Islom ta'limoti buzg'unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug'larini sochishni qattiq va qat'iy qoralaydi. Alloh taolo oyati karimada: «Ey iymon keltirganlar! Agar bir fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar», deb marhamat qiladi (Hujurot surasi, 6-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kishiga gunoh uchun eshitgan har narsasini gapirmoqning o'zi kifoya qiladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun kundalik hayotimizda avj olayotgan fisqu fasodlar, gina-kuduratlar, adovatlar, ziddiyat va tafriqalar shu ikki buyuk ko'rsatmaga, Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallamning yuqoridagi vasiyatlariga rioya qilmaganimiz oqibatida kelib chiqyapti.
Alloh taolo duch kelgan xabarni surishtirmay tarqatishning og'ir oqibatidan ogohlantirib turibdi, Payg'ambarimiz alayhissalom har eshitgan gapini aytavergan odam gunohkor bo'lib qolishini aytib turibdilar.
Islom kishilarni tinchlik va barqarorlikka, o'zaro birlik va hamjihatlikka da'vat etadi. Biroq undan g'arazli maqsadlarni amalga oshirish yo'lida foydalanish hollari ham avj olib borayotganini afsus bilan qayd etish lozim. Bu jarayonning eng xatarli jihati ba'zi toifalarning din niqobi ostida dinga siyosiy siyosiy tus berib, hokimiyatga intilish, dindan odamlar orasiga nifoq solish, qo'poruvchilik ishlarini amalga oshirish va g'arazli manfaatlarni ro'yobga chiqarishda foydalanishga urinishlarda namoyon bo'lmoqda.
Bugungi kunda terrorizm, diniy ekstremizm butun dunyoga xavf solayotgan, insoniyatning tinch va osuda yashashi uchun to'sqinlik qilayotgan jiddiy muammolardan biridir. Ayni paytda sayyoramizdagi hech bir mamlakat, hech bir xalq uning ofatlaridan himoyalanmagan, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Hozirda Afg'oniston, Suriya, Yaman, Pokiston, Falastin, Iroq va Afrikaning bir qancha mamlakatlarida sodir etilayotgan xunrezliklar, o'sha yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar, ayniqsa, murg'ak bolalarning boshiga tushayotgan g'am-anduhlar barcha-barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Ekstremizm har qanday boshqacha fikrlashni inkor etadi, o'zining mafkuraviy va diniy qarashlarini qo'pol ravishda majburlab qabul ettirishga harakat qiladi. Ekstremistlar o'z tarafdorlaridan ularning har bir buyruqlarini so'zsiz bajarishni, ularga ko'r-ko'rona ishonishni talab qiladilar.
Ochiqdan ochiq ekstremistik ruhdagi qarashlarning g'oyaviy va mafkuraviy jihatdan o'ta zararli va xavfli ekanligi shundaki, u diniy bag'rikenglikka zid holda turli dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar o'rtasida murosasizlik va adovat urug'ni sepishga xizmat qiladi. Bir so'z bilan aytganda, bu kabi g'arazli kimsalar o'z manfaati yo'lida endigina hayotni taniyotgan yoshlarni to'g'ri yo'ldan adashtirib, ularning ma'naviyatiga zarba berishga harakat qiladilar.
Shunday ekan shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi globallashuv jarayonida ertangi kunimizning egalari bo'lgan yoshlarimizning ma'naviy immuniteti har qachongidanda yuksakroq bo'lishini zamonning o'zi taqozo etmoqda. Dunyoning ayrim hududlarida sodir bo'layotgan xunrezliklar masalaning nechog'lik jiddiyligidan dalolatdir.
Shukrki, bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday farovon kunlarimizning qadriga etishga, tinchlikni ko'z qorachig'iday asrab-avaylashga o'rgatishimiz zarur. Ayniqsa, ota-onalar farzandlarining yurish-turishi, ular ruhiyatida kuzatilayotgan salbiy o'zgarishlarga beparvo bo'lmasligi shart. Aks holda ertaga juda kech bo'lishi mumkin.
Sahobiddin SATIMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi Axborot tahlil bo'limi boshlig'i
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Boku shahrida yangi qurilib foydalanishga topshirilgan elchixonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif doirasida O‘zbekiston elchisi Baxrom Ashrafxonov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida shakllangan yaqin do‘stlik va samimiy qardoshlik munosabatlari ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining Bokudagi yangi elchixona binosining ochilish marosimida ishtirok etishi davlatlararo yaqin aloqalar ramzi sifatida muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘zining tabrik maktubi topshirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz ravnaqi, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida barqaror, ishonchli va qardoshlik munosabatlarini shakllantirishdagi beqiyos rolini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli O‘zbekiston ishonch bilan rivojlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Elchixonaning yangi binosi bilan tanishgan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda diplomatik missiya xodimlariga ezgu tilaklarini bildirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shuningdek, elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
"Dunyo" AA