Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

20.08.2021 y. Allohning zikri ila qalblar orom olur!

18.08.2021   3586   13 min.
20.08.2021 y. Allohning zikri ila qalblar orom olur!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِرَبِّ الْعَالَمِين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْاَمِين، وَعَلَى آلِهِ وَأصْحَابِهِ أَجْمَعِيْنَ أَمَّا بَعْدُ

ALLOHNING ZIKRI ILA QALBLAR OROM OLUR!

Muhtaram jamoat!  Yurtimiz ahli 2021 yil 15 avgust kuni ulkan musibatga, og'ir judolikka uchradi. Ko'p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki mintaqadagi mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, fazilatli ulamo, ulug' ustoz, mufassir, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar... U kishining haqqiga istig'for aytib, Alloh taolodan  rahmat so'rash –   har birimizning zimmamizdagi burchdir. Alloh taolo marhum muftiy hazratlarini ellik yillik dini mubinimiz yo'lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga sazovor aylab, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!

Aziz jamoat! Dinimizda targ'ib qilingan, savobli va Parvardigorga sevimli amallardan biri – Alloh taoloni ko'p zikr qilish, uni hamdu sanolar bilan eslab yod etishdir. Zero Alloh taoloni eslab yod etish bandaga dunyo va oxiratda ko'plab foydalar keltiradi.

Birinchidan, banda Alloh taoloni zikr qilish bilan Robbisining ilohiy buyrug'ini bajargan bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا  وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلًا

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!” (Ahzob surasi 41-42-oyatlar).

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu bu oyat haqida shunday deydilar: “Alloh taolo nimani farz qilsa, unga chegara qo'ygan, keyin uni bajaradiganlarga uzrli holatlarni bayon qilgan. Ammo Alloh taoloni eslab yod etish uchun chegara qo'yilmagan. Niso surasining 103 oyatida: “Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng, turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doimo) Allohni yod eting!”, deb marhamat qilgan. Aqli hushi joyida bo'lgan  kishi uchun zikrni tark qilishga uzr yo'q.

Alloh taoloning “Allohni ko'p zikr qilingiz”, degan so'zining ma'nosi ertayu kech, dengiz va quruqlikda, sog'lik va kasallikda hamda oshkor va maxfiy “Allohni zikr qiling”, deganidir. Mufassir Mujohid rahmatullohi alayh aytadilar: “Ko'p zikr qilish U Zotni hech unutmaslikdir” (Tafsiri Bag'aviy kitobidan).

Zikrning fazilati haqida Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

أَلاَ أُنَبِّئُكُمْ بِخَيْرِ أعْمالِكُمْ، وأزْكَاهَا عِنْدَ مَلِيكِكُمْ وأرْفَعِهَا في دَرَجَاتِكُمْوَخَيرٍ لَكُمْ مِنْ إنْفَاقِ الذَّهَبِ والفِضَّةِ وَخَيْرٍ لَكُمْ مِنْ أن تَلْقَوا عَدُوَّكُمْ فَتَضْرِبُوا أعْنَاقَهُمْ وَيَضْرِبُوا أعْنَاقَكُمْ قَالَوا بَلَى، قَالَذِكر الله تَعَالَى

(رواه الإمام الترمذي عن أَبي الدرداءِ رضي الله عنه)  

ya'ni: “(Ey, musulmonlar!) Amallaringizning yaxshisiga dalolat qilayinmi?! Robbingiz nazdida pokizasi, darajangizni ko'taruvchisi, tilla va kumush infoq-ehson qilishingizdan yaxshirog'i, dushmanga yo'liqib, ularga siz, sizga ular qilich bilan zarba berishidanda yaxshirog'i...?!” “Ha, ayting”, deyishdi sahobalar. U Zot alayhissalom: “Amallarning yaxshisi – Alloh taoloning zikridir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ikkinchidan, Alloh taolo mag'firat va ulug' ajr va'da qilgan erkak va ayollardagi bir nechta sifatlardan bir sifatga ega bo'ladi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا

ya'ni: “...Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir” (Ahzob surasi 5-oyat).

Demak, bir qancha savob ishlar qatorida qalbi, tili va a'zolari bilan Alloh taoloni zikr qiluvchilarga gunohlarining kechirilishi va oxiratda ulug' ajr – jannat tayyorlab qo'yilgan. (Tafsiri Tabariy kitobidan). A'zolar bilan zikr qilish – a'zolarni savob amallarga ishlatishdir.

 Payg'ambarimiz alayhissalom zikr qiluvchi kishi va zikr qilmaydigan kishini quyidagicha tasvirlaydilar:

 مَثَلُ الذي يَذْكُرُ رَبَّهُ وَالَّذِي لا يَذْكُرُ رَبَّهُ، مَثَلُ الْحَيِّ وَالْمَيِّتِ 

( متفق عليه عن أبي موسى رضي الله عنه)

ya'ni: “Robbisini zikr qiluvchi va Robbisini zikr qilmaydigan kishining misoli xuddi tirik va o'lik kabidir” (Muttafaqun alayh).

  Uchinchidan, mo'min-musulmonlar Alloh taoloni ko'p zikr qilish sababli qalb xotirjamligiga erishadilar. Shundan keyin ular dunyodagi sinovlarni osonlik bilan engadilar. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

ya'ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra'd surasi 24-oyat).

Alloh taoloning zikri qalbga taskin olib kelish bilan qiyinchilikni engillikka, g'amni xursandchilikka aylantiruvchi va ne'matlarni jalb qiluvchidir. Hech bir narsa Alloh taoloning zikri kabi qiyinchilikni daf qila olmaydi. Payg'ambarimiz alayhssalom mahzun bo'lganlarida:

لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ العَظِيمُ الحَلِيمُ، لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ رَبُّ العَرْشِ العَظِيمِ، لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ رَبُّ السَّمَوَاتِ ورَبُّ الأرْضِ، ورَبُّ العَرْشِ الكَرِيمِ

ya'ni: “Ulug' Allohdan o'zga iloh yo'q! Halim Allohdan o'zga iloh yo'q! Osmonlar, er va Arshning Robbisi Allohdan o'zga iloh yo'q!”, deb duo qilardilar.

Gohida Yunus alayhissalomning baliq qornida aytgan zikrlarini eslatib, kim shu zikrni qilsa, Alloh taolo uning g'amini ketkazishini aytardilar:

لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ

ya'ni: “Sendan o'zga iloh yo'q! Sen aybu nuqsondan poksan! Men o'zimga zulm qiluvchilardan bo'ldim”.

Mus'ab ibn Sa'd raziyallohu anhudan, u kishi otasidan bunday rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U Zot:Sizlardan biringiz har kuni mingta savobni qo'lga kirita olmaydimi? – dedilar. Shunda U Zotning hamsuhbatlaridan bir kishi: “Qanday qilib birortamiz mingta savobga ega bo'lishi mumkin?” – deb so'radi.Yuzta tasbeh aytadi. Shunda unga mingta savob yoziladi va undan mingta gunoh o'chiriladi”, – dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Demak, 1 marta “Subhanalloh” degan bandaga 10 ta savob yoziladi va undan 10 ta gunoh o'chiriladi. Vaholanki, bunga 1 soniya vaqt ketadi xolos. Bundan Islomda savob amal qilish juda ham osonligi kelib chiqadi. Boshqa bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

مَنْ قَالَ: سُبْحَانَ اللهِ العَظِيمِ وَبِحَمْدِهِ غُرِسَتْ لَهُ نَخْلَةٌ فِي الجَنَّةِ

 رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه

ya'ni: “Kim “subhanallohil aziym va bihamdihi” desa, unga jannatda bir xurmo ekiladi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Kim o'zining jannatdagi bog'ida xurmolari ko'p bo'lishini istasa, mazkur rivoyatda kelgan zikrni ko'proq aytsin. Bu esa juda ham oson. Bir daqiqaning o'zida uni bir necha bor aytish mumkin bo'ladi.

Azizlar! Mazkur zikr-tasbehlardan boshqa yana bir qancha zikrlar bor. Masalan, “Subhanalloh”, “Alhamdulilloh”, “Allohu akbar”, “Astag'firulloh”, “Sayyidul istig'for”,  turli salavotlar va boshqalar. Shuni ham ta'kidlash kerakki, zikrlarning eng ulug'i Qur'on tilovati bo'lib, har bir musulmon tilovati Qur'onga va'da qilingan ajru savoblardan nasibador bo'lishi maqsadga muvofiqdir.

Abu Hurayra raziyallohu anhu kunda o'n ikki ming marta, Holid ibn Marvon esa yuz ming marta tasbeh aytar edi.

Bir kishi do'stidan: “Uyingizdan ishxonangizga borguncha yo'l qancha vaqt oladi?”, deb so'rabdi. Do'sti: “Agar yo'l tiqilinch bo'lsa, sakkiz yuzta tasbehni, agar yo'l ochiq bo'lsa, ikki yuz ellikta tasbehni oladi”, deb javob beribdi. Javobning go'zalligiga qarang!

Demak, shariatimiz zikr qilishga katta yo'l ochib, yurganda ham, turganda ham, kasb-hunar bilan mashg'ul bo'lganda ham, ulov minishda ham va boshqa zikr qilishga imkon bo'ladigan ishlar bilan mashg'ul bo'lganda ham, u bilan mashg'ul bo'lishga ruxsat bergan. Hatto tahoratsiz holda ham zikr qilishga ruxsat berilgan.  Ayollar uzrli bo'lgan paytlarida tahoratli holatda yurishlarining imkoni yo'q. Shunday bo'lsada, shariatimiz ularga bunday paytlarda Qur'on tilovatidan boshqa barcha zikrlarni qilishga ruxsat bergan. Shunday ekan, musulmon kishi mazkur holatlarda ham zikr qilib, katta ajru savoblarga erishishi mumkin.

Hulosa shuki, Alloh taoloning roziligini topish va oxiratda yutuqqa erishish musobaqasida g'olib bo'luvchilar Alloh taoloning zikrini ko'p qiluvchi mo'min va mo'minalardir. Zero Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar: “Mufarridlar peshqadam bo'ldilar”. “Ey, Allohning Rasuli! Mufarridlar kimlar?”, deyishdi. U Zot alayhissalom:“Alloh taoloni ko'p zikr qiluvchi erkak va ayollar”, deb javob berdilar.

Alloh taolo barchamizni ko'p zikr qiluvchi bandalaridan qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin! 

Eslatma:Hurmatli imom-domla!Namozlarni ochiq maydonda, barcha karantin qoidalariga amal qilgan holda ado etilishi hamda juma xutbasi, duolari va qiroatlarining muxtasar bo'lishini ta'minlashingizni so'raymiz!

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

13.01.2025   2777   3 min.
Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...

Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV