Kichik qizim bilan ajoyib bir ishni yo'lga qo'yganmiz. Har kuni ertalab qizimning qo'liga olma daraxti chizilgan varoq beraman. Daraxtda 15 ta olma tasvirlangan bo'ladi. Qizimga agar yaxshi ish qilsa, bitta olmani qizil rangga, agar quloqsizlik qilib yomon ish qilsa, o'rtoqlari, aka-opalari bilan janjallashsa yoki shunga o'xshagan ayb ishlarni qilsa, bitta olmani qora rangga bo'yab qo'yishini aytaman.
Keyin kechqurun yotishdan oldin qizil va qora olmalarni sanab chiqamiz. Agar qizil olmalar qora olmalardan ko'p bo'lsa, demak, shu kuni qizim yaxshi qiz bo'lgan bo'ladi. Men unga mukofot tariqasida 10 ming so'm beraman. U pullarni qutichasiga solib qo'yadi.
Bu usul menga qizimni tarbiyalashda juda qo'l keladi. Ham qizim yomon odatlardan xalos bo'ladi, ham qizimga mukofot berib uni xursand qilaman, ham unga kerakli narsalar olib berish kerak bo'lganda o'zining qutichasidagi mitti jamg'armasidan sarf qilamiz. Bu bilan qizim o'z ehtiyojlari uchun o'zi mustaqil harakat qilishni o'rganadi. Shu bilan birga qutichasi to'lishi uchun ham doimo yaxshi ishlar qilishga harakat qiladi. Qisqasi bu “olma daraxti”ning hosili juda barakali bo'ladi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.