Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

25.06.2021 y. Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar

23.06.2021   3680   19 min.
25.06.2021 y. Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

YuSUF ALAYHISSALOM QISSASIDAN IBRATLAR

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyatni yaratgandan beri ularga o'zini tanitish va hidoyatga boshlash uchun ketma-ket payg'ambarlar va ilohiy kitoblar jo'natib turgan. U Zot o'zining komil hikmati ila Islomni – oxirgi din, Payg'ambarimizni – oxirgi Rasul, Qur'onni – oxirgi kitob qildi. Qur'oni karim Qiyomatgacha insoniyatga to'g'ri yo'lni ko'rsatuvchi yo'lboshchidir. Ulamolarimiz Qur'on o'z ichiga asosan uchta katta mavzuni o'rab olganini aytadilar: e'tiqodiy masalalar, diniy hukmlar va o'tgan qavmlarning qissalari. Qur'oni karimda bizdan avvalgi o'tgan ba'zi qavmlar va shaxslarning amallari maqtalsa, ba'zilarining qilgan ishlari yomonlanadi. Har ikkisida ham biz uchun ko'plab ibratlar bor. Maqtalganlaridan o'rnak olishimiz, yomonlanganlarning amallaridan saqlanishimiz darkor!

Ma'lumki, Qur'oni karim qissalari ichida eng chiroylisi Payg'ambar Yusuf alayhissalom qissasidir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

      نَحْنُ نَقُصُّ عَلَيْكَ أَحْسَنَ الْقَصَصِ بِمَا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ هَذَا الْقُرْآَنَوَإِنْ كُنْتَ مِنْ قَبْلِهِ لَمِنَ الْغَافِلِينَ

ya'ni: “Biz Sizga ushbu Qur'on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga go'zal qissani aytib berurmiz. Siz esa, (ey, Muhammad!) undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz” (Yusuf surasi 3-oyat).

Bu qissaning boshqalaridan farqi sura to'lig'icha Yusuf alayhissalomning boshidan kechirgan voqealarga bag'ishlangan. Buning ustiga surada qiziquvchilar uchun ko'plab ibratlar bor. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 لَقَدْ كَانَ فِي يُوسُفَ وَإِخْوَتِهِ آَيَاتٌ لِلسَّائِلِينَ

ya'ni: “Haqiqatan, Yusuf va (uning) birodarlari (qissasi)da so'rovchilar uchun alomatlar bordir” (Yusuf surasi 7-oyat).

Mazkur sura Makkada, Payg'ambarimiz alayhissalom uchun og'ir sinovlar bo'lgan pallalarda nozil bo'lgan. Alloh taolo Yusuf alayhissalomning mashaqqatli sinovlarni bosib o'tishlari va natijada najot topishlarini eslatish bilan  Payg'ambarimiz alayhissalomga kuchli tasalli berdi. Oxir-oqibat U Zot alayhissalomning ham ishlari najot topishi, Islom er yuziga tarqalishi xushxabarini berdi.

Surani o'qish asnosida quyidagi ibratlarga duch kelamiz:

  1. Sir saqlash. Yusuf alayhissalom otalari Yaqub alayhissalomga ajoyib tush ko'rganini aytganlarida, U Zot odatda yosh bolalar bunday tush ko'rmasligi, bu tush kelajakda Yusuf alayhissalomning payg'ambar bo'lishiga bashorat ekanini bildilar. O'zi busiz ham Yusuf alayhissalomga hasad qilib yuradigan akalaridan, dushmanligi ortib ketmasligi uchun, bu tushni sir saqlashni buyurdilar:

 إِذْ قَالَ يُوسُفُ لِأَبِيهِ يَا أَبَتِ إِنِّي رَأَيْتُ أَحَدَ عَشَرَ كَوْكَبًا وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ رَأَيْتُهُمْ لِي سَاجِدِينَ 

ya'ni: “Eslang, Yusuf (o'z) otasiga (Ya'qubga) dedi: “Ey, otajon! Men (tushimda) o'n bitta yulduz, Quyosh va Oyning menga sajda qilayotgan hollarida ko'rdim”” (Yusuf surasi 4-oyat).

 قَالَ يَا بُنَيَّ لَا تَقْصُصْ رُؤْيَاكَ عَلَى إِخْوَتِكَ فَيَكِيدُوا لَكَ كَيْدًا إِنَّ الشَّيْطَانَ لِلْإِنْسَانِ عَدُوٌّ مُبِينٌ 

ya'ni: “(Otasi) aytdi: “Ey, o'g'ilcham! Tushingni birodarlaringga so'zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir”” (Yusuf surasi 5-oyat).

Demak, bundan kelib chiqadiki, inson o'rni kelganda sir saqlashni ham bilishi zarur. Hususan, oilaviy sirlar yoki o'zga mo'min-musulmonlarning bizga ishonib aytgan sirlariga omonatdor bo'lishimiz kerak bo'ladi.

  1. Hasaddan saqlanish. Hasad shunday yomon illatki, hatto u Ya'qub alayhissalom oilasida tarbiya ko'rgan kishilar – Yusuf alayhissalomning o'gay akalarini ham chetlab o'tmadi. Hasad sababli ular Alloh taoloning Payg'ambari Ya'qub alayhissalomni ayblashdi. Yusuf alayhissalomni joniga qasd qilishdi. Qur'oni karimda ular haqida shunday deyilgan:

إِذْ قَالُوا لَيُوسُفُ وَأَخُوهُ أَحَبُّ إِلَى أَبِينَا مِنَّا وَنَحْنُ عُصْبَةٌ إِنَّ أَبَانَا لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

ya'ni: “O'shanda (akalari) aytdilar: “Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko'ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to'p (ko'pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir”” (Yusuf surasi 8-oyat).

 Lekin Yusuf alayhissalomdagi fazilatlar Alloh taolo tomonidan ato qilingan fazilat ekanini ko'ra olmadilar. Nima bo'lganda ham, Alloh taoloning xohish-irodasi ustun keluvchidir. Hasadgo'y hech qachon murodiga etmaydi, u o'zini-o'zi eb bitiradi. Nihoyada baribir Yusuf alayhissalom payg'ambarlik martabasi va odamlar orasida sharaf va izzatga ega bo'ldilar. Akalari esa qilmishlariga pushaymon va ayblariga iqror bo'lib, tavba tazarru qildilar.   

  1. To'g'ri yo'ldan adashtiruvchi amallardan chetlanish. Insonni haqdan toydiruvchi amallardan uzoq bo'lish, ularga kirishmaslik vojibdir. Yusuf alayhissalomni Misr azizining xotini zinoga chorlaganda undan chetlandilar, gunohga qo'l urmadilar. Yusuf alayhissalom qiyin imtihondan o'tdilar: chiroyli, mansabdor va xo'jayin xotin zinoga chorlasada, kuchli imonlari sababli, gunohdan voz kechdilar, shariatda sobit turdilar. Alloh taolodan bu fitnani ketkazishni so'rab duo qildilar. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

 وَرَاوَدَتْهُ الَّتِي هُوَ فِي بَيْتِهَا عَنْ نَفْسِهِ وَغَلَّقَتِ الْأَبْوَابَ وَقَالَتْ هَيْتَ لَكَ قَالَ مَعَاذَ اللَّهِ

إِنَّهُ رَبِّي أَحْسَنَ مَثْوَايَ إِنَّهُ لَا يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ

ya'ni: “U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayxo) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” – dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, najot topmaslar”” (Yusuf surasi 23-oyat). Oyatdagi "zolimlar"dan murod xoinlar yoki zinokorlardir.

  1. To'g'ri yo'lga ergashish. Alloh taoloning roziligi va uning jannatiga etaklovchi haq yo'lga ergashish, U Zotning g'azabi va azobiga duchor qiladigan ishlardan saqlanish vojibdir. Bu narsa Yusuf alayhissalomning zino qilishdan va saroydagi ayollarning chaqirig'iga yurgandan ko'ra mashaqqatli bo'lsada zindonni tanlaganlarida ko'rinadi. Qur'oni karimda Yusuf alayhissalomning so'zlari shunday keltiriladi:

 قَالَ رَبِّ السِّجْنُ أَحَبُّ إِلَيَّ مِمَّا يَدْعُونَنِي إِلَيْهِ وَإِلَّا تَصْرِفْ عَنِّي كَيْدَهُنَّ أَصْبُ إِلَيْهِنَّ وَأَكُنْ مِنَ الْجَاهِلِينَ 

ya'ni: “(Yusuf) dedi: “Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko'ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig' tutmasang, ularga moyil bo'lib, johillardan bo'lib qolurman” (Yusuf surasi 33-oyat).

  1. Haq yo'lda sabr va sabot ko'rsatish. Yusuf alayhissalom katta qiyinchiliklarni boshidan kechirdilar: akalari quduqqa tashlab ketishdi, U Zotni karvon ahli quduqdan chiqarib olib, Misrda qul qilib sotishdi, Misr azizining xonadonida ayollar makriga va tuhmatiga uchrab, bir necha yil zindonda yotdilar. Bu qiyinchiliklarni Alloh taoloning sinovi deb bilganlari sababli, bir necha yillardpn keyin hasadgo'y akalariga duch kelganlarida ham, ularga yaxshi muomala qildilar. Ularning qilmishlarini kechirdilar. Mana shu bag'rikenglik barchamizga katta ibratdir.

Yana bu qiyinchiliklar U Zotni haq yo'ldan, payg'ambarlik vazifasini bajarishdan to'sa olmadi. Hatto zindonda ikki hamrohlari tush ta'birini so'rashganda, ularga avval Alloh taoloni tanitishdan gap boshlab, dinning mohiyatini bayon qildilar:

 يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ 

ya'ni: “Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “ilohlar” yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?” (Yusuf surasi 39-oyat).

  1. Odamlardan yordam so'rash. O'zidan zarar va zulmni ko'tarish uchun odamlardan yordam so'rash joizdir. Yusuf alayhissalom imonlari komil zot edilar, shu bilan birga zindondagi hamrohlaridan zulm va tuhmatdan qutilish uchun yordam so'radilar:

 وَقَالَ لِلَّذِي ظَنَّ أَنَّهُ نَاجٍ مِنْهُمَا اذْكُرْنِي عِنْدَ رَبِّكَ  

ya'ni: “Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): «Hojang (Misr shohi) huzurida mening to'g'rimda gapir!» – dedi...” (Yusuf surasi 42-oyat).

Natijada bir necha yillardan keyin, podshohning tushini ta'bir qilish kerak bo'lganda, o'sha kishi Yusuf alayhissalomni eslaydi va U Zotni zindondan chiqishiga sabab bo'ladi. Lekin yordam so'rash savob-ezgu ishlarda bo'lishi kerak, gunoh ishlarda emas!

  1. O'zini tuhmatdan poklash. Inson hayoti davomida uchragan tuhmatlardan o'zini poklashi kerak bo'ladi. Yusuf alayhissalom saroy ayollarining makri va bo'hton bilan zindonga tushib qoldilar. Vaqti kelib podsho U Zotni huzuriga chaqirtirdi. Zindondan chiqish paytida, U Zotni xalqning oldida zino tuhmatidan pok ekanini e'lon qilishlarini talab qildilar. Natijada haqiqat yuzaga chiqdi, Podshohning surishtiruvi sababli Yusuf alayhissalomni zinoga chorlagan Misr azizining xotini aybiga iqror bo'ldi va Yusuf alayhissalom tuhmatlardan pok bo'lib zindondan chiqdilar.

 ذَلِكَ لِيَعْلَمَ أَنِّي لَمْ أَخُنْهُ بِالْغَيْبِ وَأَنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي كَيْدَ الْخَائِنِينَ 

ya'ni: “(Shundan keyingina Yusuf dedi): “Buni men (Misr azizi) g'oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh (Zulayxo va ayollardek) xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (Aziz yoki shoh) bilishi uchun (qildim)” (Yusuf surasi 52-oyat).

  1. Hotirjamlik, kengchilik – sinov imtihonlardan keyindir. Yusuf alayhissalom ko'p alamli sinovlarni imon quvvati va sabr bilan engib o'tdilar. Sinovlar izidan kenglik keldi. Misrda aziz insonga aylandilar, podshohning yaqin odamlaridan bo'lib, uning xazinasini boshqaruvchi bo'ldilar. Oyati karimada shunday deyiladi:

 وَقَالَ الْمَلِكُ ائْتُونِي بِهِ أَسْتَخْلِصْهُ لِنَفْسِي فَلَمَّا كَلَّمَهُ قَالَ إِنَّكَ الْيَوْمَ لَدَيْنَا مَكِينٌ أَمِينٌ  

ya'ni: “Shoh: «Uni huzurimga keltiringiz, uni o'zimga xos kishilardan qilib olay!» – dedi. U bilan so'zlashgach (shoh): «Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan», – dedi(Yusuf surasi 54-oyat).

  1. Ehtiyoj tug'ilganda inson o'z qobiliyatini ma'lum qilishi. Shariatimiz musulmonlarni hech bir ehtiyojsiz va sababsiz o'zini maqtashdan qaytaradi. Lekin biror mas'uliyatli vazifaga nomzod tanlanayotgan vaqtda o'sha o'ringa loyiq kishi o'zining ilmiy va amaliy salohiyatini bayon qilishi joizdir. Hatto ba'zi o'rinlarda undan ko'ra loyiq kishi topilmasa, shu vazifani zimmasiga olish shart bo'lib qoladi. Yusuf alayhissalom Misr xazinasini boshqarishga o'zlari loyiq ekanlari, bunga iqtidorlari etishini podshohga aytdilar. Natijada U Zot Misrni etti yillik qurg'oqchilik davrida ocharchilikdan saqlab qoldilar. Nafaqat Misr, balki yon atrofdagi odamlarga ham yordam ko'rsatdilar. U Zotni quduqqa tashlagan akalari ham bug'doy so'rab Misrga kelishadi va Yusuf alayhissalomga yo'liqishadi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 قَالَ اجْعَلْنِي عَلَى خَزَائِنِ الْأَرْضِ إِنِّي حَفِيظٌ عَلِيمٌ 

ya'ni: (Yusuf) dedi: Meni shu erning xazinaboni qilib qo'y! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (o'z ishini puxta) biluvchidirman(Yusuf surasi 55-oyat).

  1. Ko'z tegishi haqdir. Payg'ambarlar – odamlar orasida eng ko'p Alloh taologa tavakkul qiluvchi zotlardir. Shu sababli bu qissadan bilamizki, ko'z tegishiga qarshi choralarni ko'rish tavakkulga zid bo'lmagan, joiz ishdir. Qur'oni karimda Ya'qub alayhissalomning farzandlariga ko'zdan saqlanish uchun qilgan tavsiyasi shunday ifodalanadi:

 وَقَالَ يَا بَنِيَّ لَا تَدْخُلُوا مِنْ بَابٍ وَاحِدٍ وَادْخُلُوا مِنْ أَبْوَابٍ مُتَفَرِّقَةٍ وَمَا أُغْنِي عَنْكُمْ مِنَ اللَّهِ مِنْ شَيْءٍ إِنِ الْحُكْمُ إِلَّا لِلَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَعَلَيْهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُتَوَكِّلُونَ 

ya'ni: “(So'ngra ularni safarga kuzatayotib) aytdi: “Ey, o'g'illarim! (Misrga) bir darvozadan kirmangiz, balki turli xil darvozalardan kiringiz! Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O'zigagina tavakkul qilsinlar!”” (Yusuf surasi 67-oyat).

  1. Musulmonning hayotida duoning muhimligi. Duo – ibodatning asosidir! U bandaning Robbiga qanchalik bog'liqligini ko'rsatib turadi. Yusuf alayhissalom Alloh taologa ko'p duo qildilar, boshlariga tushgan har bir mashaqqatda Alloh taologa duo bilan bog'landilar. Ayollarning makriga uchraganda, bu baloni daf qilishni so'rab duo qildilar. Alloh U Zotga kengchilik berganida, ilm va imon bilan siylaganida shunday duo qildilar:

 رَبِّ قَدْ آَتَيْتَنِي مِنَ الْمُلْكِ وَعَلَّمْتَنِي مِنْ تَأْوِيلِ الْأَحَادِيثِ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ

أَنْتَ وَلِيِّي فِي الدُّنْيَا وَالْآَخِرَةِ تَوَفَّنِي مُسْلِمًا وَأَلْحِقْنِي بِالصَّالِحِينَ 

ya'ni: “Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O'zing egamdirsan. (Ajalim etganida) musulmon holimda vafot ettir va meni solihlar (qatori)ga qo'shgin!” (Yusuf surasi 101-oyat).

Alloh taolo barchamizni Qur'oni karimni o'qiydigan, uni tadabbur qiladigan, ibrat va nasihat oladiganlardan qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Ma'ruza ta'sirli chiqishi uchun Yusuf alayhissalom qissasini o'rganib chiqish tavsiya qilinadi.

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Ezgu amal – qalb lazzati”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   2165   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar