Mana hijriy-qamariy 1445 yilning Rajab oyi ham poyoniga etib, yangi Sha'bon oyi boshlandi. Halqimizda bu oyni “Baroat” deb ham ataydi.
Sha'bon oyi hijriy-qamariy yil hisobining sakkizinchi oyidir. U 29 kundan iborat. “Sha'bon” arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilida “bo'linish”, “tarqalish” degan ma'nolarni anglatadi.
Rivoyat qilishlaricha, qadimda xalqlar orasida qish paytida bir joyda bahor kelishi bilan esa boshqa joyga ko'chib yashash odat bo'lgan. Qamariy-hijriy sakkinchi oyi odamlarning har tomonga bo'linish, tarqalish paytiga to'g'ri keladi. Shu bois bu oyga “Sha'bon” nomi berilgan.
Rajab oyi Alloh taoloning oyi deb e'tirof etilsa, Sha'bon oyi Payg'ambar oyi, Ramazon esa barcha kishilarning oyi deyiladi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: «Alloh taolo o'n ikki oy ichidan Rajab oyini o'zi uchun tanlab olgan. Shuning uchun “Allohning oyi” deyiladi. Kim bu oyni ulug'lab, hurmatini joyiga keltirsa, Alloh taolo uni jannati naimga kiritib, yana O'z roziligini ato etadi. Sha'bon oyi “Rasululloh oyi” ham deyiladi. Kim bu oyni ulug'lab, hurmatini bajo keltirsa, Qiyomat kuni unga jannatdan joyni o'zim tayyorlab turaman. Ramazon oyi esa “Ummatlarim oyi”dir. Kim bu oyni ulug'lab, hurmatini joyiga qo'ysa, gunohlardan o'zini tiysa, kunduz ro'zador, kechalari bedor, birovlarga beozor holda ro'za oyini tamomlasa, barcha gunohlari mag'firat qilinadi»(Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shu sababdan hazrati Ali roziyallohu anhuning tavsiyalariga binoan kunduzni ro'za, kechasini bedorlik ibodati bilan o'tkazishga harakat qilmoq kerak bo'ladi.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo'qotib qo'ydim. So'ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiyda boshlarini osmonga ko'tarib turgan ekanlar:
«Ey, Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?», dedilar.
«Siz ba'zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim», dedim.
«Albatta, Alloh Sha'bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalbning (mashhur arab qabilasi) qo'ylari juni adadidan ko'proqni mag'firat qiladi», dedilar (Imom ibn Moja, Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Sha'bon oyining hurmatidan insonlar o'zaro mehr-muhabbatni kuchaytiradi. Ular bu oyda ota-ona, yor-birodarlar, qon-qarindoshlar, kasalmand, muhtoj kishilarning holidan xabar olishni ko'paytiradi. Ularga turli muruvvatlar ko'rsatadi.
Alloh taolo mo'min-musulmon xalqimizning ibodat xayr-barakasini yanada ziyoda qilsin.
R.Akbarov,
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati