O'zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil etilgan “Qur'on tajvidini o'rgatish” bo'limi mudiri o'rinbosari vazifasiga O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori, taniqli bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) tayinlandi.
Abror Muxtor Aliy Andijon viloyatida joylashgan “Sayyid Muhyiddin Mahdum” madrasasidagi tayyorlov kursida tahsil olib, Namangan shahridagi “Mulla Qirg'iz” (hozirgi “Hidoya”) o'rta-maxsus diniy ta'lim muassasasida o'qigan. Shundan so'ng Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan.
2008 yil Respublika qorilar musobaqasida ishtirok etib, “mujavvid qorilar” yo'nalishi bo'yicha 3-o'rinni olgan. 2008 yil Toshkent viloyati “Olimjon ota” jome masjidida imom-xatib bo'lib ishlagan. 2008-2009 yillarda Horazm viloyatidagi “Faxriddin ar-Roziy” o'rta-maxsus diniy ta'lim muassasasi o'qituvchi vazifasida xizmat qilgan. 2009-2011 yillarda O'zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, magistrlik darajasini olgan.
Mashhur alloma Izuddin Bayyanuniyning “Tahorat va namoz hukmlari” nomli kitobini o'zbek tiliga tarjima qilgan. “Oltin silsila” hadislar to'plami tarjimonlaridan biri hisoblanadi.
Abror Muxtor Aliy bloger sifatida ham katta shuhrat qozongan. Voqea-hodisalarga tezkor va ilmiy asosli munosabat bildirishi ham e'tiborga molikdir.
Haq taolo Abror Muxtor Aliyga mas'uliyatli va sharafli vazifasini muborak aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar
Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.