Ahli sunnat va jamoat ta'limotiga ergashuvchi to'rt mazhab – hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylikning har birining asosini Qur'oni karim va hadisi sharif tashkil qilishi hech kimga sir emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari har bir mazhab fiqhida asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazhab imomlari hamda ularga ergashgan izdoshlaridan hech biri hadisi sharifdan tashqariga chiqmagan. Hadisi sharif turganda, o'z ra'ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bu hanafiy mazhabida yaqqol o'z ifodasini topgan, desak xato bo'lmaydi. Biroq, afsuski, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh o'z shogirdlari bilan birga hanafiylik mazhabini ta'sis qila boshlagan davrdan buyon to hozirgi kunimizgacha ushbu mazhab ahliga “ahli ra'y” degan tamg'a bosilib keladi. Bu, asosan, salbiy ma'noda ishlatiladi. Ya'ni, din va mazhab dushmanlari: “Ushbu mazhab vakillari o'z fikrlarini oyat va hadisdan ustun qo'yadilar; ular hadis turganda, uni olmasdan, o'z ra'y-fikrlariga ergashadilar; hadisni olmasdan Imomi A'zamning gapini oladilar”, deganga o'xshash bo'htonni aytib keladilar.
Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh o'zining Abu Hanifa rahimahullohning manoqiblari to'g'risida yozilgan “Al-Hayrot al-hison” risolasida bunday degan: “Bilginki, ulamolarning Abu Hanifa va uning shogirdlarini “ashobi ra'y” deyishlaridan maqsad, ularni kamsitish, ularni o'z ra'ylarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan va u zotning sahobalarining gaplaridan ustun qo'yadi, deb nisbatlash emasligini tushunmog'ing lozim! Chunki, ular bundan xolidirlar!”
Haqiqat shuki, bizning hanafiy mazhabida boshqa mazhablarga nisbatan hadisga ergashish ortiqroqdir, hammadan ko'ra bu mazhab sohiblari hadislar ma'nosini chuqurroq va mukammalroq tushunib etadilar. Hanafiylikning asosiy manbasi Qur'oni karimdir. Undan so'ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari eng asosiy manba hisoblanadi. Hatto, hanafiy mazhabida zaif hadis soxtalik ehtimoli bo'lgan quruq qiyosdan ustun qo'yilgan.
Hanafiylik mazhabida zaif hadis turganda qiyosga, ra'yga o'rin yo'q, zaif hadisga amal qilinadi. Bu hanafiy mazhabining boshqa mazhablardan ko'ra ustunligini ko'rsatadi. Ular qanchalik hadisga amal qilishni da'vo qilsalar ham, biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo'lmasa, unga amal qilmasdan o'z ra'y-fikrlariga ko'ra qiyos qilib hukm chiqaradilar. Hanafiylikda esa undoq emas. Biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo'lmagan taqdirda, zaif hadisga amal qilinadi, ra'y-fikrga suyanib qiyos qilinmaydi. Hullas, hanafiylikda zaif hadis barcha turlari bilan mujtahidning yoki biror bir faqihning gapidan ustun hisoblanadi.
Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh: “Allohdan va uning Rasulidan kelgan narsalarni bosh-u ko'z ustiga qabul qilamiz! Sahobadan kelgan narsalarning esa eng yaxshisini tanlab ergashamiz! Ularning gaplaridan tashqari chiqmaymiz!” degan so'zlarini barcha manoqib kitoblarda ko'rishimiz mumkin.
Demak, to'rtta mazhabning hech bir ta'sischisi hadisi sharifdan tashqari chiqmagan, hadisi sharif turganda, o'z ra'ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bunga yorqin dalil sifatida mazhablarning Qur'oni karim va hadisi sharifdan dalillarni bayon qilgan kitoblarini ko'pdan ko'pini keltirish mumkin. Bunday kitoblar xar bir asrda o'zgacha uslublar bilan yozilgan. Bu borada hanafiy mazhabida ham talaygina kitoblar bitilgan. Ularning har biri bir-biridan o'ziga xosligi bilan ajralib turadi. Mana shunday sara kitoblar qatorida Rabboniy olim, mufassir, muhaddis shayx Muhammad Abdulloh ibn Muslim Bahlaviyning “Adillat-ul hanafiyyati minal ahodisin nabaviyyati alal masoilil fiqhiyati” kitobini keltirish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan kishi undagi boblar tartibining osonligi hamda hadislarni keltirishda muallifning hadis ilmi borasida juda zukko bo'lganiga xayratda qolmay iloji yo'q. Muallif kitobda hadislarni fiqhiy ahkomlarga monand qilib keltirgan. Bir ming ikki yuz etmishta hadisni o'z ichiga olgan kitobni mutolaa qilgan har bir hanafiy mazhabiga ergashuvchi kishi o'z mazhabi ulamolariga nisbatan hurmati ziyoda, qalbi xotirjam bo'ladi.
Shuni e'tiborga olgan holda, mazhabimizni yanada yaxshiroq o'rganish, har bir masalaga mukammal dalillar mavjud ekanini chuqurroq anglash va anglatish yo'lida viloyat vakilligi saytida mazkur kitobdan zarur ma'lumotlar berishni yo'lga qo'ymoqdamiz. Ushbu xayrli ishni kitobni yaxshilab mutolaa qilgan va tarjimasini ham uddalayotgan Piskent tumanidagi “Sobirxon ota” masjidi imomi Sunnatulloh Abdulbositga topshirdik. Ezgu niyat ila boshlayotgan amalimizni Alloh xayrli va bardavom qilsin!
O'MI Matbuot xizmati
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati