frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ekstremizm – mudhish illat

03.08.2021   2743   8 min.
Ekstremizm – mudhish illat

Keyingi yillarda, afsuski, ekstremizm chuqur ildiz otayotgan mudhish illat sifatida dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Jahonning turli burchaklarida ekstremistik o'choqlar va tashkilotlar paydo bo'lib, mutaassib a'zolari tomonidan aql bovar qilmas jinoyatlar sodir etilmoqda.

Ekstremistlarning asosiy maqsadi biror-bir davlatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, amaldagi tuzumni o'zgartirish, hokimiyatni zo'ravonlik bilan egallash, milliy, irqiy, etnik va diniy adovat qo'zg'atish, ma'naviyatini emirish, moddiy boyliklarini talash, qurol-yarog' va narkotiklar savdosini kuchaytirishdir.

“Ekstremizm” tushunchasi Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g'uluv”, “tug'yon”, “haddan oshish” kabi so'zlar bilan hamohang bo'lib, dinimiz ta'limoti­da ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur'oni karimda Alloh taolo bandalarini g'u­luvdan qaytarib, bunday ogohlantiradi: «Ey ah­li kitoblar! (Isoni ilo­­hiy­­lash­tirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytin­giz!..» (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karima­da: “Ey ah­li ki­tob­lar! Diningizda haddan oshmangiz va oldin­dan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb amr qilingan.

Muqaddas dinimizda yak­kayu yolg'iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdam­likka chaqiriladi. Din­da g'uluvga ketish, had­dan oshish ixtilofga, guruh­bozlikka, aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo'lgan ravofiz, xavorij, mo''tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g'uluvga ketish­ning oqibatidir. G'u­luv mashaqqat bo'lgani bois odamlar to'g'ri yo'ldan ozib, dindan nafratlanib, be­zib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o'z-o'ziga ma­shaqqat tug'diradigan yangi bid'at amallarni o'ylab topishi va dinni mashaq­qatdan iborat qilib ko'r­satishga sabab bo'ladilar. Bu esa Islom di­nining mo''­ta­dillik va engillikka cha­­qi­ruvchi, mashaqqat va qi­yinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta'li­mot­lariga ziddir. Zero, en­gil­lik berish Islomning aso­siy shior­­laridan biridir.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinlashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, de­yilgan.

Islom dini fasodga qar­­shi kurashib, oshkora va bo­­tiniy fitnalardan qay­targan. A'rof surasining 56-oyatida: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qil­mangiz!» deb amr etilgan.

Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya'ni “er” so'­zi, arab qoidalariga ko'ra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, de­yishadi. Shunda oyatning mazmuni: “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u erda fasod ishlarni qilmang”, bo'­ladi. Madina – Yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joy­da ham fasod qilmaslik­ka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo'­yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o'rmonning kulini ko'kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham Yer yuzini vayron qiladi.

Hozirgi kunda ayrim dav­latlarda g'uluvga ketgan, qo'­li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar fao­liyat olib borayotgani sir emas. G'arb mamlakatlari­ning ba'­zi ommaviy axborot vosita­lari ushbu ekstremis­tik gu­ruhlarning qo'poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog'lashga urinmoq­dalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la'natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o'n besh asr oldin boshlagan. Islomning mo''tadil din eka­ni uning har qanday ekstre­mizmga, xunrezlikka qarshi­ligining yaqqol isbotidir.

Turli ekstremistik oqim­­lar ta'siriga tushib qol­gan kimsalarning gumrohli­­gi shundaki, ko'r ko'rni qoron­g'ida topibdi deganiday, ular faqat o'zlariga o'xshash kishilarning gaplariga isho­nishadi. Samimiy na­sihat qilib, to'g'ri yo'lni ko'r­sat­gan olimlar u yoqda tursin, ba'zan ayrimlari ota-ona­si, akasini ham tan olmaydi. Bular haqida Qur'oni karimda: «Parvar­digori­ning oyatlari bi­lan nasihat qilingani­dan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan ko'ra kim ham zolimroq­dir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz» (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.

Shukrki, bag'rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolib, ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qil­mishiga chin pushaymon bo'­lib, butunlay tuzalish yo'li­ga o'tgan fuqarolarni afv etish to'g'risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e'lon qilinyapti. Oilasi bag'riga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar o'tkazib, ularga dinimizning asl mo­hiyatini tushuntirishga ha­rakat qilyapmiz.

Ibn Abbos roziyallohu an­humo muazzam Ka'ba devori­ga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka'ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni etti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganim­chalik yomon ish qilmagan bo'­lar edim”.

Vidolashuv hajida Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qonin­giz, molingiz va obro'yingiz bir-birinizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir”(Imom Muslim rivoyati), deb ogoh­lantir­ganlar. .

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg'am­bar sollallohu alayhi va sal­lam musulmonlarni qad­ri, ulug'ligi, azizligi, hur­mati ayon bo'lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o'zaro mollarini, jonlarini va obro'larni hurmat qilishga da'vat qildilar”, deb ta'­kidlaydi. .

Imom Shotibiy “Muvaf­faqot” kitobida yozishicha, barcha samoviy dinlar kabi Islom ham besh narsani – nafs, jon, mol, aql va nas­lu nasabni himoyasiga olgan. Ekstremist va ularning ho­miylari esa guruhlar shu narsalarning hammasiga qarshi urush e'lon qilib, aqidani ham, iqtisodni ham, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni, tinchlik-totuvlik, ham­jihatlikni ham buzish pa­yida bo'ladi.

Hulosa qilib aytganda, biz yoshlarning ongu shuuri­ni har qanday zararli mafkuralardan, g'oyalardan himoya qila olsak, odamlarga bugungi tinch va osuda hayotning qadriga etishni o'rtaga olsak, dunyoning ayrim mintaqalarida kuzatilayotgan urushlar, qon­li to'qnashuvlar, vayronagarchiliklar, din niqobi ostida sodir etilayotgan vahshiyona harakatlardan ogoh eta olsak, dinimizni, yurtimizni turli buzg'unchi kuchlar adovatidan saqlagan bo'lamiz. Zero, zararni daf etish foydani jalb qilishdan muqaddamdir.

 

Azizxo'ja INOYaTOV,

Buxoro viloyatidagi «Chor-Bakr» jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   8843   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari