6 sentyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 3 ta oliy diniy ta'lim muassasasi va 10 ta o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida 2021-2022 o'quv yilining boshlanishi va O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbirlari bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo'yicha qo'mita rahbar va mac'ul xodimlari, viloyat vakillari, martabali mehmonlar, o'qituvchi va talabalar, ota-onalar ishtirok etdi.
Marosimlar davlat madhiyasi, Qur'on tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. So'ngra ta'lim muassasalari rahbarlari va martabali mehmonlar so'zga chiqib, talabalarni mutaqillikning 30 yillik bayrami, yangi 2021-2022 o'quv yilining boshlanishi va qabul imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tib, ta'lim muassasalarining birinchi kursiga o'qishga kirgan talabalarni bilan tabriklab, duoi xayrlar qildilar.
Shundan so'ng ta'lim muassasalarining barcha guruhlarida “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida “Mustaqillik darsi” o'tkazildi. Ushbu darslar maxsus video slaydlar asosida olib borildi.
Ma'lumot uchun, 2021-2022 o'quv yili uchun oliy diniy ta'lim muassasalariga 216 nafar, o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga 270 nafar, jami 486 nafar abituriyentlar talabalikka qabul qilindi.
Eslatib o'tamiz, hozirda barcha oliy va o'rta-maxsus diniy ta'lim muassasalarida jami 2212 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga 425 nafar malakali pedagog-o'qituvchi dars bermoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.