Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

03.09.2021 y. Tinchlik va xotirjamlik – ulug' ne'mat!

31.08.2021   4439   6 min.
03.09.2021 y. Tinchlik  va xotirjamlik – ulug' ne'mat!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين، والصلاة والسلام على خاتم النبيين، وعلى آله وصحبه أجمعين،أَمَّا بَعْدُ

TINChLIK  VA HOTIRJAMLIK – ULUG' NYe_''MAT!

Muhtaram azizlar! Yurtimizda istiqlol bayrami tantanalari davom etmoqda. Alhamdulilloh, bayramni oilalarimiz davrasida, yor-do'stlar bilan tinchlik va xotirjamlikda nishonlayapmiz. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog'liqligi ayon bo'ladi. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug' ne'mat ekanini ta'kidlab shunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Qur'onning 50 dan ziyod surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar sulh-murosa, tinchlik va bag'rikenglikka chaqirilgan. Musulmonlar uchun eng afzal amal haqida kelgan hadisda shunday deyiladi: “Rasululloh alayhissalomdan so'radilar: “Ey, Allohning Rasuli! Musulmonlarning afzali qaysi kishi?”. U zot alayhissalom: “Qo'lidan va tilidan boshqa musulmonlar ozor topmagan kishidir”, – deb javob berdilar”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning katta ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Halqimizda “Qo'shning tinch – sen tinch” degan maqol bor. Halqimizning orzusi, maqsadi bitta – jahondagi barcha mamlakatlarda, ellarda tinchlik va barqarorlik hukm sursin, odamlar baxtli va farovon hayot kechirsin. Shuning uchun ham xalqimiz Yurtboshimiz boshchiligida doimo qo'shni yurtlarda tinchlik bo'lishini istab keladi. Bu ayni dinimizning ham g'oyasidir. Alloh taolo insonni er yuzini obod qilish uchun yaratdi va O'ziga erdagi o'rinbosar qildi. Yerni kufru isyon bilan, buzg'unchilik bilan vayron qilish, mavjudotlarning nasl-urug'ini quritishdan qattiq qaytardi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).

Muhtaram jamoat! Mana yurtimiz istiqloliga 30 yil bo'ldi. Albatta yurtimizning istiqloli va taraqqiyotining negizida tinchlik-totuvlik hamda o'zaro hamjihatlik yotadi. Ushbu yutuqlarga erishish o'ziga yarasha mashaqqat, qiyinchilik, sabr va matonat talab etadi. Umid qilamizki, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo'lib boraveradi. Chunki,  Alloh taolo Qur'oni karimda bandalariga bir qiyinchilik ortidan albatta, engillik kelishini bayon qilib, shunday degan:

فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا. إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا

ya'ni: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir” (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).

Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz albatta, bir qiyinchilikdan keyin ikki engillik bor, deydilar. Tafsiri Tabariyda shunday deyiladi: “Bu oyati karima nozil bo'lganda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

أبْشِرُوا أتاكُمُ اليُسْرُ، لَنْ يَغْلِبَ عُسْرٌ يُسْرَيْنِ

ya'ni: “Hursand bo'linglar! Sizlarga engillik keladi. Hargiz bir qiyinchilik ikki engillikdan ustun kelmaydi” (“Tafsiri Tabariy”).

Hulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta hamda bag'ri kenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa yanada ko'proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo'lishi, uning shukri ado etilishiga bog'liqdir. Ne'matning salmog'iga qarab shukr ham har xil bo'ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “alhamdu lillah” deyish bilan ado bo'lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin.

Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so'rab duo qilishlari, o'rta yoshlilar o'zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga etish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'ladilar.

Haq taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo'lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin, farzandlarimiz ulug' ajdodlarga loyiq farzandlar bo'lishini nasib aylasin, dunyo va oxiratimiz saodatiga etaklaydigan amallar qilishimizni nasibu ro'zi aylasin! Omin! 

Ilova: Muhtaram imom-domla! Rahbariyatning topshirig'iga ko'ra, “Yoshlarni ijtimoiy illatlardan saqlaylik!” juma tezisi keyinga qoldirildi va uning o'rniga “Tinchlik  va xotirjamlik – ulug' ne'mat!” mavzusi tasdiqlandi. Ushbu mavzuni yanada boyitib, atroflicha o'rganib, jamoatga tasirchan uslubda etkazishingizni so'raymiz!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   4465   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.