frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hanafiylik – sunnatga eng ko'p amal qiluvchi mazhab

27.07.2021   1311   5 min.
Hanafiylik – sunnatga eng ko'p amal qiluvchi mazhab

Ahli sunnat va jamoat ta'limotiga ergashuvchi to'rt mazhab – hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylikning har birining asosini Qur'oni karim va hadisi sharif tashkil qilishi hech kimga sir emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari har bir mazhab fiqhida asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazhab imomlari hamda ularga ergashgan izdoshlaridan   hech biri hadisi sharifdan tashqariga chiqmagan. Hadisi sharif turganda, o'z ra'ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bu hanafiy mazhabida yaqqol o'z ifodasini topgan, desak xato bo'lmaydi. Biroq, afsuski, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh o'z shogirdlari bilan birga hanafiylik mazhabini ta'sis qila boshlagan davrdan buyon to hozirgi kunimizgacha ushbu mazhab ahliga “ahli ra'y” degan tamg'a bosilib keladi. Bu,  asosan, salbiy ma'noda ishlatiladi. Ya'ni, din va mazhab dushmanlari: “Ushbu mazhab vakillari o'z fikrlarini oyat va hadisdan ustun qo'yadilar; ular hadis turganda, uni olmasdan, o'z ra'y-fikrlariga ergashadilar; hadisni olmasdan Imomi A'zamning gapini oladilar”, deganga o'xshash bo'htonni aytib keladilar.

Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh o'zining Abu Hanifa rahimahullohning manoqiblari to'g'risida yozilgan “Al-Hayrot al-hison” risolasida bunday degan:  “Bilginki, ulamolarning Abu Hanifa va uning shogirdlarini “ashobi ra'y” deyishlaridan maqsad, ularni kamsitish, ularni o'z ra'ylarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan va u zotning sahobalarining gaplaridan ustun qo'yadi, deb nisbatlash emasligini tushunmog'ing lozim! Chunki, ular bundan xolidirlar!”

Haqiqat shuki, bizning hanafiy mazhabida boshqa mazhablarga nisbatan hadisga ergashish ortiqroqdir, hammadan ko'ra bu mazhab sohiblari hadislar ma'nosini chuqurroq va mukammalroq tushunib etadilar. Hanafiylikning asosiy manbasi Qur'oni karimdir. Undan so'ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari eng asosiy manba hisoblanadi. Hatto, hanafiy mazhabida zaif hadis soxtalik ehtimoli bo'lgan quruq qiyosdan ustun qo'yilgan.

Hanafiylik mazhabida zaif hadis turganda qiyosga, ra'yga o'rin yo'q, zaif hadisga amal qilinadi. Bu hanafiy mazhabining boshqa mazhablardan ko'ra ustunligini ko'rsatadi. Ular qanchalik hadisga amal qilishni da'vo qilsalar ham, biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo'lmasa, unga amal qilmasdan o'z ra'y-fikrlariga ko'ra qiyos qilib hukm chiqaradilar. Hanafiylikda esa undoq emas. Biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo'lmagan taqdirda, zaif hadisga amal qilinadi, ra'y-fikrga suyanib qiyos qilinmaydi. Hullas, hanafiylikda zaif hadis barcha turlari bilan mujtahidning yoki biror bir faqihning gapidan ustun hisoblanadi.

Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh: “Allohdan va uning Rasulidan kelgan narsalarni bosh-u ko'z ustiga qabul qilamiz! Sahobadan kelgan narsalarning esa eng yaxshisini tanlab ergashamiz!  Ularning gaplaridan tashqari chiqmaymiz!” degan so'zlarini barcha manoqib kitoblarda ko'rishimiz mumkin.

Demak, to'rtta mazhabning hech bir ta'sischisi hadisi sharifdan tashqari chiqmagan, hadisi sharif turganda, o'z ra'ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bunga yorqin dalil sifatida mazhablarning Qur'oni karim va hadisi sharifdan dalillarni bayon qilgan kitoblarini ko'pdan ko'pini keltirish mumkin. Bunday kitoblar xar bir asrda o'zgacha uslublar bilan yozilgan. Bu borada hanafiy mazhabida ham talaygina kitoblar bitilgan. Ularning har biri bir-biridan o'ziga xosligi bilan ajralib turadi. Mana shunday sara kitoblar qatorida Rabboniy olim, mufassir, muhaddis shayx Muhammad Abdulloh ibn Muslim Bahlaviyning “Adillat-ul hanafiyyati minal ahodisin nabaviyyati alal masoilil fiqhiyati” kitobini keltirish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan kishi undagi boblar tartibining osonligi hamda hadislarni keltirishda muallifning hadis ilmi borasida juda zukko bo'lganiga xayratda qolmay iloji yo'q. Muallif kitobda hadislarni fiqhiy ahkomlarga monand qilib keltirgan.  Bir ming ikki yuz etmishta hadisni o'z ichiga olgan kitobni mutolaa qilgan har bir hanafiy mazhabiga ergashuvchi kishi o'z mazhabi ulamolariga nisbatan hurmati ziyoda, qalbi xotirjam bo'ladi.

Shuni e'tiborga olgan holda, mazhabimizni yanada yaxshiroq o'rganish, har bir masalaga mukammal dalillar mavjud ekanini chuqurroq anglash va anglatish yo'lida viloyat vakilligi saytida mazkur kitobdan zarur ma'lumotlar berishni yo'lga qo'ymoqdamiz. Ushbu xayrli ishni kitobni yaxshilab mutolaa qilgan va tarjimasini ham uddalayotgan Piskent tumanidagi “Sobirxon ota” masjidi imomi Sunnatulloh Abdulbositga topshirdik. Ezgu niyat ila boshlayotgan amalimizni Alloh xayrli va bardavom qilsin!

 

 

O'MI Matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   2494   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari