E'tirof etilgan mazhablarni inkor etish (mazhabsizlik) oqibatida Qur'oni karim va hadisi shariflardan xohishga ko'ra hukm olish kelib chiqadi. Bu bilan mazhabni inkor qiluvchilar o'ziga xos hukm olish yo'lini “ixtiro” qilgan bo'lishadi. Bu hol, o'z navbatida, yangi mazhabni da'vo qilishdir. Bu haqda suriyalik mashhur olim Muhammad Sayyid Ramazon Butiy rahimahulloh: “Mazhabsizlik dindan chiqishga olib boradigan ko'prikdir”, deganlar.
Qur'oni karim va hadisi shariflardan o'zboshimchalik bilan yangi hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, musulmonlar qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik (ya'ni, hukumatga qarshi chiqish), dahshatga solish, obod joylarni vayron qilish, fitna qo'zg'ash kabi dinimizda man qilingan ishlarga olib bormoqda.
Mazhablarni inkor etuvchi buzg'unchi oqimlarda kuzatilayotgan fojealardan, e'tirof etilgan fiqhiy mazhablar va aqidaviy ta'limotlarni tan olmaslik oqibatida kelib chiqadigan xatarlardan ommani ogoh etib turish burchimizdir.
1-xatar.Musulmonni kofir deyish.
Ahli sunna va jamoa ulamolari nazdida biror musulmonni kofirga chiqarish mumkin emas. Bu (takfir) juda og'ir oqibatlarga olib keladi. Halifalik zamonlarida paydo bo'lgan xavorijlar birinchi bo'lib musulmonlarni kufrda ayblashi natijasida bir qancha musulmonlar, jumladan, Hazrat Ali roziyallohu anhu qatl etildilar.
“Qibla ahllaridan birortasini gunoh tufayli kofir sanamaymiz” degani Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keltirgan barcha narsaga imon keltirib, dinning asosiy ruknlaridan biror narsani inkor qilmagan odamni katta yo kichik gunoh tufayli kofir deb hukm chiqarmaymiz, deganidir.
Alloh taolo katta gunoh qilgan odamni mo'minlardan hisoblab: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsa, darhol ularni yarashtiring”(Hujurot surasi, 9-oyat), deya, oxirida: “...mo'minlar og'a-inilardir. Og'a-inilaringizni kelishtirib qo'yinglar...” (Hujurot surasi, 10-oyat) deb marhamat qilgan.
Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadi: “Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi”(Niso surasi, 114-oyat). Bu mo'min kishi yaxshilik qilsa, yomonliklari o'chiriladi, deganidir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu xususda quyidagi hadis sobit bo'lgan: “Kim bizning namozimizni o'qisa, qiblamizga yuzlansa, qurbonligimizni esa, u musulmondir. Bizning foydamiz u uchun ham foydadir va bizga ziyon narsa unga ham ziyondir”(Imom Buxoriy rivoyati).
Har qanday so'z yoki buzuq ish kufrga dalolat qilavermaydi. Musulmon kishini kofir deb hukm qilish uchun katta ilm bilan birga nihoyat darajada daqiq taftish qilish kerak bo'ladi. Shu bois, takfir masalasi faqat muftiy va qozilar hal qiladigan masalalardan hisoblanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar bir kishi birodarini “Ey kofir!” desa, batahqiq bu so'zi ikkisidan biriga qaytadi. Agar aytganidek bo'lmasa, uning o'zi kofir bo'ladi”(Imom Buxoriy rivoyati).
2-xatar. Musulmonlar rahbarlariga qarshi chiqish.
Musulmonlar rahbarlariga qarshi chiqish bog'iylikdir. Agar bog'iylar haq ustidagi rahbarga qarshi chiqqan paytda o'ldirilsa, ularga janoza o'qimaslik haqida fuqaholar fatvo berishgan.
Tahoviyning aqida kitobida quyidagilarni o'qiymiz: “Podsholarimiz va rahbarlarimizga qarshi, garchi zulm qilsalar ham, xuruj qilmaymiz, ularni duoibad ham qilmaymiz. Ularga itoat etishni Allohga itoat etish jumlasidan, ya'ni, farz deb bilamiz. Gunoh ishlarga buyursagina itoat etmaymiz. Ularning haqqiga yaxshi duolar qilib turamiz” (“Aqoid” matnlari. Shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi).
Dalil: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etinglar. Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etinglar!”(Niso surasi, 59-oyat).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat qilsa, batahqiq, Allohga itoat qilibdi. Kim menga isyon qilsa, batahqiq, Allohga isyon qilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
3-xatar.Nohaq qon to'kish.
“Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g'azabi va la'nati yog'ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir”(Niso surasi, 93-oyat).
Mo'min kishini qasddan o'ldirish qul ozod qilish yo xun to'lash bilan ham yuvib bo'lmaydigan katta jinoyat va gunohdir. Mo'min mo'minni qasddan o'ldirish bir aybsiz jonga qo'shib, imondek ulug' ne'mat tufayli vujudga kelgan din qardoshini ham o'ldirishdir. Shu bois ham qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar – jahannamda abadiy qolish, Allohning g'azabiga va la'natiga duchor bo'lish va u Zot tayyorlab qo'ygan ulkan azob va'da qilinmoqda.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmonning o'ldirilishi Allohning huzurida dunyoning tugashidan ham og'irroqdir”, deganlar.
“Ana o'sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo'ydik: “Biror jonni o'ldirmagan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaymiz; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz, amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O'zi rozi bo'ladigan amallarda, to'g'ri e'tiqodda sobitqadam qilsin!
Farrux HUDOYBYeRDIYeV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi mutaxassisi
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi