Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446

Qurbonlikning fazilati

15.07.2021   1939   6 min.
Qurbonlikning fazilati

Qurbonlik qilish zakot, fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo'lib, u Qur'oni karim, hadisi sharif va ijmo' bilan sobitdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz (o'tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva mollarini (so'yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo'yin suningiz va (ey, Muhammad!) Itoat qiluvchilarga xushxabar bering!” (Hoj, 34).

Baro ibn Ozib (roziyalohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bugungi birinchi qiladigan ishimiz avval iyd namozini o'qish, so'ngra uyga qaytib qurbonlik qilishimizdir. Kimdakim shunday qilsa, u sunnatga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u oilasi uchun tayyorlagan oddiy go'sht, ya'ni qurbonlik emasdir”.

Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go'shtidan so'ygan odamning o'zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo'ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko'ra muomala qiladi. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj, 37).

Haqiqatan, qurbonlikka so'yilgan hayvonlarning go'shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o'qib, qurbonlik so'ygan mo'minlar mening ummatimdandir”, – deganlar.

Qurbonlik so'yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so'ng so'yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.

Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so'yish vaqtida hozir bo'lishi mustahabdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo'l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o'tgan gunohlaring mag'firat qilinur”, - dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?”, - dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo'q, musulmonlarga umumiy”, - deb javob berdilar.

Qurbonlikka qo'y, echki, tuya, sigir kabi hayvonlarning erkagi ham, urg'ochisi ham so'yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo'y va echki esa 1 yoshga to'lgan bo'lishi kerak. Qo'y agar olti oyga to'lgan bo'lsa ham jussasi bir yoshnikidek katta bo'lsa uni qurbonlik qilish joizdir.

Mol va tuyani etti kishi nomidan so'yilishiga shariatimizda ko'rsatmalar bor. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan Hudaybiyada bir tuyani etti kishi nomidan, bir sigirni etti kishi nomidan so'ydik” (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Agar mol yoki tuya 7 kishi nomidan so'yiladigan bo'lsa, uning go'shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o'lchagan holda teng taqsimlanadi va etti kishi ham qurbonlik qilishni niyat qilgan bo'lishi lozim.

Qurbonlik so'yishi vojib bo'lgan kishi qurbonlikni vaqtida so'ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So'yilgan qurbonlikning uchga bo'lib, bir qismiini sadaqa qilish, yana bir qismini edirish, qolgan bir qismini o'zi va oilasi uchun olib qo'yish mustahabdir.

Ko'p bolali kishilar hammasini oilasi bilan baham ko'rishi ham mumkin. Musulmon bo'lmagan qo'shnilarga ham qurbonlik go'shtidan berish musulmonlik ziynatidan hisoblanadi. Qurbonlik terisini sotish, qassobga mehnatining evaziga berish mumkin emas, u faqir kishiga sadaqa qilinadi yoki ro'zg'orda ishlatish uchun olib qo'yiladi. Qassobga xizmat haqi beriladi, qurbonlik go'shtidan haq sifatida berilmaydi.

Qurbonlikka har tomonlama sog' va semiz bo'lgan jonliqlarni so'yish shariatimiz ko'rsatmalaridandir. Buning ham o'ziga xos hikmatlari bor albatta. Birinchidan, bu qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog'-salomat, hech bir nuqsonsiz bo'lishiga e'tibor berish, Yaratganga nisbatan yuksak odobni ko'rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchidan, bu musulmonlarning o'rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go'shtini emas, balki sog' va semiz hayvonlarning go'shtini sovg'a qilish yaxshi ishlardandir.

Odatda, hayit kunida hamma bir-birini ulug' kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so'ng birinchi o'rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug'larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularni ko'nglini so'rash va ko'tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o'zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o'zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog'imiz lozim bo'ladiki, Qurbon hayiti bayram bo'lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O'tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta'sir qilmasligi lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O'zining roziligi yo'lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Muborak haj safariga yurtimizdan borgan barcha hojilarimizning haj ibodatlarini mukammal ado etib, farzandlari bahriga sog'-salomat kelishlarini nasib etsin!

 Fazliddin ALLOYoROV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

28.04.2025   4482   3 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon ilmiy jamoatchiligi, ayniqsa turkiy davlatlarda alohida quvonch va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.

Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.  

Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.

Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.

Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.

O‘zA

MAQOLA