بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين، والصلاة والسلام على خاتم النبيين، وعلى إخوانه الأنبياء والمرسلين، وعلى آله وصحبه أجمعين،أَمَّا بَعْدُ
YoShLARNI IJTIMOIY ILLATLARDAN SAQLAYLIK!
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, jamiyatning rivoji yoshlarimizning aqliy, ilmiy va jismoniy salohiyatiga bog'liqdir. Ayniqsa aholisining salmoqli hissasini yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bu masalaning ahamiyati yanada katta. Albatta, Vatanimizning taraqqiyotiga hissa qo'sha oladigan yoshlar o'z-o'zidan etishib chiqmaydi. Balki ularning tarbiyasi, ta'limi bilan shug'ullanish, ularni bilim-ma'rifatga qiziqtiradigan sharoitlar yaratishimiz kerak bo'ladi. Shu bilan birga ularni oliy maqsadlardan chalg'ituvchi yomon illatlardan himoya qilish ham shar'iy burchimizdir.
Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida shunday deganlar: “Yaxshi hamsuhbat bilan yomon hamsuhbatning misoli mushki anbar sotuvchi bilan temirchining bosqoniga o'xshaydi. Mushki anbar sotuvchi atridan sovg'a qilishi yoki undan sotib olishingiz, hech bo'lmasa uning xushbo'yidan bahra olishingiz mumkin. Ammo temirchining bosqoni esa, yo kiyimingizni kuydiradi, hech bo'lmasa tutuni dimog'ingizni achitadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Quyida yoshlarimizni himoya qilishimiz kerak bo'lgan bir nechta illatlarni sanab o'tamiz:
وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ
ya'ni: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o'tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg'ambar) ham kelgan edi-ku!...” (Fotir surasi 37-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalom yoshlik kishining kamolot kasb etadigan, ko'p yutuqlarga erishadigan vaqti ekaniga ta'kidlab shunday deydilar:
اغتنم خمسا قبل خمس : شبابك قبل هرمك وصحتك قبل سقمك وغناك قبل فقرك وفراغك قبل شغلك وحياتك قبل موتك
(رواه الامام الترمذي )
ya'ni: “Besh narsani besh narsadan oldin g'animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, kasallikdan oldin salomatlikni, kambag'allikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo'sh vaqtni, o'limdan oldin tiriklikni g'animat biling!”(Imom Termiziy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan).
Demak, yoshlarimiz hayotining bahori bo'lgan davrni turli bekorchi o'yin-kulgu va gunoh ishlar bilan emas, balki bilim-ma'rifat va kasb egallash, ibodat va savobli ishlar bilan o'tkazishi kerak. Tarixda nom qoldirgan barcha ulug'lar yoshligini g'animat bilgan, o'sha davrda kerakli bilim va malakani o'zlashtirgan zotlardir.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi 90-oyat).
Keyingi paytlarda internet (ijtimoiy tarmoqlar)da qimor o'yinlari sezilarli darajada ko'paydi. Qimor o'ynab xonavayron bo'lgan, chiqib bo'lmas ko'chaga kirganlar talaygina. Bu kishilar boshqalarga ibrat bo'lishi kerakki, Alloh taolo harom qilgan ishlarni qilishning oxiri voydir! Shu o'rinda ijtimoiy tarmoqlarda zo'r berib qimorni targ'ib qilayotgan blogerlarga eslatamizki, ularning reklamasi sabab kim qimorga qo'shilsa, ularning gunohiga o'sha blogerlar ham teng sherik bo'ladilar.
لايزني الزاني وهو مؤمن
ya'ni: “Zinokor mo'min holida zino qilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Farzandlarimizni bu balodan qutqarishning yang yaxshi yo'li, ularni doim nazorat qilib turish, yomon do'stlarga qo'shilib qolishdan saqlash, solih insonlar bilan do'stlashishiga yordamlashish, bo'sh vaqtlarini turli fan va sport to'garaklarida o'tishini ta'minlashdir.
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
ya'ni: “Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o'rtasini tuzatib qo'yingiz va Allohdan qo'rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi 10-oyat).
Farzandlarimizni mo'min-musulmonlarga kechirimli, shafqatli, do'st bo'lib o'sishi uchun kerakli tarbiya va e'tiborni berishimiz kerak. Chunki dinimizda Alloh yo'lida do'st-birodar bo'lish savobli ishlardan hisoblanadi.
Qur'oni karimda mo'min bandani qasddan o'ldirishning jazosi jahannam ekani bayon qilinadi:
وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا
ya'ni: “Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay” (Niso surasi 93-oyat).
Demak, ikki musulmonni gij-gijlash, ularni urushtirish emas, balki ularni o'rtalarini kelishtirish, yarashtirish maqtovga sazovor ishdir.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, hozirgi kunda ba'zilar farzandlarini o'qitish uchun chet ellarga olib borib, ularni o'zga yurtda qarovsiz holda tashlab kelmoqdalar. Natijada, farzandlari ilm olishni o'rniga befoyda ishlar, kimligi noma'lum do'stlar bilan qimmatli vaqtini behuda sarflamoqda. Shuningdek, ba'zilar esa, farzandini chet eldagi kimligi aniq bo'lmagan, e'tiqodi va dinu diyonati noma'lum shaxslarga shogirdlikka topshirib kelmoqdalar. Shuni unutmaslik kerakki, farzand barkamol va el-yurtga xizmat qilishi uchun uning ustozini avvalo to'g'ri yo'lda va e'tiqodda adashmagan bo'lishi hamda soha mutaxassislari tomonidan e'tirof qilingan shaxs bo'lishi katta ahamiyat kasb etadi.
Agar ustozning o'zi tarbiya va nasihatga muhtoj bo'lsa, undan ta'lim olgan shogirddan yaxshi natija chiqishi juda qiyin. Sir emaski, hozirgi kunda to'g'ri yo'ldan adashgan ustozlardan ta'lim olgan farzandlar, o'z ota-onalarini hurmat qilmasdan: “Ota-onam faqat meni dunyoga kelishimga sabab bo'lgan xolos”, deyayotgan bo'lsa, ba'zilari ota-onasini imonsizlikda ayblamoqda. Ba'zilari tug'ilib o'sgan yurtiga qarshi chiqib, bir qancha muammolarga sabab bo'lmoqda.
Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bilimlarini oshirishmoqchi bo'lishsa, rasmiy saytlarga murojaat qilishsin, rasmiy masjidlar va imom-domlalarimizning kanallariga a'zo bo'lishsin. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda g'arazli maqsadlar bilan faoliyat olib boradigan sayt, kanal va shaxslar juda ko'p. Ular jamiyatimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga katta tahdid bo'lib, firqalanish, dinda g'ulu ketish va mazhabsizlik urug'larini sochmoqdalar.
Aytish joizki, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi va kamoloti maqsadida yurtimizda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotganiga o'zingiz guvoh bo'lmoqdasiz. Yoshlar orasida kitobxonlikni oshirish uchun joylarda yangi kutubxonalar tashkil etilayotgani, musobaqalar o'tkazilayotgani, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun joylarda to'garaklar, texnoparklar ochilayotgani, yosh olimlar uchun berilayotgan turli imtiyozlar shular jumlasindandir. Zero, imon-e'tiqodi mustahkam, ilm-ma'rifatli, jismonan sog'lom yoshlar yurtning buyuk kelajagi garovidir.
Muhtaram jamoat! Yoshlarning odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasi, ilm-ma'rifati bilan har bir ota-ona va mas'ullar shug'ullansa, kelajakda bizning farzandlarimizdan ham Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy, Horazmiy, Ibn Sino, Farg'oniy kabi buyuk olimu allomalar chiqadi, inshaalloh.
Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi sharifda shunday marhamat qildilar:
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ
(رواه الإمام الترمذي).
ya'ni: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Alloh taolo yoshlarimizni kamolotga erishishi, ham ma'naviy, ham jismoniy etuk bo'lishi, insofli tavfiqli bo'lishini nasib qilsin. Ota-onalariga doim rahmat keltirishini muyassar aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Husni xulq va chiroyli muomala – dinimiz talabi!” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Muslim, Abu Dovud va Molik vidolashuv haji hadisida Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
"Ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki sizlar ularni Allohning omonati ila olgansiz. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlari majburiyati bor".
Muoviya Qurayshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Yo Allohning Rasuli, bizning birimizda xotinining nima haqqi bor?» dedim.
«Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan. Qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan», dedilar u zot alayhissalom (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Hind binti Utba: «Allohning Rasuli, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Faqat unga bildirmay olsamgina bo‘ladi», dedi.
«O‘zingga va bolangga yetarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u zot alayhissalom (Ikki shayx rivoyat qilishgan).
Barcha ulamolar ayollarning nafaqasi erlariga vojib bo‘lishiga ittifoq qilganlar.
Aqlga solib ko‘rilganda ham, ayol kishi erning xizmatlarini qilganidan keyin, uning izmida bo‘lganidan keyin, albatta, uning nafaqasi erga vojib bo‘ladi-da!
Uning miqdori ikkisining holiga qarab bo‘ladi. Ikkisi boy bo‘lsa, boyniki, kambag‘al bo‘lsa, kambag‘alniki bo‘ladi. Er boy, xotin kambag‘al yoki aksincha bo‘lsa, ikki holning o‘rtasida bo‘ladi. Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham.
Erga xotini uchun vojib nafaqalar besh qismdir:
1. Taom.
Bunga oziq-ovqat, ichimlik va ovqatga qo‘shib yeyiladigan narsalar (sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) hamda ovqat pishirish uchun ketadigan barcha narsalar kiradi. Taomning miqdori yetarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.
2. Kiyim.
Yetarli darajada, bir sidra kiyim-bosh doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va shofe’iy mazhablarida: «Har olti oyda bir sidra yangi kiyim olib beriladi», deyilgan.
3. Maskan.
Er o‘z xotinini maskan bilan ta’minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati saviyasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan bo‘lishi shart. Unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.
4. Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor solib berish ham uning nafaqasiga kiradi.
5. Tozalik asbob-anjomlari va uyning kerakli matohlari.
Agar er moli bo‘la turib, nafaqa bermasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Xotin talab qilsa, boshqa mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa, qamalmaydi.
«Ulardan asoingni ko‘tarma va ularni Allohdan qo‘rqishga chaqirib turgin».
Ya’ni ahli ayoling sening haybatingni doimo sezib tursin. Ulardan sodir bo‘ladigan har bir noshar’iy ishni e’tiborsiz qo‘ymasligingni unutmasinlar.
Sen ularni doimiy ravishda Alloh taologa taqvo qilishga chaqirib tur. Bu ishda juda ko‘p yaxshiliklar bor.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.