Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Qurbonlik haqida

10.07.2021   5750   12 min.
Qurbonlik haqida

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolar

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo'lsin

 

Qurbonlik lug'atda “yaqinlashmoq”, “yaqin bo'lmoq” ma'nolarini bildirib, istilohda bu so'z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so'yishni anglatadi.

Qurbonlik Islom dinining vojib bo'lgan ulug' amallaridan biridir. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Parvardigoringiz uchungina namoz o'qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).

Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni erta bilan o'zlari qurbonlik qilardilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ'ib etardilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati bo'la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Har kim qurbonlik qilishga qodir bo'lsa-yu, qurbonlik qilmasa, vafotidan keyin majusiylar yoki nasroniylar qatorida tiriladi”, dedilar.

 

Qurbonlik tarixiga bir nazar

Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo'lgan bo'lsada, lekin uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). 

 

Qurbonlik qilishdan maqsad nima?

Qurbonlik qilishdan maqsad banda o'zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so'ygan hayvonning go'shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas: «Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (Haj surasi, 37-oyat).

Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko'rsatadi va to'g'ri yo'lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo'ladi.

Allohga har qancha shukr qilsak, shuncha oz. Holis Allohning O'zi uchun ibodat qilib, namoz o'qish, faqat Allohning yo'lida jonliq so'yib, beva-bechoralarni to'yg'azish shukrning bir ko'rinishidir.

Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug'ligi zohir bo'ladi.

 

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo'lishi uchun 4 narsa topilishi shart.

  1. Musulmon bo'lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo'lib kofir unga ahl emas (Badoye'us sanoye').
  2. Ozod bo'lish. Chunki qulning mulki bo'lmaydi (Al bahrur roiq).
  3. Nisob egasi bo'lish.
  4. Muqim bo'lish. Musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo'lsa ham. Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musofir zimmasiga qurbonlik vojib emas”. 

 

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so'yish bilan ado topadi:

Qo'y (qo'y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuyadir. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o'rniga o'tmaydi.

Qo'yda yolg'iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan etti kishigacha sherik bo'lib ado qilishlari mumkin. Qo'y olti oylik va undan katta bo'lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo'lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo'lishi shart.

Shu bilan birga, qurbonlikka so'yiladigan hayvon semiz, yo'g'on va yoshi katta bo'lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so'yishdan ehtiyot bo'lish lozim.

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To'rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko'zi ko'rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho'loqligi zohir cho'loq va o'rnidan tura olmaydigan o'ta ozg'in hayvon”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo'lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog'i, yoki dumi, yoki ko'zining bir qismidan ko'prog'i yo'q bo'lsa, qurbonlikka so'yish joiz emas.

Kasal, cho'loq va ozg'in hayvonlar so'yadigan joyga o'z oyog'i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so'yish joiz emas.

 

Qurbonlik qilish vaqti

  • qurbonlik hayit namozi o'qib bo'lingandan keyin boshlanadi.
  • hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi. 

 

Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?

Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so'yish orqali ado etiladi. Jonliqni so'ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag'ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Bir kishi qurbonlik kunlarida qo'yning o'zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o'rniga o'tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog'liqdir” (Badoye'us sanoye').

 

Qurbonlik odoblari

Qurbonlik qilish vojib bo'lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:

Avvalo – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to'g'ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo'lishi lozimdir. Boshqalar “ko'rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo'ladi.

Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi.

Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig' tekkizmasligi mustahabdir.

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sizlardan birortangiz qurbonlik qilishni iroda qilsa, sochiga va terisiga hech narsa tekkizmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.

To'rtinchi odob – qurbonlikni o'z qo'li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o'z qo'li bilan so'yishi mustahabdir. Ammo o'zi so'yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko'ra o'zi so'ymasdan, boshqaga so'ydirishning zarari yo'q.

Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.

Oltinchi odob — so'yish odoblariga rioya qilish.

Hayvonlarni so'yishning o'ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog'ini bog'lab, bo'ynining pastidan, ko'kragi tamondan so'yish, qoramol va qo'ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog'ining tagidan so'yish, pichoqning o'tkir bo'lishi, uni so'yiladigan hayvonning oldida o'tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko'z oldida so'ymaslik shular jumlasidandir.

Alloh taolo qilayotgan har bir amalimiz qatorida ushbu qurbonliklarimizni ham O'zining rizoligi uchun qilingan ibodatlar qatorida qabul aylasin!

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh uchun bo‘lgani qoladi

01.08.2025   3478   3 min.
Alloh uchun bo‘lgani qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kecha imom Zahabiyning «Siyaru a’lomin nubalo» asarini o‘qiyotgan edim. U kitobdagi Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning imom Molik rohimahulloh haqida aytgan gapi hali ham quloqlarim ostida jaranglamoqda:

«Molik ibn Anas kabi ko‘tarilgan kishini ko‘rmadim. U ko‘p ro‘za tutmas, ko‘p namoz o‘qimas edi. Ammo unda qalb bor edi!».

Do‘stim! Imom Molik rohimahulloh «Muvatto» asarini yozganida kishilar unga: «Hadis kitoblari ko‘p-ku! Kishilarning bunga nima ehtiyoji bor?!», deyishgan edi. Imom Molik rohimahulloh: «Alloh uchun bo‘lgani qoladi!», degan edi.

Imom Molikning butun borlig‘i Alloh uchun edi. Darhaqiqat, «Muvatto» qoldi.

Do‘stim! Alloh taolo bandasining xolis O‘zi uchun qilinadigan bittagina bo‘lsada yashirin ibodatini sevadi. U amalni hech kim ko‘rmasa, maqtamasa, hech kim eshitmasa, olqishlamasa, uni bajarganda maqsad faqat Allohning rizosi bo‘lsa, Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmasligiga ishonsa banda…

Kameralar tushura olmaydigan doimiy sadaqang bo‘lsa, kechalari namoz o‘qisang-u, uni oilang bilmasa, do‘konlarga borib birovlarning qarzlarini to‘lab kelsang-u, ular seni tanishmasa, sen ularni tanimasang, yetimlarni qaramog‘ingga olsang-u bu ishing faqat qiyomatda oshkor bo‘lsa….

Do‘stim! Imom Molikning «Alloh uchun bo‘lgani qoladi» degan gapini yodingga ol. Allohga muhabbat qilib, dinni himoya qilib ixlos bilan yozgan ikki qator jumlangni Alloh minglab insonlarga tarqatadi. So‘zlaring butun yer yuzi bo‘ylab aylanadi. Sen esa uyingda o‘tirgan bo‘lasan…

Allohning roziligini talab qilib yozgan kitobingni Alloh bir gunohkorning tavbasiga sabab qilsa, bir mahzun kishiga hamdard qilsa, bir adashganni to‘g‘ri yo‘lga solsa bundan ortiq baxt bormi?! Vafot qilganingda kitoblaring ortingda qolib kishilarni irshod qilib tursa…

Savob umidida bitta daraxt eksang, Alloh uni tog‘lar kabi sobit qilsa, kishilar undan soyalansa, mevalaridan yeyishsa bu ne baxt! Bir paytlar u kichkina niholcha edi. Bugun esa u Alloh uchun ekkaning sabab qiyomating uchun zaxira bo‘lmoqda…

Insonlar uchun Alloh rizosini istab suv chiqarib bersang ehtimol uning mukofoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan suv ichish bo‘lar?! Allohdan ko‘ra vafodorroq zot yo‘q aslida…

Alloh uchun ilm olsang, birovga ilm bersang, Qur’on yodlasang va uni boshqalarga yodlatsang bularning ajrini farishtalar albatta sahifangga yozadi inshaalloh!

Alloh uchun bo‘lgani qoladi. Imom Navaviy rohimahullohning «Riyozus solihiyn» kitobini London va Parijda sotiladi deb o‘sha davrda kim o‘ylagan?! Ammo Alloh taolo Vallohu a’lam imom Navaviyning qalbiga boqib rozi bo‘lgan, shu sabab uning kitobini yashatgan…

Kishilar ibn Qoyyim rohimahullohning «Madorijus solikin» asariga bejizga yopishib olishmagan. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Kishilar bejizga ibnul Javziy rohimahullohning «Soydul xotir» asarini o‘qishmaydi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Imom Ahmad rohimahulloh doimo: «Yo Robbim! Meni o‘ldirganingda maxluqotlaringdan biror kishi meni tanimasin», degan edi. Alloh u zotning qalbida shuhratga havas yo‘qligini bildi. U zotni jumla jahonga mashhur qildi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Do‘stim! Alloh uchun bo‘lgani qoladi!

Abdulqodir Polvonov

Maqolalar