frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Omin”ni maxfiy aytmoq sunnatligi va uning dalillari

09.07.2021   1847   6 min.
“Omin”ni maxfiy aytmoq sunnatligi va uning dalillari

Qiro'ati jahriy namozlarda imom “Fotiha” surasini o'qib bo'lgach “Omin” lafzini qay tarzda aytiladi? Maxfiymi yo jahriymi? Imom va qavm birga aytadimi, yoki imomning o'zigina aytadimi, yoki imom qolib qavmning o'zlari aytadimi?

Yuqoridagi savollarning javobi ko'pchilik uchun qiziq bo'lsa kerak. Chunki ayni shu mavzuda namozxonlarimiz orasida ixtiloflar uchrab turadi. Ba'zi birodarlarimiz “Omin”ni jaranglatib aytishni xush ko'radi. Lekin atrofidagi namozxonlardan istihola qilib o'zlari xohlamasdan ichlarida aytishadi va o'z e'tiqodlariga ko'ra, bir sunnatga amal qila olmayotganlari uchun vijdonlari qiynalib yuradi. O'zlari yolg'iz namoz o'qiganlarida esa baland-baland ovozlarda “Omin” deb xumorlaridan chiqib oladilar.

Boshqa bir guruh namozxonlarimiz esa “Omin”ni jahriy aytadiganlarni qattiq yomon ko'radi va bu nafrat boshqalardan o'tib ularning o'zlariga ham salbiy ta'sir qilgan. Natijada ular umuman “Omin”ni aytmaydigan bo'lib ketishgan.

Aslida sunnatga muvofiq hukm qanday o'zi? Keling shu mavzuni qisqa va lo'nda tarzda o'rganib chiqamiz:

Hanafiy mazhabimiz fuqaholari, Sufyoni Savriy va Lays ibn Sa'd rahimahulloh hammalari “imom “Fotiha” surasini o'qib bo'lgandan keyin uning o'zi va ortidagi qavmi “Omin” deb aytadi”, deganlar.

Imom Molik rahimahulloh esa: “Imom “Omin” demaydi balki, qavm aytadi xolos. Agar yolg'iz namoz o'qiguvchi bo'lsa u ham aytadi”, degan. (Imom Tahoviy. Muxtasaru ixtilaf il-ulama. 1 – J. 202 — B).

Demak molikiylardan tashqari mazhablarga ko'ra, ittofaqan “Fotiha” surasining oxirida imom va qavm “Omin” deb aytadi.

Lekin, hanafiylar va shofe'iylar orasida “Omin” lafzini maxfiy aytish sunnatmi yo jahriy aytish sunnatmi? Shu masalada ham ixtilof bor.

Imom Shofe'iy rahimahulloh: “Jahriy aytish sunnat”, degan.

Hanafiy mazhabi fuqaholari esa: “Omin lafzini maxfiy aytish sunnat” degan.

Ba'zi namozxon birodarlarimiz shu ixtilofda imom Shofe'iy mazhabini ustun ko'rib “Omin”ni jahriy aytadi va bu masalada hanafiylarning yo'li sunnatga xilof deydi. Aslida esa unday emas. Hanafiy mazhabi fuqaholarining (Ulardan Alloh rozi bo'lsin!) “Omin lafzini ichida maxfiy aytish sunnat” degan gaplari quruqdan–quruq aytilmagan. Ularning bu fatvosiga albatta, dalillari bor:

Birinchidan, Alloh taolo shunday buyruq beradi:

ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعاً وَخُفْيَةً

Robbingizga tazarru' ila va maxfiy duo qiling(A'rof surasi 55).

Oyati karimada Alloh umumiy tarzda duoni maxfiy qilishga amr qilmoqda. “Fotiha” surasining so'nggi qismi duo, uning oxirida “Omin” deb aytish ham “Ey Rabbim, ijobat ayla” ma'nosini anglatuvchi duodir. Alloh duoni maxfiy qilishga buyurdimi, demak namozda ham, tashqarida ham maxfiy duo qilish kerak.

Ikkinchidan, Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir qavmning oldidan o'tib qoldi. Ular ovozlarini ko'tarib duo qilishayotgan edi. Shunda Rasululloh ularga: “Sizlar kar yoki g'oibdagi Zotga duo qilmayapsiz! Siz duo qilayotgan Zot sizlarga qon tomiringizdan ham yaqinroq Zotdir!”, dedilar. (Sahihi Buxoriy 4/145, 275. Musannafi Abdurrazzoq 5/159, 160).

Hadisdan ko'rinib turibdiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam duoda ovozini ko'targanlarga e'tiroz bildirgan. Bu esa duoning maxfiy bo'lishi sunnatga muvofiqligini anglatadi.

Uchinchidan, A'mash rahimahulloh Abu Solihdan rivoyat qiladi, u dedi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Imom “g'oyril-mag'dubi 'alayhim va lad-dooolliiyyn” deganda sizlar jim turinglar!”. (Sunani Doraqutniy 1/331).

To'rtinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Imom “va lad-dooolliiyyn” deganda sizlar “Omin” denglar. Chunki uni imom aytadi”. (Sahihi Buxoriy 1/142, Sahihi Muslim 1/174, 175. Musnadi Ahmad 2/233, 270. Mujtaba. Nasaiy 2/144. Musannafi Abdurrazzoq 2/97).

Bu ikki rivoyatga ko'ra esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday ta'lim beryaptilarki, namozda “Fotiha”ning oxirida imom “Omin” deydi. Buni qavm eshitmagani uchun Rasululloh alohida urg'u berib sahobalarga bu haqda uqtirib qo'ymoqdalar. Va yana ularni ovoz chiqarib “Omin” demasliklari uchun, sizlar jim turinglar, deb ogohlantirib qo'ymoqdalar. Bular nimani anglatadi? Bular imom va qavm ichlarida maxfiy qilib “Omin” deyishlari sunnatligini anglatadi!

Beshinchidan, “Omin” lafzi Qur'ondan emas. Agar Qur'ondan bo'lganida “Fotiha” yo zam sura kabi jahriy ovozni ko'tarib qiroat qilingan bo'lardi. Balki u namozdagi sunnat zikrlardan biri. Huddi sano va ta'avvuz kabi. Sunnat zikrlar esa qoidaga ko'ra maxfiy qilinadi. Shunday ekan, “Omin” ham maxfiy aytilsa sunnatga muvofiq bo'ladi!

TII Maxsus sirtqi bo'lim

bitiruvchisi Botirjon TOJIBOYeV

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   32430   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari