26 noyabr' kuni Buxoroi sharifda Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bag'ishlangan “Boqiy Buxoroning islom tsivilizatsiyasidagi o'rni” mavzuidagi xalqaro anjuman bo'lib o'tdi. Unda Halqaro musulmon ulamolar kengashi va Abu Dabi Tinchlik forumining obro'-e'tiborli ulamolari, O'zbekiston, Misr, Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston singari mamlakatlar muftiylari, taniqli ulamolar, islomshunos tadqiqotchi va diniy soha vakillari (“Mir Arab” madrasasi bitiruvchilari) ishtirok etdi.
Anjuman Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan ochildi.
Nufuzli tadbirni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor, Muhammadolim Muhammadsidiqov olib bordi.
Yig'ilish avvalida ta'kidlanganidek, Buxoro asrlar davomida o'zining boy ilmiy merosi, islom ilm-fani rivojiga qo'shgan ulkan hissasi, madrasalari, ta'lim tizimi bilan Islom dunyosida katta shuhrat qozongani, Mir Arab Buxoroning dunyoga dong taratgan madrasalaridan biridir, shubhasiz. Shu ma'noda ushbu mo''tabar dargohning faoliyat boshlaganiga hijriy yil hisobi bo'yicha 500 yil to'lishi munosabati bilan bu muhim sana xalqaro miqyosda nishonlanmoqda.
Nufuzli anjumanning asosiy qismida Islom olamining obro'-e'tiborli ulamolari hamda islomshunos tadqiqotchilari uch sho''baga bo'lingan holda “Buxoro allomalari ilmiy merosining ahamiyati”, “Mir arab madrasasi tashkil topganining 500 yilligi: o'tmish va hozirgi zamon”, “Boboxonovlar sulolasining islom dinini saqlash, targ'ib va himoya qilishga qo'shgan hissasi” kabi mavzulari bo'yicha ma'ruzalar qilishdi. Shuningdek, mavzu doirasida muhim vazifalar, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
So'zga chiqqan notiqlar O'zbekistonda so'nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, o'zgarishlar va erishilgan yutuqlarni yuqori e'tirof etib, yurtimizda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatiga ijobiy baho berdi. Hususan, Mir Arab madrasasining faoliyatini yuqori baholab, tarixdan O'zbekiston zaminidan ulkan allomalar etishib chiqishiga ushbu ta'lim dargohi katta hissa qo'shganini ta'kidlab o'tdilar. Anjuman qatnashchilari mazkur madrasa talabasi bo'lganlaridan g'ururlanishlarini aytib, madrasa ularning hayotida o'chmas iz qoldirganini ta'kidlashdi.
Halqaro anjumandagi ma'ruzalar, bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda o'zaro ilmiy xulosalar almashildi hamda kelgusida shu kabi tadbirlarni hamkorlikda o'tkazishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.