Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Sharqu g'arbni yoritgan ziyo maskani

23.11.2023   1110   11 min.
Sharqu g'arbni yoritgan ziyo maskani

Sayyid Abdulloh aslida kim bo'lgan?

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog'ida, Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish yuzasidan aytgan so'zlari va bu borada bergan ko'rsatma va topshiriqlari tez fursatda hayotga tatbiq etildi. Madrasaning oliy ta'lim muassasasi maqomiga ko'tarilishi esa ko'hna ta'lim dargohi nufuzining yanada yuksalishi, jozibali va ko'rkam ko'rinishga ega bo'lishiga zamin yaratdi.

Biz ushbu maqolani tayyorlash jarayonida soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, etti iqlimga mashhur madrasaning tarixi, nomlanishi, unda ta'lim olgan allomalar va bugungi kunda oliy madrasa maqomini olgan ko'hna bilim dargohi haqidagi ma'lumotlar bilan qiziqdik.

Besh yuz yilki saboqlar berur...

— “Qubbatul Islom” deb e'tirof etilgan Buxoroi sharifda har bir tarixiy obida xalqimizning boy o'tmishidan, yuksak tafakkuridan darak beradi. Bunyod etilganiga 500 yildan oshayotgan Mir Arab madrasasi ham fikrimizning yorqin namunasidir. Ushbu madrasa milodiy 1530-1536 yillari xalq orasida Mir Arab nomi bilan mashhur bo'lgan buyuk alloma Sayyid Abdulloh Yamaniy tomonidan qurilgan, — deydi, O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov. — O'tgan salkam besh yuz yil davomida madrasada juda ko'plab tolibi ilm saboq oldi. Sharqu G'arbga ilm nurini taratishdek ezgu yo'lda xizmat qilgan bu dargohdan ko'plab buyuk zotlar etishib chiqdi. Madrasa O'rta Osiyo, Afg'oniston, Eron, Rossiya, Kavkaz, Ozarbayjon, Dog'is­ton kabi davlatlar musulmonlari hayotida ham muhim o'rin egallab kelgan.

Ushbu dargohda ta'lim olgan bitiruvchilar, o'z mamlakatlarida din sohasida obro'-e'tiborga ega bo'lib, yuzlab fozillar o'z millatlari faxru iftixoriga aylangan. Ayniqsa, Shahobuddin Marjoniy, ­Galimjon Borudiy, Musa Bigiyev, Sad­riddin Ayniy, Abdullajon Kalonzoda, Olimxonto'ra va Alixonto'ra Sog'uniylar, Munavvar qori Abdurashidxonov, ­Abdurauf Fitrat, Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon hazratlari, Olloshukur Poshshozoda, Talgat Tojuddin, Ahmad ­Qodirov kabi mo''tabar ulamolar mazkur madrasada tahsil olgan.

Ular o'z vaqtida mintaqada din sofligini ta'minlash, muqaddas dinimizni niqob qilib o'z siyosiy nayranglarini o'tkazmoqchi bo'lgan g'ayriinsoniy kuchlarga qarshi ma'naviy kurash olib borish, turli firqalarga bo'linishdan asrash, sof islom ma'rifatini keng targ'ib etishda jonbozlik ko'rsatib, o'z yurtida tinchlikni ta'minlashga munosib hissa qo'shgan.

Sayyid Abdulloh aslida kim bo'lgan?

XVI asrda tashkil etilgan Mir Arab madrasasi islom olami dunyosida katta nufuzga ega bo'lgan. Madrasadan etishib chiqqan buyuk allomalar o'zlaridan nodir va noyob asarlar meros qilib qoldirgan. Manbalarda yozilishicha, madrasaga asos solgan Mir Arab naqshbandiya tariqatining ulug' piri murshidi, sohibkaromat avliyo, ulkan tarbiyachi bo'lgan.

— Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh Yamaniy bo'lgan. Yamanning Hadramavt degan joyida, taxminan 1461 yilda podshoh oilasida tug'ilgan. Sayyid Abdullohni “Mir Arab” deyishlariga sabab, u kishining millati, amirligi va tug'ilgan joyiga ishoradir. Sayyid Abdulloh Allohga bo'lgan muhabbati oshib, ilm o'rganish uchun toju taxtdan voz kechib, 22 yoshida Samarqandga yo'l oladi, — deydi Mir Arab o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri Jaloliddin Saburov.

Samarqandning Ho'ja Kafshir guzarida Ho'ja Ahror Valiyga yo'liqib, u kishiga shogirdlikka tushadi. Ilm o'rganib, qisqa muddatda ustozidan irshod xati olib, pir darajasiga etishadi va Buxoro amiri Ubaydullaxonning piri bo'ladi. Mir Arab 1530 yil Buxoroda madrasa qurdirishga jazm qiladi. Madrasaning me'moriy tuzilishi Mir Arabning tushida zohir bo'lgan. Uyqusida ko'rgan koshona tasvirini quruvchi-ustalarga so'zlab berib, qiyomat qoyim bo'lgunga qadar ilmu ma'rifat ziyo­sini tarqatadigan madrasa bunyod etmoqni buyurgan. Qo'ligul ustalar buni qiyomiga etkazib bajargan. Madrasa Buxoro xoni Ubaydullaxon in'om etgan mablag' hamda ko'plab vaqf mulklari hisobiga qurdirilgan.

Bundan tashqari, u Shofirkon, Vobkent, G'ijduvonda ariqlar qazdirib, katta-­katta bog'lar barpo ettiradi. Ammo madrasa qurilishi tugamay vafot etadi. Allomaning sag'analari madrasaga kirish qismida joylashgan katta gumbaz ostiga qo'yilgan. Uning vasiyatiga ko'ra, kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga etkazgan. Mir Arabning oyoqlari tomonida o'z vasiyatiga binoan Amir Ubaydullaxon, buyuk allomalar va Amir Ubaydullohning yaqinlari ham dafn etilgan. Shundan so'ng Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi Sayid Abdulloh “Mir Arab” nomi bilan atala boshlangan.

Islom ma'naviy tsivilizatsiyasi ummoni

Darhaqiqat, Buxorodagi Mir Arab mad­rasasini Islom ma'naviy tsivilizatsiyasiga qo'shgan hissasini ummonga qiyoslash mumkin. Ushbu ummon tubiga teranroq nazar solsak, juda ko'plab irfoniy duru marvaridlarni kashf etib boraveramiz.

— Mir Arab madrasasi shonli tarixining yangi davridan hozirgi kungacha mingdan ortiq malakali diniy xodimlar, ko'plab muftiy, ulamolar va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ta'lim olgan. Madrasaning oliy ta'lim muassasasi maqomiga ko'tarilishi esa nafaqat yurtimiz, balki chet mamlakatlarda ham alohida bir voqelik sifatida qayd etildi, — deydi Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir Elov.

— Shu yilning fevral' oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning madrasamizga tashrifi, o'qituvchilar va talabalar bilan dildan suhbat qurishi jamoamizga qo'sh qanot bag'ishladi. Ayniqsa, madrasada, diniy ta'lim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bog'lash bo'yicha bergan alohida fikrlari barchamizga birday manzur bo'ldi. Davlatimiz rahbarining “Madrasa musulmon dunyosi ulamolari, maktabdor, mudarris, qozilar, masjid imomlari va turli darajadagi davlat amaldorlari tayyorlaydigan o'quv yurtidir”, degan so'zlari bu ta'lim muassasasining nechog'liq nufuzi baland ekanligiga yana bir ishoradir. Bugungi kunda Mir Arab oliy madrasasi huzurida “Tasavvuf ilmi maktabi” ham tashkil etilgan. 200 o'ringa mo'ljallangan oliy madrasada Qur'oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o'rgatiladi. Talabalarning ilm olish va yashashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Komp'yuter xonasi, fan kabinetlari, madrasa kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy boy madaniy va ma'naviy merosimiz hisoblangan qo'lyozma va toshbosma kitoblar yoshlarga xizmat qiladi. Bundan tashqari, faollar zali, talabalar yotoqxonasi, xizmat uyi, sport zal va basseynda ham barcha qulayliklar yaratilgan.

Hozirgi kunga kelib, madrasada 4 yil davomida diniy fanlar bilan birga, umumta'lim fanlari ham o'qitiladi. Ayni paytda 30 nafar oliy ma'lumotli va malakali o'qituvchi-mudarris 100 dan ortiq talabaga dars berib kelmoqda. Olis viloyat va tumanlardan kelgan talabalar yotoqxona bilan ta'minlangan. Madrasani bitirganlarga islomshunos, imom-xatib va arab tili o'qituvchisi mutaxassisligi ­bo'yicha shahodatnoma beriladi.

Tilla koshinlar yaratgan makroiqlim siri

— Mir Arab madrasasi 1530-1536 yillar davomida qurilgan bo'lib, shahar markazida joylashgan. Bino ikki ulkan gumbazi bilan boshqa tarixiy binolardan ajralib turadi. Madrasaning kirish qismi kunbotar tomonda. Shimoliy va janubiy peshtoqlari baland qilib qurilgan. Bu shimol bilan janubdan esadigan shamoldan saqlash hamda madrasa havosini tozalab turish imkonini beradi, — deydi Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi Asadulla Najmiddinov. —

Peshtoqlarning balandligi taxminan o'ttiz ikki metr. G'arbiy va sharqiy tomonda joylashgan peshtoqlar pastroq qurilgan. Bularning hammasi bino ichida o'ziga xos mikroiqlim yaratadi. Darvoza ulkan peshtoq ostida joylashgan. Bino to'rt qavatdan iborat. Hujralarni to'rtta ulkan peshtoq ajratib turadi. Madrasaning me'moriy shakli to'rtburchak — Qur'on kitobini eslatadi. Hujralarining 114 taligi esa Qur'on suralari soniga mos keladi. Ko'hna va ko'rkam madrasaning shimoliy gumbazi yarim koshin bilan qoplangan, janubiy gumbazi esa bezatilmagan. Koshinlarga kam miqdorda tilla, kumush, mis, ko'rg'oshin qo'shilgan. Bularning ko'p yillar xizmat qila oladigan hamda sifatliligi bilan ajralib turadigan kvarts qumiga aralashtirib ishlatilgan. Madrasaga hashamatli baland peshtoqdan kirilgan. Bir vaqtlar peshtoqlar juda baland bo'lgan. Rivoyatlarga ko'ra, madrasa asosi chuqur qilinib, tog' toshlari bilan mustahkamlangan, qor, yomg'ir suvini qochirish uchun tazarlar ishlangan, ular orqali suvlar shahar qo'rg'onidan tashqariga chiqarilgan.

Horijlik olimlar jalb etilmoqda

Mir Arab madrasasi o'z ko'rku salobatini namoyon etib, yilning to'rt faslida ham mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Yana shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, O'zbekiston musulmonlari idorasi va O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mitasining amaliy yordami bilan ko'hna o'quv dargohida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda.

Misrning dunyoga mashhur Al-Azhar universiteti, Madinadagi Islom universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda yurtimizning boshqa oliy o'quv yurtlari bilan Mir Arab oliy madrasasi o'rtasida ta'lim sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Yana bir e'tiborga molik xabar, Al-Azhar universitetining usulid din fanlari doktorlari, Shayx Ahmad Rajab Ahmad Adaviy va Shayx Ahmad Muhammad Ali hazratlari 2023 yildan Oliy madrasada dars berish uchun ishga qabul qilindi.

Ha, ezgu an'analar ruhi bilan sug'orilgan madrasa, xalqimizning diniy-ma'rifiy bilim saviyasini yuksaltiradigan, turli xil yot g'oyalarga qarshi o'zining ziyosi bilan kurasha oladigan, islom shariatining etuk bilimdonlarini tayyorlashda yangicha kuch va g'ayrat bilan o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Zero, Prezidentimiz aytganidek, “Bunday uzoq tarixga ega ta'lim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo'ldi, deb o'ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi bo'lmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni taj­ribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga o'xshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, to'g'ri tushuntirib berishi kerak”.

Gulichehra DURDIYeVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi

14.05.2025   5231   1 min.
Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi

Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.


Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan masjidlar qurish, ta’lim olish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordamga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.


Bugungi qabul davomida yurtimizning turli hududlaridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.


Ana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi Murojaatlar tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi
O'zbekiston yangiliklari