بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِوَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ
PORAHO'RLIK – TARAQQIYoT KUShANDASI
Muhtaram jamoat! Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo'lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba'zida faqat ma'lum shaxslarga etsa, ba'zisining zarari keng ko'lamli bo'lib, butun jamiyatga salbiy ta'sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri poraxo'rlikdir.
Poraxo'rlik – jamiyatda adolat, tenglik, sog'lom raqobat va halollik ustun bo'lishiga to'sqinlik qiladigan illatlardan biridir. Bu illat davlat va jamiyatning rivojiga salbiy ta'sir qilgani sababli deyarli har bir jamiyat unga qarshi kurashadi. Kurashda natijaga erishganlari katta rivojlanishga erishmoqdalar, uni enga olmagan jamiyatlarda esa buning aksi.
Aksariyati musulmonlar bo'lgan bizning jamiyatimizda bu masalaning echimi qanday bo'ladi!? Aslida, biz dinimiz ko'rsatmalari, sevimli Payg'ambarimiz sunnatlariga amal qilsak, poraxo'rlik, korruptsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga o'rin qolmaydi. Dinimiz va imonimiz shuni taqozo qiladi.
Poraning mohiyati va ta'rifi haqida ulamolarimiz shunday deydilar: “Pora – biror shaxs tomonidan, hukm qiluvchi yoki boshqalarga uning foydasiga hukm chiqarishi yoki u istagan narsaga etkazishi uchun beriladigan narsa”. Boshqa ta'rifda: “Pora – haqni botilga chiqarish yoki botilni haq qilib ko'rsatish uchun beriladigan narsa”, – deyiladi.
Kimnidir foydasiga nohaq hukm chiqarish yoki o'zining zimmasida bo'lgan ish uchun pora olish hech ixtilofsiz harom amal bo'lib, katta gunohlardan biridir.
Qur'oni karimda bu mavzuda shunday deyiladi:
سَمَّاعُونَ لِلْكَذِبِ أَكَّالُونَ لِلسُّحْتِ
ya'ni: “(Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) eydiganlardir...” (Moida surasi 42-oyat). Mufassir, tobe'in Sa'id ibn Jubayr rahimahulloh: “Oyatdagi “harom”dan murod poradir”, deganlar.
Alloh taolo mo'min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o'zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Oyati karimada shunday deyiladi:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِّنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنتُمْ تَعْلَمُونَ
ya'ni: “Mol (va boylik)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan emangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'li bilan eyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi 188-oyat).
Bu oyatning zamirida o'g'rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, jumladan, poraxo'rlik bilan o'zgalarning mollarini o'zlashtirish haromligi yotadi.
Yana boshqa oyati karimada shu ma'no takrorlanadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi 29-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalom ham doimo poraxo'rlikning yomonligidan ogohlantirdilar va undan qaytardilar. Poraxo'rlik mavzusida mashhur bo'lgan hadis Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
لَعْنَةُ اللَّهِ عَلَى الرَّاشِي وَالْمُرْتَشِي
ya'ni: “Allohning la'nati pora beruvchi va pora oluvchiga bo'lsin!” – dedilar.
Boshqa hadisi sharifda: “Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la'nati bo'lsin”, – deyilgan (To'rt sunan sohiblari va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).
Yana bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o'rtasidagi vositachi ham la'natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o'rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.
Jumhur ulamolarimiz: “O'zining haqqiga etisha olmayotgan yoki o'zidan zulm yo zararni daf qilmoqchi bo'lgan kishigina pora berishi mumkin, bunday holatda gunoh pora oluvchining bo'yniga tushadi”, – deydilar.
Yana bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
الراشي والمرتشي في النار
ya'ni: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do'zaxdadir” (Imom Tabaroniy Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Poraxo'rlikning yana bir ko'rinishi vazifador, mas'ul shaxslarning aslida, o'z zimmalaridagi ishlarga ham sovg'a-hadya olishlaridir. Unday kishilar avvaldan belgilangan, talab qilib oladigan sovg'alari natijasida bir ishni olishga nomzod bo'lganlar ichida haqlisi emas, balki, salohiyatsiz bo'lgani ish ustiga keladi. Keyin u qurgan uylar qulaydi, qurgan ko'priklari cho'kadi, ishlar ko'zlangan natijani bermaydi. Bunday hadyaning pora ekani kunday ravshan. Shuning uchun Payg'ambarimiz alayhissalom zakot molini yig'ishga jo'natgan kishi sovg'a olganida unga: “Ota-onasini uyida kutib o'tirganida, unga hadya qilisharmidi?!” – deganlar.
Ba'zilar porani hadya deb nomlab olishadi. Aslida, poraning hadyadan farqi shuki, hadyani so'rab olinmaydi. Yana hadya ikki o'rtada muhabbat hosil qilish uchun qilinadi. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zaro hadyalashinglar, o'rtalaringizda muhabbat paydo bo'ladi” (Imom Molik “Muvatto” kitoblarida rivoyat qilganlar). Pora beruvchi va oluvchi o'rtasida muhabbat paydo bo'lmaydi, chunki pora beruvchi nimadandir ta'magir bo'ladi. Mabodo ular o'rtasidagi ish hal bo'lmasa, o'zaro katta dushmanchilik paydo bo'ladi.
Alloma Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Vazifador kishiga haqni o'zgartirish uchun hadya berilsa, unga egalik qilishi (foydalanishi) joiz emas”.
Aytish joizki, millatimiz xulqida yaxshilikka yaxshilik qaytarish ruhi bor. Mas'ul shaxs undan hech narsa talab qilmay, ta'ma qilmay, o'z vazifasini bajarib, fuqaroni ishini bitirsa, unga yaxshilik qaytargisi keladi. Hech qanday ta'masiz, ishi bitib, bemalol ketishi mumkin bo'lib turganda ham, ko'nglidan chiqarib, hadya bermoqchi bo'lsa, bunda ikki tomonga ham bir gunoh yo'q. Pora avvaldan belgilangan, so'rab olinadigan, haqni nohaq, nohaqni haq qilish uchun beriladigan narsa bo'ladi.
Davlat tomonidan odamlarni engilini oson qilish uchun vazifador qilingan ayrim kishilar odamlardan biror narsa olmasalar ularning ishlarini bitirmaydilar. Bu o'zlariga yuklangan omonatga xiyonat, o'zgalarga zulm qilish va odamlarning mollarini harom yo'l bilan eyishdir.
Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: “Payg'ambarimiz alayhissalom U kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!” deyishsa: “Ha, haqiqatan u mollar Payg'ambarimiz alayhissalomga hadya bo'lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg'ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo'lishgan. Bizga esa boshliq bo'lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo'ladilar”, – dedilar.
Yana bir holat borki, bu millatning oyog'iga bolta uradi, uning ma'naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta'lim sohasidagi poraxo'rlikdir. Chunki bilimdon o'qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta'lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga kelganda yana poraxo'rlik bo'lib, bilimdon qolib, nodon o'qishga kirib ketsa, o'z-o'zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo'qoladi. Chet ellarda o'qish va o'sha erlarda ishlashga qiziqish kuchayadi. Natijada millatning ko'pgina salohiyatli farzandlari boshqa davlatlar foydasiga ishlaydi. Vataniga qaytib, yana poraxo'rlikka duch kelishini bilsa, undan ko'ra chet elda qolishni ma'qul ko'radi. Shunday qilib eng bilimdon va foydali kishilardan mahrum bo'lib qolaveramiz.
Hurmatli jamoa! Bir kishi pora yoki harom bo'lgan hadyani qabul qilsa, uni egasiga qaytarish vojib bo'ladi. Ba'zi olimlar esa: “Nohaq o'zlashtirilgan mollar, ma'lum bo'lsa, egasiga qaytariladi, ma'lum bo'lmasa, musulmonlar foydasiga sarflanadi”, – deyishgan.
Shom diyorining qozisi Imom Avzo'iyning yoniga bir nasroniy kishi bir mesh asal bilan keldi va: “Ba'labakkaning voliysi menga zulm qildi, o'sha kishiga men haqimda yozsangiz”, – dedi. Imom unga: “Hohlasang asalingni o'zingga qaytaraman va xat yozib beraman. Hohlasang uni qabul qilaman va xat yozmayman”, – dedilar. U: “Mayli, asalni qaytaringda, xat yozib bering”, – dedi. Keyin Imom voliyga undan xirojni kamaytirishni so'rab xat yozdi. Voliy u zotning so'zlarini e'tiborga olib, nasroniyning jizyasi (jon solig'i)dan o'ttiz dirham arzonlashtirdi.
Bu hikoyadan Imom Avzoiyning asalni olib, voliyga xat yozishni xush ko'rmaganlari, balki uni pora deb bilganlari aniq bo'ladi.
Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo'rlik va shunga o'xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo'lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi har bir sohadaga zanjir singari bog'lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so'rasa, gohida biz o'zimiz ularga sovg'a taklif qilamiz, o'zimiz ularni shunga o'rgatamiz va loyiq bo'lmagan o'ringa yoki narsaga erishmoqchi bo'lamiz. Qars ikki qo'ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo'lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo'lishi bayon qilingan.
Azizlar! Bugun juma mav'izalarida davom etib kelayotgan fiqhiy suhbatlarimizni davom ettirib, namozni buzuvchi amallarni o'rganamiz. Namozni quyidagi amallar buzadi:
- Namozda ozmi, ko'pmi dunyoviy so'zni so'zlash. Bu holatda namozxon garchi beixtiyor so'zlasa ham namozi buziladi;
- Yanglishib bo'lsa ham birovga salom berish yoki salomga alik olish;
- Namozda eb-ichish;
- Namozxonning ko'kragi qibladan boshqa tomonga burilishi;
- Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida bir amalni uch marta qilish (masalan: kiyimni to'g'rilash, qashinish va hokazo amallar);
- O'zi eshitadigan darajada kulish namozni buzadi tahoratni buzmaydi. Ammo yonidagi shaxs eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi;
- Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish yoki “oh-voh” deyish yoki yig'lash. Ammo oxiratni o'ylab, jannatdan umidvor bo'lib, do'zaxdan qo'rqib yig'lasa namozi buzilmaydi;
- Uzrsiz tomog'ini qirish yoki yo'talish (masalan: ataylab yo'talish kabi);
- Aksa urib “Alhamdulillah” degan kishiga namoz asnosida “Yarhamukalloh” deyish;
- Namozda turib, biror xabarga javob berish. Bunda namozxon garchi, Qur'on oyatini o'qib javob bergan bo'lsa ham namozi buziladi (masalan: “Falonchi vafot etdi”, deyilsa, namoz o'qiyotgan kishi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji'un”, deb javob bersa);
- Tayammum bilan namoz o'qiyotgan kishining suvga qodir bo'lishi;
- Bomdod namozini o'qish paytida quyoshning chiqishi;
- Takbiri tahrimada “Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho'zish, ya'ni “Aaallohu akbar”, deyish (bundan tashqari, “Akbar” lafzidagi “a” tovushini cho'zib “Aaakbar” va “ba” tovushini cho'zib “Akbaaar” deyish ham namozni buzadi)
- Namozning farzlaridan birini tark qilish;
- Namoz ichida o'qiladigan sura va duolarni kitobga qarab o'qish;
- Namozning ichida odamlardan so'raladigan narsani Allohdan so'rab duo qilish (masalan: “ey Alloh, menga ko'p mol-mulk ber”, yoki “Falonaga meni uylantir”, – deyish kabi). (Manba: “Muxtasarul viqoya” va “Nurul izoh” kitoblari).
Alloh taolo barchalarimizni gunoh amallardan salomat saqlasin! O'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Qurbonlik fazilati va unga oid hukmlar”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.