniga kofir bo'lsa, demak, u juda qattiq adashibdi” (Niso surasi, 136-oyat).
  2. Qur'on o'qish.Qur'onni tilovat qilish eng katta haqlardandir. Alloh taolo Rasuli akram va u zotning ummatlarini Qur'on o'qishga buyurgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida Qur'on o'qish fazilatlari haqida xabar berganlar. Kishi Qur'onni to'g'ri o'qish uchun asosan ikki narsa talab qilinadi:
  • Arabcha harflarni to'g'ri talaffuz qilish;
  • Tajvid ilmini amaliy jihatdan o'zlashtirish.

Ulamolar, mo'min-musulmon kishi Qur'onni oyda bir marta xatm qilishini tavsiya etishgan. Qur'on tilovati har bir mo'minning kundalik vazifasi bo'lishi kerak. Qur'on faqat qorilar yo keksalar o'qiydigan Kitob emas. Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan har bir banda bilishi kerak Qur'on o'qishni. Agar haftada ma'lum kunlarni Qur'on o'qish va o'rganishga sarflaganimizda, oramizda Qur'on o'qishni bilmaydigan inson qolmasdi.

Allohning Kitobi Qur'oni karimni tilovat qilish unga ko'z yugirtirib chiqish yoki yodlaganini tushunar-tushunmas takrorlash emas. Qur'onni butun vujud bilan his etgan holda o'qiladi. Buni tadabbur deyiladi.

  1. Qur'on yodlash. Qur'on yodlash juda fazilatli amaldir. Hadisi shariflarda, Qur'onni qalbga jo qilishning foydalari haqida so'z yuritilgan. Jumladan, qori jannatda Qur'on oyatlarini o'qib, martabasi ko'tarilib borishi, yodlagan oxirgi oyatni o'qigan joyi uning eng yuqori darajasi bo'lishi aytilgan. Ulamolar, “Qur'onni to'liq yod olish farzi kifoya. Namozni o'qishga etadigan darajada sura va oyatlarni yodlash esa farzi ayndir”, deyishgan. Shuning uchun har bir musulmon banda namozni to'kis ado etishi uchun ma'lum sura va oyatlarni puxta yodlab olishi lozim.

Qur'on yodlashning mas'uliyati katta. Qur'onni diliga joylagan banda Qur'onni muttasil takrorlab turadi. Qur'onni yodlab, uning haqlarini poymol qiladigan, e'tiborsizlik bilan yodlaganlarini unutib yuboradigan “qori”lar ogohlantirilgan.

Rivoyat qilinishicha, solihlardan biri o'lim to'shagida yotgan holida o'g'liga:

– O'g'lim! Menga Qur'onni olib kel, birgina oyatni unutib qo'ydim. O'shani eslamoqchiman!, dedi. Shunda o'g'li hayron bo'lib:

– Otajon, birgina oyatni eslashingizdan qanday naf bor?! – dedi. Solih ota jigarbandining savoliga:

– O'sha oyatni eslagan holda Alloh bilan uchrashishim undan g'ofil holda yo'liqishimdan yaxshiroq! – deb javob bergan ekan.

Vafotidan oldin ilmga rag'bat qilgan ulamolar hayotidan ibratli hikoyalar keltiriladi. Bu ham musulmon banda ilm-ma'rifatga intilishi, eng avval, Parvardigorining Kitobini o'qishni o'rganishi, undan imkon qadar yodlashi kerakligiga ishoradir.

  1. Qur'on tilovatiga quloq solish. Qur'oni karim o'qilganida, odam jim turib, Qur'onning oyatlariga quloq tutiladi, unda nima deyilayotganiga e'tibor beriladi, Alloh da'vatiga ijobat etiladi. Qur'on o'qilayotganda turib ketish, tilovatga beparvo bo'lish musulmon odamga yarashadigan ish emas. Ayniqsa, jamoat namozlarida bunga e'tibor berish kerak.

Odamlar orasida obro''-e'tiborga ega shaxs gapirayotganda uning gapini bo'lish yoki ma'ruzasiga xalaqit berish qanday odobsizlik-a. To'g'rimi? Endi butun olamlar Parvardigori Allohning Kalomi o'qilayotganda gaplashish, tilovatga beparvo bo'lish qanday hurmatsizlik ekanini tasavvur qilib ko'ring!

  1. Qur'onni tadabbur (tafakkur)qilish. Alloh taolo Qur'on o'qiganda uning oyatlarini tadabbur qilishga buyurgan. Oyatlarni tadabbur qilmaydigan kimsalarga tanbeh berilgan. Qur'onni tadabbur qilgan odam unda biron ixtilof yo'qligini, bir oyat boshqa bir oyat ma'nosiga muvofiq kelishini anglab etadi.

Alloh taolo Qur'oni karimni o'qish uchun tillarga oson, oyatlarini tushunib ibrat olish uchun fasohatli arab tilida nozil qilgan. Agar inson Qur'onni yaxshi tushunganida, uni tilovat qilishdan, Qur'on o'qishdan to'ymasdi. Demak, Qur'onga bo'lgan muhabbatimiz ziyoda bo'lishi uchun uni to'g'ri o'qish va o'qiganlarimizni uqish talab etiladi.

  1. Qur'on ko'rsatmalariga amal qilish. Qur'onning nozil qilinishidan ko'zlangan asosiy maqsadlardan biri – ko'rsatmalariga rioya etish, desak mubolag'a bo'lmaydi. Zero, boshqa haqlar Qur'onga amal qilish haqiga bog'liq: Qur'onni o'qigan, eshitgan, tushungan, Qur'onni e'zozlagan odam Qur'onga amal qiladi.
  2. Qur'on ilmlarini odamlarga etkazish. Qur'on ilmlarini bilgan odam uni boshqalarga ham o'rgatadi, ilmni tarqatadi. Shariat ilmli kishilardan shuni talab etadi. Ilm shu bilan odamlar orasida yoyiladi. Masalan, kimdir tajvid ilmidan xabardor. U insonlarga Qur'on o'qishni ta'lim beradi. Yana kimdir, tafsir ilmini biladi. Bunday odam o'zgalarga Qur'on ma'nolarini tushuntirib beradi. Hullas, har kim imkoni darajasida Qur'on ilmlari tarqalishida hissa qo'shadi. Hadis sharifda aytilishicha, Qur'onni avval o'zi puxta o'rganib, keyin boshqa musulmonlarga o'rgatgan inson musulmonlar ichida eng afzali sanaladi. Alloh taolo Qur'on yo'lida xizmat qilgan kishilar martabasini juda baland ko'targan.

Endi o'zimizga savol beraylik: ichimizda necha foizimiz Qur'on o'qishni biladi? Qancha odam Qur'onni boshidan oxirigacha bexato o'qiy oladi? Necha kishi Qur'onning ma'nolarini, hukmlarini dars qilib o'qigan yoki o'qimoqda? Nima uchun Qur'on o'qimaymiz? Nima uchun ustimizga xotirjamlik, xayr-baraka, tinchlik-xotirjamlik tushishini istamaymiz? Axir Qur'on kasalliklarimizga shifo va rahmat qilib nozil qilingan-ku! Musulmonman, degan har bir inson, kunda-kunora Qur'on o'qiydi, uni o'rganadi, o'qiganini tushunishga harakat qiladi.

  1. Qur'on bilan davolanish. Mana shu haq ulamolar tarafidan alohida zikr qilinadi. Sababi, Qur'on mo'min bandalar uchun shifodir. Bandalar Qur'on bilan qalblaridagi ma'naviy illatlarga davo topadilar. Jumladan, e'tiqoddagi toyilish, hasad, kibr, nifoq, xudbinlik kabi ma'naviy illatlar aynan Qur'on bilan davolanadi.

Odilxon qori Yunusxon o'g'li

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   16880   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws