Islom tamadduni tarixidan
1282 yilda hukmdor Malik Mansur Qalavon Qohirada Islom olamidagi eng mashhur Mansuriy shifoxonasini qurdirdi. Hukmdor ushbu hodisadan bir muncha vaqt oldin hashamatli Damashq shifoxonasida oshqozon sanchig'idan batamom tuzalgandi. Suriyalik shifokorlarning mahorati taxt vorisida shunchalik kuchli taassurot qoldirgandiki, o'z vatanida shunga o'xshash muassasani qurishni diliga tugib qo'ygandi.
Hukmdor bo'lgach, barcha ko'rsatkichlar bo'yicha Damashqdagidan ustun bo'lgan shifoxona barpo qildirdi. Did bilan jihozlangan, xonalari keng, o'sha davrning ajoyib asbob-uskunalari bilan ta'minlangan, malakali shifokorlar faoliyat yuritgan ushbu shifoxona katta shuhrat qozondi. Uning moddiy ta'minoti hukmdorlikning boshqa muassasalaridan eng kattasi edi.
Mansuriy shifoxonasi Fotimiylar saroyida joylashgan bo'lib, 8000 kishiga mo'ljallangan yotoqxonaga ega bo'lgan (Bedi N. Şehsuvaroǧlu (2012-04-24)). Har kuni 4000 bemorga xizmat ko'rsatilgan (Mohammad Amin Rodini (7 July 2012)). Ibn Uxvaning “Hisba” asarida quyidagi ambulatorlik ishlari amalga oshirilgani keltirilgan (SharifKaf Al-Ghazal, The Origin of Bimaristans in Islamic Medical History, last accessed 12/9/2014): shifokor bemordan kasallik sababi va u his qilayotgan og'riq haqida so'raydi. Tahlil natijalariga qarab damlama va boshqa dori-darmonlar tayinlaydi. Keyin bemorni olib kelgan hamrohiga retseptning nusxasini yozib beradi.
Ertasi kuni u bemorni qayta tekshiradi, o'zini qanday his qilayotganini so'raydi. Holatiga qarab maslahat beradi. Ushbu muolaja u tuzalib ketguncha takrorlanadi. Tuzalsa, shifokorga pul to'laydi. Aksincha, vafot etsa, uning yaqinlari bosh shifokorga muolaja olib borgan shifokorning retseptlarini taqdim etadi. Agar bosh vrach shifokor o'z ishini puxtalik bilan bajargan, deb baholasa, o'lim tabiiy ekanini aytadi; bemorning vafoti tabibning noto'g'ri davolagani oqibatida yuz bergan, desa, shifokordan qon puli olinishini ma'lum qiladi. Boisi bemorning o'limi shifokorning yomon ishlashi va kasbiga sovuqqonligi sababli yuzaga kelgan. Shunday qilib, shifoxonaga eng tajribali shifokorlar jalb etilgan.
Mansuriy shifoxonasi nizomida bunday deyilgan: “...Shifoxona barcha bemorlarga to'liq tuzalguncha yordam ko'rsatadi. Odamlar uzoq yoki yaqin, mahalliy aholi yoki chet ellik, kuchli yoki kuchsiz, boy yoki kambag'al, ish bilan ta'minlangan yoki ishsiz, ko'zi ojiz, jismonan yoki ruhan kasal bo'lishidan qat'i nazar, barcha xarajatlarni shifoxona o'z zimmasiga oladi. To'lovlarni to'lamagani uchun hech kimga e'tiroz bildirmaydi va hatto bilvosita shama ham qilinmaydi” (Philip Adler; Randall Pouwels (2007). Mansuriy shifoxonasi 1915 yilgacha shunday shaklda ishladi. Endilikda esa qadimiy shifoxona o'rnida oftalmologiya markazi faoliyat yuritmoqda.
Manbalar asosida Munavvar RUSTAM qizi tayyorladi.
"Mo'minalar" jurnali, 2-son, 2023 yil
Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.
Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati