Qiro'ati jahriy namozlarda imom “Fotiha” surasini o'qib bo'lgach “Omin” lafzini qay tarzda aytiladi? Maxfiymi yo jahriymi? Imom va qavm birga aytadimi, yoki imomning o'zigina aytadimi, yoki imom qolib qavmning o'zlari aytadimi?
Yuqoridagi savollarning javobi ko'pchilik uchun qiziq bo'lsa kerak. Chunki ayni shu mavzuda namozxonlarimiz orasida ixtiloflar uchrab turadi. Ba'zi birodarlarimiz “Omin”ni jaranglatib aytishni xush ko'radi. Lekin atrofidagi namozxonlardan istihola qilib o'zlari xohlamasdan ichlarida aytishadi va o'z e'tiqodlariga ko'ra, bir sunnatga amal qila olmayotganlari uchun vijdonlari qiynalib yuradi. O'zlari yolg'iz namoz o'qiganlarida esa baland-baland ovozlarda “Omin” deb xumorlaridan chiqib oladilar.
Boshqa bir guruh namozxonlarimiz esa “Omin”ni jahriy aytadiganlarni qattiq yomon ko'radi va bu nafrat boshqalardan o'tib ularning o'zlariga ham salbiy ta'sir qilgan. Natijada ular umuman “Omin”ni aytmaydigan bo'lib ketishgan.
Aslida sunnatga muvofiq hukm qanday o'zi? Keling shu mavzuni qisqa va lo'nda tarzda o'rganib chiqamiz:
Hanafiy mazhabimiz fuqaholari, Sufyoni Savriy va Lays ibn Sa'd rahimahulloh hammalari “imom “Fotiha” surasini o'qib bo'lgandan keyin uning o'zi va ortidagi qavmi “Omin” deb aytadi”, deganlar.
Imom Molik rahimahulloh esa: “Imom “Omin” demaydi balki, qavm aytadi xolos. Agar yolg'iz namoz o'qiguvchi bo'lsa u ham aytadi”, degan. (Imom Tahoviy. Muxtasaru ixtilaf il-ulama. 1 – J. 202 — B).
Demak molikiylardan tashqari mazhablarga ko'ra, ittofaqan “Fotiha” surasining oxirida imom va qavm “Omin” deb aytadi.
Lekin, hanafiylar va shofe'iylar orasida “Omin” lafzini maxfiy aytish sunnatmi yo jahriy aytish sunnatmi? Shu masalada ham ixtilof bor.
Imom Shofe'iy rahimahulloh: “Jahriy aytish sunnat”, degan.
Hanafiy mazhabi fuqaholari esa: “Omin lafzini maxfiy aytish sunnat” degan.
Ba'zi namozxon birodarlarimiz shu ixtilofda imom Shofe'iy mazhabini ustun ko'rib “Omin”ni jahriy aytadi va bu masalada hanafiylarning yo'li sunnatga xilof deydi. Aslida esa unday emas. Hanafiy mazhabi fuqaholarining (Ulardan Alloh rozi bo'lsin!) “Omin lafzini ichida maxfiy aytish sunnat” degan gaplari quruqdan–quruq aytilmagan. Ularning bu fatvosiga albatta, dalillari bor:
Birinchidan, Alloh taolo shunday buyruq beradi:
ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعاً وَخُفْيَةً
“Robbingizga tazarru' ila va maxfiy duo qiling”. (A'rof surasi 55).
Oyati karimada Alloh umumiy tarzda duoni maxfiy qilishga amr qilmoqda. “Fotiha” surasining so'nggi qismi duo, uning oxirida “Omin” deb aytish ham “Ey Rabbim, ijobat ayla” ma'nosini anglatuvchi duodir. Alloh duoni maxfiy qilishga buyurdimi, demak namozda ham, tashqarida ham maxfiy duo qilish kerak.
Ikkinchidan, Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir qavmning oldidan o'tib qoldi. Ular ovozlarini ko'tarib duo qilishayotgan edi. Shunda Rasululloh ularga: “Sizlar kar yoki g'oibdagi Zotga duo qilmayapsiz! Siz duo qilayotgan Zot sizlarga qon tomiringizdan ham yaqinroq Zotdir!”, dedilar. (Sahihi Buxoriy 4/145, 275. Musannafi Abdurrazzoq 5/159, 160).
Hadisdan ko'rinib turibdiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam duoda ovozini ko'targanlarga e'tiroz bildirgan. Bu esa duoning maxfiy bo'lishi sunnatga muvofiqligini anglatadi.
Uchinchidan, A'mash rahimahulloh Abu Solihdan rivoyat qiladi, u dedi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Imom “g'oyril-mag'dubi 'alayhim va lad-dooolliiyyn” deganda sizlar jim turinglar!”. (Sunani Doraqutniy 1/331).
To'rtinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Imom “va lad-dooolliiyyn” deganda sizlar “Omin” denglar. Chunki uni imom aytadi”. (Sahihi Buxoriy 1/142, Sahihi Muslim 1/174, 175. Musnadi Ahmad 2/233, 270. Mujtaba. Nasaiy 2/144. Musannafi Abdurrazzoq 2/97).
Bu ikki rivoyatga ko'ra esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday ta'lim beryaptilarki, namozda “Fotiha”ning oxirida imom “Omin” deydi. Buni qavm eshitmagani uchun Rasululloh alohida urg'u berib sahobalarga bu haqda uqtirib qo'ymoqdalar. Va yana ularni ovoz chiqarib “Omin” demasliklari uchun, sizlar jim turinglar, deb ogohlantirib qo'ymoqdalar. Bular nimani anglatadi? Bular imom va qavm ichlarida maxfiy qilib “Omin” deyishlari sunnatligini anglatadi!
Beshinchidan, “Omin” lafzi Qur'ondan emas. Agar Qur'ondan bo'lganida “Fotiha” yo zam sura kabi jahriy ovozni ko'tarib qiroat qilingan bo'lardi. Balki u namozdagi sunnat zikrlardan biri. Huddi sano va ta'avvuz kabi. Sunnat zikrlar esa qoidaga ko'ra maxfiy qilinadi. Shunday ekan, “Omin” ham maxfiy aytilsa sunnatga muvofiq bo'ladi!
TII Maxsus sirtqi bo'lim
bitiruvchisi Botirjon TOJIBOYeV
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi