Hazratimiz Usmonxon Alimov rahimahulloh muftiylik lavozimida boshqalardan ko'ra eng uzoq muddat faoliyat yuritdilar, desak, xato bo'lmaydi. U kishi 15 yil davomida O'zbekiston musulmonlari idorasida din yo'lida xizmat qildilar.
Biz ko'p safarlarda birga bo'ldik. Hazrat kim bilan qanday muomala qilishni bilardilar, zamonaviy til bilan aytganda, aqlli diplomat edilar. Dunyo sahnalaridagi nutqlari ham g'oyat tushunarli, chiroyli edi. Bir so'z bilan aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning munosib avlodlari edilar. U kishining xatti-harakatlarida go'zal payg'ambarona xulqni ko'rardingiz.
Muftiylik faoliyatlari davomida hazratning rahbarliklari ostida ko'pgina xayrli ishlarni birgalikda amalga oshirdik. Jumladan, eng avvalo masjidlar obod bo'ldi, bunda tahoratxonalarga alohida e'tibor qaratildi, yangi-yangi masjidlar bino qilindi. Yana ko'plab ma'rifiy, diniy, tarbiyaviy ruhdagi kitoblarni chop etdik. Hususan, u kishining qalamlariga mansub bo'lgan “Tafsiri Irfon” kitobini alohida tilga olish zarur. Yo bo'lmasa, Qur'on musobaqalarining keng ko'lamda, omma ichida o'tkazilganini ham ta'kidlash joiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi o'zini-o'zi boqsin, birovga qaram bo'lmasin, degan maqsadda Qibray tumanida yordamchi xo'jalik erlarini obod qilish, issiqxonalar qilish, poliz ekinlarini etishtirish, otxonalar va boshqa chorva fermalari, tikuv tsexlari kabi ishlab chiqarishlarni hazratning tashabbuslari bilan amalga oshirdik. Idora binosi ham qayta ta'mirlanib, zamonaviy ko'rinishga ega bo'ldi.
Hususan, Diniy idora nashriyoti qoshida “Shamsuddinxon Boboxonov” nomli bosmaxonani tashkil qilish muftiy hazratlarining katta niyatlari bo'lgan edi. “Bolam, shu bosmaxona tezroq ishga tushsa, u erda mushaflar va boshqa diniy kitoblar chop etilganini ko'rsam”, degandilar. Mana, Allohga shukr, bu xayrli ishimizni o'z ko'zlari bilan ko'rdilar.
Hazrat avliyo inson edilar. Oxirgi yillarda mo'ljallagan ishlarimizni tez-tez bitirishimizni istardilar. “Meni yaqinda topolmay qolasizlar. Shuning uchun xayrli rejalarimizni tezroq amalga oshiraylik”, deb ta'kidlardilar...
O'zlari tug'ilib o'sgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Eshoni Temirxon To'ra” jome masjidini qayta ta'mirlab, yonidagi qabristonni ham obod qilganimizdan so'ng meni yonlariga chaqirdilar. O'shanda dadalarining qabrlari oldidagi joyni ko'rsatib: “Bolam, meni vaqti kelib shu erga dafn etinglar. Bu senga vasiyatim”, deb tayinlagandilar.
Ha, hammasini sezgan ekanlar. Shu masjidni ta'mirlayotganimizda ham “Tez-tez ishni tugatinglar”, deganlari hamon qulog'imda. Betob bo'lganlarida yonlarida turib, vafotlaridan so'ng u kishini olib kelib, o'zlari ko'rsatgan erga, ya'ni dadalarining yonlariga dafn etdik – vasiyatlarini bajardik, alhamdulilloh.
Hazrat bilan boshlab qo'ygan yana talaygina xayrli ishlarimiz bor. Hudo xohlasa, ularni bekamu ko'st bajarishga, oxiriga etkazib, ruhlarini shod etishga harakat qilaman.
Alloh taolo hazratimizni rahmatlarga burkasin. Qilgan xayrli, ezgu ishlarining ajrlarini o'zlariga hamroh qilsin. O'zi hammamizdan rozi bo'lsin, dinining yo'lida xizmatlarimizni davomli etsin. Omin!
Rustam hoji JAMILOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi Ish boshqaruvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan