Allohga shukrki, yurtimizda juma namozi o'qiladigan jome masjidlarda Respublika maxsus komissiyasining 2021 yil 10 avgustdagi qarori talablari va karantin qoidalariga rioya qilgan holda juma namozini chiroyli shaklda o'tkazishga puxta tayyorgarlik ko'rilmoqda.
Ayni paytgacha jome masjidlarda tozalash va dezinfektsiya ishlari amalga oshirildi, juma namozini o'qish uchun ochiq osmon ostida, ya'ni masjid hovlisi va uning atrofiga gilam va joynamozlar to'shaldi, masjid hovlisiga kirish joyida antiseptik vosita va tibbiy niqoblar bilan ta'minlandi. Masjid xodimlari vaktsina bilan emlandi.
Shuningdek, juma namozida namozxonlarning karantin tartib-qoidalariga rioya qilishi nazorat qilinadi, imom-domla ushbu juma namozida qisqa ma'ruza qilishi, juma xutbasi, tilovat va duolar ham muxtasar bo'lib, odamlarning uzoq qolishining oldi olinadi.
O'z navbatida, Respublika maxsus komissiyasi qarorida belgilangan talablarga rioya etish, har bir fuqaro tibbiy niqobda bo'lishi, kasallik alomatlarini tekshirish, tana haroratini o'lchash, oraliq masofani saqlash, aholi to'planishiga yo'l qo'ymaslik kabi choralar ko'riladi.
Mana shunday ulug' ayyom kunlarida juma namozini jamoat bilan o'qish baxtini yana nasib etgani uchun Haq taologa shukronalar qilaylik, koronavirus kasalligi tezroq ko'tarilishi va bemorlarga shifoi komil berishini Yaratgandan duo qilib so'raylik.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati