O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li Alimov hazratlari og'ir xastalikdan so'ng vafot etdilar.
Alloh taolo Muftiy hazratlarini O'z mag'firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo hazratimizning barcha solih amallarini, dinimizga qilgan xizmatlarini, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulg'asin, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
Alloh taolo Muftiy hazratlarining ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy Usmonxon Alimovning oila a'zolari, farzandlari, safdoshlari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati