Musulmon odam avvalo ahli sunnat val jamoat olimlari bildirganidek ishonishi lozim. Jahannamning abadiy azobidan qutuluvchilar e'tiqodi ahli sunnat bo'lgan kishilardir.
“Ahli sunnat” atamasi ko'proq izofat holida, ya'ni “Ahli sunnat e'tiqodi yoki aqidasi”, “Ahli sunnat mazhabi”, “Ahli sunnat yo'li”, “Ahli sunnat firqasi”, “Ahli sunnat va jamoat firqasi” shaklida ishlatiladi.
Eng ulug' olim va avliyolardan imomi Rabboniy Mujaddidi Alfi Soniy Ahmad Foruqiy Sarhandiy (quddisa sirruh) aytdiki:
“Aqlli va balog'atga etgan har erkak va ayolning birinchi vazifasi ahli sunnat olimlari yozgan aqoid bilimlarini, ishoniladigan narsalarni o'rganish va bularga mos e'tiqod qilishdir. Qiyomatda, ya'ni o'lganidan keyin jahannam azobidan qutulish, ularning bildirganlariga ishonishga bog'liq” [Maktuboti Rabboniya].
“Musulmonlarning birinchi vazifalari e'tiqodini to'g'rilab, ahli sunnat val jamoat olimlarining bildirganlariga mos ishonishdir. Ikkinchi vazifasi fiqh (islomiyatning amr va taqiqlariga oid) ilmlarni o'rganib, har ishini bularga moslab bajarishdir” [Mavlono Holid-i Bag'dodiy, E'tiqodnoma/al-iymon val-islom].
Qiymatli Usmoniy olimlaridan Toshko'prikzodaning aytganidek:
“Ahli sunnatning aqoidda ikkita tarmog'i bor. 1. Moturidiya mazhabi. Uning imomi Abu Mansur Moturidiy (rahimahulloh). 2. Ash'oriya mazhabi. Buning imomi esa Abul-Hasan Ash'oriydir (rahimahulloh). Ikkalasi ham targ'ib qilgan iymon asoslari birday. Oralarida faqat ba'zi kichik xususlarga tegishli izoh, ifoda va uslub tarzidan kelib chiqqan juz'iy farqlar bor”.
“Allohu taolo yuborgan har bir din ikki qismdan tashkil topgan. Biri qalb bilan ishonilishi lozim bo'lgan ilmlar, ikkinchisi badan yoki qalb bilan bajariladigan ibodat ilmlari. Bulardan e'tiqod asoslari har bir dinda bir xil bo'lib dinning asli va asosidir. E'tiqod din daraxtining tanasidir. Amal esa, shu daraxtning shoxlari va barglari kabidir. Har bir musulmonning avvalo e'tiqodini tuzatishi, ahli sunnat val jamoat olimlari bildirganidek ishonishi lozim. Jahannamning abadiy azobidan qutuladiganlar faqat mana shu e'tiqodda bo'lganlardir” [Imomi Rabboniy, Maktuboti Rabboniya].
“Qalbga keladigan butun ma'naviy ahvol/hollarni, kashflarni bizga bersalar, lekin qalbimizni ahli sunnat e'tiqodi bilan bezatmasalar, o'zimni xarob bo'lgan deb bilaman. Butun falokatlarni ustimga to'plasa-yu, lekin qalbimni ahli sunnat e'tiqodi bilan sharaflantirsa, hech qayg'urmayman” [Hoja Ubaydulloh Ahror].
ahlisunnat.uz
Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining barcha kurslari va oliy diniy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun yangi 2026-2027 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy hokimlik mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
So‘zga chiqqan mutasaddilar barchani mustaqilligimizning 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, yaqinda ham bir guruh ulamolar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani yorqin dalil ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yilda Toshkent islom institutini ilk magistrlar tamomlagani, endilikda doktorantura tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashayotgani, jumladan, o‘quv dasturlari zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, kirish imtihonlari elektron test shaklida o‘tkazilib, eng munosib talabalar saralab olinayotgani, mudarris va talabalarga har jihatdan sharoitlar hozirlanayotgani, ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, talabalar astoydil o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratildi.
Tadbirlar davomida diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga yangi qabul qilingan talabalar ham so‘zga chiqishdi.
1-kurs talabalariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazar hazratlari nomidan esdalik sovg‘alari ulashildi.
Yakunda Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayrli va manfaatli kechishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng o‘quv xonalarida “Mustaqillik darslari” boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati