frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tavassul qilish joizmi?

20.08.2021   1330   4 min.
Tavassul qilish joizmi?
O'zlarini sof salaflar yo'lidan yurganligini da'vo qilib kelayotgan soxta salafiylar tavassul borasida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid ravishda tavassulni shirk, tavassul etuvchilarni esa mushrik deb ayyuhannos solishmoqda. 
Aslida tavassul bu – Alloh taoloning sifatlari, solih amallar, tirik va vafot etgan ulug' insonlarni vosita qilib Allohdan hojat so'rashdir. Vasila sifatida gohida qilinadigan solih amallar, Alloh taoloning roziligi uchun bajarilgan toat-ibodatlar Parvardigorning dargohiga yaqinlashtiruvchi kuchli vosita bo'lsa, ba'zan esa Alloh nazdida yuksak martabaga ega bo'lgan obro'-e'tiborli solih bandalar Yaratgan huzurida vosita va vasila bo'ladilar.
 
Qur'oni karimda: «Ey iymon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz hamda Uning yo'li (toati)da jiddu jahd qilingiz, toki (oxiratda) najot topgaysiz!» (Moida surasi, 35-oyat) deyiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima binti Asad roziyallohu anho vafot etganida uning qabriga tushib: «Hayot beradigan va o'ldiradigan Allohdir. Doimo barhayot, o'lmaydigan Zot, onam Fotima binti Asadni mag'firat qil, hujjatini aytishini nasib et, kirar joyini keng qil. Payg'ambaring haqqi va o'zimdan oldingi payg'ambarlar haqqi bilan», deb duo qildilar» (Imom Tabaroniy rivoyati). 
Bu hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan o'tgan payg'ambarlar hurmati bilan ochiq-oydin tavassul qilingani ko'rinadi. Tiriklarni vasila qilish mumkin lekin vafot etganlarni vasila qilish mumkin emas deganlarga ham bu qat'iy va aniq javobdir.
 
Alloma Imom Shavkoniy «Tuhfatuz zokiriyn» kitobida tavassulning joiz ekanini batafsil bayon etgan va hamda tavassul to sahobalar davridan ijmo'an qabul qilingan amal ekanini bir qancha dalillar bilan keltirib o'tgan (Imom Shavkoniy. «Tuhfatuz zokiriyn», 138-bet).
 
Afsuslar bo'lsinki, tavassulni inkor etadiganlar na bu kabi oyat-hadislarga va na mujtahid ulamolarning so'zlariga quloq tutadilar. Ularning da'volariga ko'ra hech bir kishini tavassul qilish joiz emas va bunga mutlaqo yo'l qo'yilmaydi. Ular har bir qilmoqchi bo'lgan amallari yoki gapirmoqchi bo'lgan so'zlariga Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning, sahobai kiromlarning yoxud buyuk mujtahidlarning emas balki o'zlarining g'oyaviy rahnamolari bo'lmish Ibn Taymiya (1263–1328) rahmatullohi alayhning fikrlariga tayanadilar va buni shak-shubhasiz to'g'ri deb e'tiqod qiladilar.
Haqiqatni tan olib aytadigan bo'lsak, ular o'z rahnamolarining tavassul borasida aytgan gaplaridan mutlaqo bexabar ko'rinadi, shekilli. Aks holda bu kabi bo'lmag'ur da'volar bilan olamga jar solib, o'zlariga ergashuvchilarning boshini qotirmagan bo'lardi.
 
Buyuk tarixchi, mufassir va muhaddis Ibn Kasiyr (1301–1373) rahimahulloh o'zlarining «al-Bidoya van-nihoya» nomli kitoblarida Ibn Taymiya rahmatullohi alayhning: 
«Allohdan boshqa hech kimdan yordam so'ralmaydi. Nabiydan ham ibodat ma'nosida yordam so'ralmaydi.  Lekin u bilan tavassul qilish mumkin va undan Allohga shafoatchi bo'lishligini (tashaffu') so'rasa bo'ladi», degan so'zlarini keltirib o'tganlar  (Ibn Kasiyr. «al-Bidoya van-nihoya». 14-jild. 45-bet).
 
Mana haqiqat oydinlashdi: Ibn Taymiya rahmatullohi alayh ham ahli sunna val jamoa e'tiqodiga xos va mos fikrni aytgan ekanlar. Ushbu jamoa e'tiqodiga ko'ra, albatta, Alloh taolodan boshqa hech kimdan madad so'ralmaydi. Hatto Payg'ambarlardan ham. Ammo Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni duoda vasila qilish, u zotning qiyomat kunida shafoatchi bo'lishlarini so'rashga hech qanday mone'lik yo'q. Aksincha bu marg'ub va mahbub amallardandir.
 

Erkin QUDRATULLOH

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   36191   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari