Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

VAKTsINA OLIShNING HUKMI QANDAY?

11.08.2021   4013   5 min.
VAKTsINA OLIShNING HUKMI QANDAY?

❓759-CAVOL: Hozirgi kunda hamma joyda vaktsina olishga targ'ibot ketmoqda. Dinimiz bunga qanday munosabat bildiradi? Vaktsina olishning hukmi qanday?

 JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ma'lumki, sog'liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaktsina olish ekani to'g'risida xulosaga keldilar.

Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro'sini saqlash muhim ko'rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar etadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo'llashga buyuradi. Shunday ekan vaktsina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta'kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

ما أنزلَ اللهُ داءً إلَّا أنزلَ له شِفاءً أخرجه البخاري

“Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi:

قالَتِ الأعرابُ: يا رسولَ الله، ألَا نتداوَى؟ قال: نَعمْ، يا عبادَ اللهِ تداوَوْا؛ فإنَّ اللهَ لم يَضَعْ داءً إلَّا وضَعَ له شفاءً (رواه الإمام البخاري عن أُسامةَ بنِ شَريكٍ رَضِيَ اللَّهُ عنه).

Payg'ambarimiz alayhissalomdan a'robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?”, deb so'rashdi. U Zot alayhissalom: “Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyatlari).


Ikkinchidan, ba'zi kishilar kasal emasligini ro'kach qilib, vaktsina olishga beparvo bo'ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar:
الوقاية خير من العلاج
“Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi).

Demak, bemor bo'lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo'ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o'ziga ham o'zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa'id al-Hudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال:
"لا ضرر ولا ضرار" (رواه الإمام ابن ماجة).

“Zarar berish ham, zarar ko'rish ham yo'q”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, vaktsinani olishimiz birinchi navbatda o'zimizning sog'ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog'ligini saqlashga sabab bo'ladi.

To'rtinchidan, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaktsina bilan emlangan bo'lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo'lgan kishidan vaktsina bilan emlanganlik so'ralmoqda.

Hulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga etkazib berilayotgan vaktsinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar'an joiz, chunki bu davolanishning bir ko'rinishidir. Vallohu a'lam.

 

 

❓CAVOL: Ba'zilar vaktsinaning tarkibida harom narsalar borligini aytmoqda. Shunday vaktsinadan foydalanish mumkinmi?

 JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ba'zi kishilarning vaktsina tarkibida harom mahsulotlar borligi haqidagi gaplari hech qanday ilmiy dalillar bilan isbotlanmagan. Mabodo vaktsina tarkibida o'shanday qo'shimchalar bo'lgan taqdirda ham, u moddalar kimyoviy reaktsiyalar natijasida o'z aslini butunlay yo'qotgan bo'lsa, uning haromligi qolmaydi va undan foydalanish joiz bo'ladi. Buni shariatimizda istihola (ya'ni, bir moddani butunlay tarkibi o'zgarib, boshqa narsaga aylanib ketishi) deyiladi. Shu qoidaga binoan, dorilar tarkibida o'z asli – haromligini yo'qotgan moddalar bo'lsa-da, ulardan foydalanish mumkin.

Qolaversa, Misrdagi "Dorul-ifto" fatvo uyushmasi, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Islomiy ishlar idorasining Shar'iy fatvo kengashi va dunyodagi boshqa yirik fatvo hay'atlari koronavirusga qarshi vaktsinalarda harom hukmidagi mahsulotlar qo'shilgan bo'lsa ham istihola qoidasiga binoan musulmonlar uchun emlanish joiz bo'lishi haqida fatvo chiqarganlar. Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.

@diniysavollar

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   1367   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD