Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

16.07.2021 y. Qurbonlik fazilati va uning hukmlari

13.07.2021   4730   20 min.
16.07.2021 y. Qurbonlik fazilati va uning hukmlari

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِرَبِّ الْعَالَمِين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْاَمِين، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْعَارِفِين

QURBONLIK FAZILATI VA UNING HUKMLARI

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, Islom olamida Ramazon va Qurbon hayitlari katta tantana bilan bayram qilinadi. Ayniqsa, Qurbon hayiti kunlarida butun dunyo musulmonlari vakillari muqaddas Makka shahrida haj ibodatini bajarayotgan bo'ladilar. Haj ibodatlari ichida qurbonlik qilish ham bor. Buning ustiga haj qilmayotgan bo'lsada boylik nisobiga ega musulmonlarga ham qurbonlik qilish vojibdir.

Qurbonlik – so'zining o'zagi “qurbon”, arabchadan tarjima qilinganda “yaqinlashish” degan ma'noni bildiradi.

Qurbonlik qilish – “Alloh taologa yaqin bo'lish niyatida maxsus vaqtda, xos bir hayvonni so'yish”dir (“Al-mu'tasar az-zaruriy” kitobi).

Qurbonlik qilinadigan “maxsus vaqt” degani – Zul-hijja oyining o'ninchi (ya'ni, Qurbon hayiti kuni), o'n birinchi va o'n ikkinchi kunlaridir. Uning oxirgi vaqti Zul-hijjaning o'n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan nihoyasiga etadi.

“Hos hayvon”dan murod – qurbonlik uchun so'yiladigan tuya, qoramol, qo'y yoki echkidir.

Qurbonlik qilish shariatimizda, xuddi zakot kabi hijratning ikkinchi yili joriy etilgan.

Hanafiy mazhabiga ko'ra qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilishni vojib qiladigan boylik miqdori – kundalik hayot uchun zarur narsalaridan tashqari 85 gramm tilla yoki uning qiymatidagi mol-mulkka ega bo'lishdir.

Bu miqdor boylikka bir yil to'lgan bo'lishi yoki yil davomida o'suvchi bo'lishi shart emas. Hatto qurbon hayiti kuni faqir kishi 85 gramm tilla yoki uning qiymatiga ega bo'lsa, unga qurbonlik qilish vojib bo'ladi. Ammo kimda zakoti beriladigan mol-mulk, sotish niyatida olingan yoki keyinchalik sotish niyati paydo bo'lgan narsalar, ayni paytda yashalmayotgan uy-joylar, er va bog'lar, ijaraga berilgan uylar va mashinalar, minilmayotgan ulovlar, sog'ib ichiladigan hayvonlardan boshqa chorva mollari, o'qilmaydigan kitoblar, uyda ishlatilmay turgan idish-tovoq, ko'rpa-to'shak va gilamlar, suvenirlardan qaysi biri mavjud bo'lib, uning qiymati 85 gramm tillaning qiymatiga etsa, u kishiga qurbonlik qilish vojib bo'ladi.

Qurbonlik haqida Qur'oni karimning Haj surasida shunday deyiladi:

وَالْبُدْنَ جَعَلْنَاهَا لَكُمْ مِنْ شَعَائِرِ اللَّهِ لَكُمْ فِيهَا خَيْرٌ ...  (سورة الحج/36)

ya'ni:(Qurbon qilinadigan) tuya va sigirlarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir”  (36-oyat).

Boshqa bir oyati karimada shunday bayon qilingan:

فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ  (سورة الكوثر/2).

ya'ni: “Bas, Rabbingiz uchun namoz o'qing va qurbonlik qiling! (Kavsar surasi, 2-oyat).

Ushbu oyati karimani ulamolarimiz qurbonlikning vojib ekaniga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.

Qurbonlik – har yili takrorlanadigan ibodatdir. Qurbonlik – Allohni ulug'lash uchun qulay fursat va uni roziligini topishdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).

Demak, qurbonlik faqatgina Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchun, Uning roziligini qozonish uchun qilinadi. Alloh taolo bandaning qurbonligiga muhtoj emas, balki bandaning o'zi qurbonlik sababidan beriladigan ulkan ajrlarga muhtojdir.

Qurbonlik qilishning bir qancha fazilatlari bor. Avvalo, qurbonlik – Alloh taoloning shiorlaridan bo'lib, Alloh taolo sharaflagan narsani ulug'lash va boshqa narsalardan ustun qo'yishdir. Alloh taolo Haj surasida shunday marhamat qiladi:

ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ

الحج: 32

ya'ni: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug' deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (32-oyat).

Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَا عَمِلَ آدَمِيٌّ مِنْ عَمَلٍ يَوْمَ النَّحْرِ أَحَبَّ إِلَى الله مِنْ إِهْرَاقِ الدَّمِ إِنَّهَا لَتَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِقُرُونِهَا وَأَشْعَارِهَا وَأَظْلاَفِهَا وَإِنَّ الدَّمَ لَيَقَعُ مِنَ الله بِمَكانٍ قَبْلَ أَنْ يَقَعَ عَلَى الأَرْضِ فطِيبُوا بِهَا نَفْساً

 (رواه الامام الترمذي)

ya'ni:Qurbon hayiti kuni odamzot qon chiqarishdan ko'ra Allohga mahbubroq ish qilolmas. Albatta, u hayvonlar Qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar. Albatta, qon erga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga etur. Shunday ekan uni chin ko'ngildan qilingiz” (Imom Termiziy rivoyatlari)

Mulla Ali Qori rahimahulloh ushbu hadis sharhida shunday deydilar: “Ba'zi vaqtlar ma'lum bir ibodatga xoslangandir. Qurbon hayiti kuni esa, Ibrohim alayhissalom ado etgan – jonliq so'yish va takbir aytish bilan xoslangan” (“Mirqotul mafotih” kitobi). 

Qurbonlik qilish – Nabiy alayhissalomning muborak sunnatlari hamdir. Bu haqda Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu shunday deydilar:

أَقَامَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِالْمَدِينَةِ عَشْرَ سِنِينَ يُضَحِّي

أخرجه أحمد والترمذي، وسنده حسن

ya'ni: “Nabiy alayhissalom Madinada o'n yil qurbonlik qildilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Bu rivoyatdan Nabiy alayhissalom Madinada qurbonlikni kanda qilmaganlari ma'lum bo'lmoqda.

Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ

(رواه الإمام البخاري)

ya'ni:Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizning avvali iydul azho (qurbon hayiti) namozini o'qish, so'ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik qilishdir. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kim hayit namozidan oldin so'ysa, u qurbonlik emas, balki o'z ahli uchun taqdim qilgan go'shtdir”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hulosa qilib aytganda, qurbonlik qilish va uning go'shtidan yaqinlarga ulashish odamlar o'rtasida mehr-oqibatni paydo qiladi. Adovatni ketkazadi. Qurbonlik qiluvchining martaba va obro'sini ko'taradi. Gunohlar to'kilishiga sabab bo'ladi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam qurbonlik so'yishga qodir bo'la turib, uni bajarmagan kishi haqida bunday deganlar:

مَنْ وَجَدَ سَعَةً وَلَمْ يُضَحِّ فَلَا يَقْرَبَنَّ مُصَلَّانَا

(رواه الإمام ابن ماجة عن أبي هريرة رضي الله عنه)

 ya'ni: “Imkoni bo'la turib, qurbonlik qilmagan kishi namozgohimizga yaqinlashmasin” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Qurbonlik uchun qo'y, echki, qoramol va tuyadan biri so'yiladi. Qo'y echki bir kishidan, tuya va qoramol etti kishigacha odamlardan qurbonlik qilinadi.

Bu haqda Jobir Ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar:

نَحَرْنَا مَعَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عام الحديبية الْبَقَرَةَ عَنْ سَبْعَةٍ وَالْبَدَنَةَ عَنْ سَبْعَةٍ

(رواه الإمام مسلم)

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan Hudaybiya yili mol va tuyadan har birini etti kishining nomidan so'ydik” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, tuya yoki sigir (yoki buqa)ga etti kishigacha sherik bo'lishi mumkin. Undan ortig'i durust emas.

“Muxtasarul viqoya” kitobida shunday deyilgan: “Majnun (jinni), tug'ma shoxi yo'q va qo'tir bilan kasallangan hayvonlarni qurbonlik qilish joiz. Lekin o'ta ozg'in yoki so'yiladigan joyiga bora olmaydigan darajada cho'loq qo'ylarni qurbonlikka so'yish joiz emas”.

Qurbonlik qilinadigan tuya besh yosh, qoramol ikki yosh, qo'y yo echki bir yoshga to'lgan bo'lishi shart. Bu yoshga etmagan hayvonlarni so'yish bilan qurbonlik ado bo'lmaydi. Faqat bir yoshli qo'ylarga tenglashib ketgan bo'lsa, olti oylik qo'zi ham qurbonlikka yaraydi.

Shoxini ba'zisi singan qo'yni ham qurbonlik qilishga ruxsat berilgan. Ammo  shoxi tag-tubidan singan bo'lsa uni qurbonlikka so'yish joiz emas.

Qo'tir qo'yni qurbonlikka so'yish uchun qo'tirlik go'shtga o'tmagan va ayni paytda em-xashak eb turgan bo'lishi shart qilinadi. Aks holda qo'tir qo'yni ham qurbonlikka so'yishga ruxsat berilmaydi. (“Al-Fatovo al-hindiyya” kitobi).

Ikki ko'zi ko'r yoki bir ko'zi ko'r hayvonni qurbonlik uchun so'yilmaydi. Tuya, sigir, qo'y va echkilarning erkagi ham, urg'ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlikka yaraydi. (“Al-Hidoya” kitobi).

Qurbonlik go'shtidan uning egasi eyishi, boyu kambag'allarga edirishi va saqlab qo'yishi joiz. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom:

كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ أَكْلِ لُحُومِ الأَضَاحِي بَعْدَ ثَلاثٍ فَكُلُوا مَا شِئْتُم

ya'ni: “Sizlarni qurbonlik go'shtlarini uch kundan keyin eyishdan qaytargan edim, endi istagancha eyaveringlar...”, – deb marhamat qilganlar. (Imom Tabaroniy, “Al- Mo''jam as-sag'ir”)

Qurbonlikning vaqti – uch kundir. Qurbon hayitining birinchi, ikkinchi va uchinchi kunining quyosh botgunicha.

Qurbonlikning avvalgi vaqti, agar shahar joyda so'yilsa – Qurbon hayit namozi o'qilgandan keyin. Agar undan boshqa (juma o'qilmaydigan qishloq) joylarda so'yilsa, hayit kuni tong otgandan boshlanadi. Oxirgi vaqti esa (hayitning) uchinchi kuni quyosh botishidan ozgina avval tugaydi.

   Qurbonlik go'shtining uchdan biridan kam bo'lmagan qismini sadaqa qilish mustahabdir. Go'shtning bir qismini o'ziga olib qoladi, bir qismini taom qilib ediradi, bir qismini esa go'sht holicha tarqatadi. Bunday taqsimlash mustahab, vojib emas.

Muhtaram azizlar! Fiqhiy mavzudagi suhbatimizda qurbonlik haqida eng ko'p so'raladigan masalalarni o'rganamiz.

  1. Qulog'i, dumi, dumbasidan ba'zisiga nuqson etgan yoki kesilgan hayvonni qurbonlik uchun so'yish mumkinmi?

Javob: Ushbu a'zolarning uchdan biri yoki undan ko'pi yo'q bo'lsa, qurbonlik uchun so'yish joiz emas. Ammo uchdan biridan oz miqdori yo'q bo'lsa, qurbonlik qilsa bo'ladi. Shunigdek, qulog'ini uchdan birini ketkazmagan holda tamg'a yoki belgi qo'yilgan bo'lsa yoki quloqni ikkiga yorib qo'yilgan bo'lsa ham bunday jonliqni qurbonlik uchun so'yish joizdir. Ikkita qulog'dagi nuqson bir-biriga qo'shilmaydi, balki har bir quloqning o'zi alohida hisob-kitob qilinadi (“Al-Fatovo al-hindiyya” kitobi).

  1. Beparvolik qilib qurbonlik qilmagan kishi nima qiladi?

Javob: Hanafiy mazhabimizga ko'ra, qurbonlik zimmasiga vojib bo'lgan bo'lsada, unutish, beparvolik va boshqa sabablar bilan qurbonlik qilmagan kishi, shu yilning hisobidan bitta qurbonlikka yaraydigan qo'yning qiymatini kambag'allarga berishi vojibdir. Buning ustiga zimmasidagi vojibni kechiktirgani uchun tavba qilib, istig'for ham aytadi. (“Al-Hidoya” va “Badoi'us-sanoi'” kitoblari). Vallohu a'lam.

  1. Qurbonlik qilishni niyat qilgan kishi tirnoq va sochlarini olmasligi kerakmi?

Javob: Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhga ko'ra qurbonlik qilmoqchi bo'lgan kishi soch va tirnoqlarini olishi muboh amal sanaladi. Hohlasa olishi yoki olmasligi mumkin. Hanafiy mazhabining keyingi ulamolari hadisi sharifdagi buyruq mustahabni ifoda qiladi, deganlar. Bunga ko'ra qurbonlik qilmoqchi bo'lgan kishilar qurbonlik qilgunlariga qadar soch va tirnoqlarini olmasliklari mandub - yaxshi amal sanaladi. Lekin soch va tirnoqlarini olsalar ham makruh bo'lmaydi.

  1. Takbiri tashriq qachon va qanday aytiladi?

Javob: Takbiri tashriq – qurbonlik kunlari takbir aytib Alloh taoloni ulug'lashdir. Takbiri tashriq Arafa kuni bomdod namozidan boshlanadi. Bunga hamma ulamolarimiz ittifoq qilganlar. Fatvo berilgan – Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning so'zlariga ko'ra takbiri tashriqning oxirgi vaqti Qurbon hayiti to'rtinchi kunining asr namozida tugaydi. Ya'ni, Arafa, Qurbon hayiti va undan keyingi uch kun, jami yigirma uch namozdan iborat bo'ladi.

Uning ko'rinishi quyidagicha:  الله أكبر الله أكبر لا إله إلا الله والله أكبر الله أكبر ولله الحمد

Jamoat bilan o'qilgan farz namozlarining salomidan keyin darhol takbiri tashriqni bir marta aytish vojibdir. Agar iqtido qilgan bo'lsa ayolga ham, musofirga ham vojib bo'ladi. Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar. Bu masalani ehtiyot tomonini olgan ulamolarimiz (Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar) har bir farz namozini o'qigan erkak yo ayol takbiri tashriq aytishi vojib, chunki takbir farz namozga tobe'dir, deganlar. Imom takbir aytmasa, ergashuvchilar aytadi.

Hurmatli jamoa! Mana shunday fazilatli amal – qurbonlik qilganimizda ota-ona, opa-singil, aka-uka, qarindoshlar, qo'ni qo'shnilar va mahallamizdagi kambag'al oilalarga shirin so'z aytish va ehson qilishni unutmaylik. Zero, dinimizda o'zgalarning qalbiga xursandchilik solish Alloh taologa eng sevimli ishlardandir!

Alloh taologa sevimli bo'lgan bu kunlarda ehsonlarni ko'paytirib, uni muhtoj oilalarga yo'naltirishimiz ayni muddaodir. Chunki bayram kunlarida etimlar, bevalar, nogironlar va qarovchisini yo'qotgan keksalarga yaxshilik qilish, moddiy yordam ko'rsatish katta savobdir. Har sohada mavsumlar bo'lgani kabi, shu o'tkazayotgan kunlarimiz ham savob ishlash uchun bir mavsumdir. Bundan unumli foydalanib qolishimiz, badaniy va moliyaviy ibodatlarni imkon qadar ko'proq qilib qolish kerak. Zero Payg'ambarimiz alayhissalom: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi...”, – deb marhamat qilganlar.

Ogohlik ma'nosida shuni eslatamizki, ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodiy yordam so'raydigan firibgarlar ham etarlicha topiladi. Alloh saqlasin, xayru-ehsonlarimiz noloyiq, mutassib shaxslar qo'liga tushib qolmasin. Ehsonlar va mablag'lar o'z joyiga etib borishi uchun mahalla, rasmiy imom domlalar va “Vaqf” xayriya fondi orqali bu ishni amalga oshirish to'g'ri bo'ladi. Chunki mazkur tashkilotlarda ehsonga haqli bo'lganlar o'rganib chiqilgan va ularning ro'yxati shakllantirilgan. Imkon boricha muhtojlarga yordamchi bo'laylik!    

 Alloh taolo barchamizni hayitlarga salomat etkazsin! Qurbonlik va shu kabi o'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Sharmu hayo – imondandir”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Salla va do‘ppi

9.01.2025   4704   6 min.
Salla va do‘ppi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Musulmonlar doimo ust-boshlariga pokiza va viqor beradigan kiyimlar kiyib keladi. Islom dini, ham tashqi, ham ichki poklikni shari’at talablariga muvofiq joriy qilgan. Alloh taolo go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi. Salla ana shu tashqi ko‘rinishdagi go‘zallikning bir qismi bo‘lib, boshqa kiyimlarga qaraganda o‘ziga xos madaniyatni anglatadi. Salla musulmonlarning uzoq tarixga ega bosh kiyimi hisoblanadi. U boshga o‘raladigan mato bo‘lib, kishilar uni vaziyatga va jamiyatdagi urfga ko‘ra o‘rab yurishgan. Garchi uni o‘rashning bir necha usullari mavjud bo‘lsa ham, ma’lum shakli va rangi talab qilinmaydi.

Salla issiqdan, sovuqdan va chang to‘zondan himoyalanadigan bosh kiyimi bo‘lib, bu haqda mashhur tobe’iyn, «Nahv» fani asoschilaridan biri Abulasvad Duvaliy aytgan: “Salla jangda qalqon, issiqda soyabon, sovuqdan himoya, voizga viqor, turli tasodiflardan saqlovchi, inson qomatiga ziynatdur”. Qadimdan salla erkaklarning muruvvatini va qavm orasidagi obro‘-e’tiborini bildirgan.

Hatto hazrati Umar roziyallohu anhu, salla arablarning tojidur, deganlar. Salla kiyish borasida kelgan hadislar shari’at talab darajasida joriy qilishga yetadigan quvvatli emas, lekin Rasululloh alayhissalomning qavmlari odatiga ko‘ra salla o‘raganliklari siyratlari va kundalik holatlari borasida kelgan rivoyatlarda aytilgan bo‘lib, ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

عن إبن عمر رضي الله عنهما مرفوعا” عليكم بالعمائم فإنها سيما الملائكة وأرخوها خلف ظهوركم”

Ibn Umar roziyallohu anhudan Nabiy alahissalomgacha yetib borgan sanad bilan rivoyat qilingan hadisda: “Sallalarni lozim tutinglar, zero bu farishtalarning siymosidur va uning peshini ortingizga tashlab olinglar”, deganlar.
 

عن ابن عباس رضي الله عنهما مرفوعااعتموا تزدادوا حلما

.Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alahissalom: “Salla kiyinglar, halimligingiz ziyoda bo‘ladi”, dedilar


عن ركانة قال رسول الله صلى الله عليه وسلمفرق بيننا وبين المشركين العمائم على القلانس

Salla o‘rash borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 833-cavolga javob bergan. Javobda shunday deyilgan:

“O‘tmishda ahli ilm va fazilatli kishilar va ko‘pchilik ma’rifatparvar ajdodlarimiz sallada yurishni odat qilganlar. Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Rasuli akram alayhissalomning ushbu kiyinish odatlari shari’at buyrug‘i sifatida qabul qilinmagan. Biror bir olim salla kiymagan kishi gunohkor bo‘lishini aytmagan. Balki, Islom kelganida erkaklar sallada yurishlari urf-odatlardan biri bo‘lib, bu borada kofir ham musulmon ham barobar bo‘lgan. Bu haqda Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday deyishadi:


وأما لبس النبي صلى الله عليه وسلم العمامة وحمله العصا فهو فعل عادي وقع على عادة العرب ذلك الزمن، وليس فعلا تشريعيا يدل على الاستحباب ولا يتأسى به الناس.

“Payg‘ambarimiz alayhissalomning salla kiyishlari va hassa tutishlari odatiy fe’llaridan bo‘lib, o‘sha zamon arablarining urflariga binoan qilinar edi. Bu ishlar mustahablikka dalolat qiladigan va odamlar o‘rnak oladigan shar’iy hukmlardan emas”.

Bosh kiyimlaridan yana biri bu do‘ppidir. Har bir millatning o‘ziga xosligini bildirib turuvchi libosi bo‘lib, millatning madaniyati va ba’zi o‘rinlarda diniga ham dalolat qiladi. Shuning uchun ham har bir millat o‘zligini saqlab qolish uchun milliy kiyimlar, milliy urf-an’analar, bayramlarini saqlab qolishga harakat qiladi. Ayniqsa bosh kiyim boshqa liboslardan ko‘ra o‘ziga xos o‘rin tutadi, chunki inson tanasidagi a’zolar ichida bosh eng aziz a’zo hisoblanadi. Shu e’tibordan bosh kiyimni oyoq ostida qolib ketmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Shar’iy kitoblarimizga ham do‘ppi masalasi kiritilgan bo‘lib, ulamolarimiz ba’zi oyatlar va hadislardagi ma’nolarning dalolatidan sababsiz bosh kiyim kiymay namoz o‘qish makruh deb aytganlar.

Alloh taolo A’rof surasi 26-oyatida: “Ey, Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar”.

Shayx Polonpuriy hazratlari oyatdagi taqvo libosi taqvodor kishi kiyadigan libosi deb tafsir qilgan.

A’rof surasining 31-oyatida: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringizni (kiyib) olingiz!”.

Mufassirlar ushbu oyatdagi ziynatdan murod – kishi uchun viqor bag‘ishlaydigan kiyimlar ekaniga ittifoq qilishgan.

Bosh kiyimsiz namoz o‘qish borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 109-cavolga javob bergan:

“Ko‘plab mo‘tabar ulamolar bundan bir necha asr muqaddam o‘z kitoblarida ushbu masalaga to‘xtalib, uning hukmini ochiq-oydin yozib ketganlar. Jumladan: Alloma Haskafiy o‘zining “Durrul muxtor” kitobida namozdagi makruh amallarni sanab, shunday degan:

وَصَلَاتُهُ حَاسِرًا  رَأْسَهُ لِلتَّكَاسُلِ, وَلَا بَأْسَ بِهِ لِلتَّذَلُّلِ ، وَلَوْ سَقَطَتْ قَلَنْسُوَتُهُ فَإِعَادَتُهَا أَفْضَلُ إلَّا إذَا احْتَاجَتْ لِتَكْوِيرٍ أَوْ عَمَلٍ كَثِيرٍ

“Namozxon (bosh kiyim kiyishga) erinchoqlik qilib, yalangbosh holda namoz o‘qishi namozning makruhlaridandir. Agar o‘zini xokisor tutish uchun shunday qilsa, zarari yo‘q. Agar bosh kiyimi (namoz asnosida boshidan) tushib ketsa uni qaytarib olishi afzaldir. Lekin, uni o‘rashga yoki ko‘p harakat qilishga ehtiyoj bo‘lsa, bunday qilmaydi”.

Qolaversa, bosh kiyim bilan namoz o‘qish odob, namozga hurmat hisoblanadi. Shuning uchun namozni bosh kiyim bilan o‘qish afzal”.

Murtazoyev Arabxon,
Toshkent Islom instituti talabasi.