Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida ma'rifat va diniy bag'rikenglik masalalariga alohida e'tibor berilmoqda. Keyingi etti yilda soha bo'yicha 50 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi.
O'zbekistonning millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni o'rnatish siyosati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy-me'yoriy hujjatlarga to'la mos keladi.
Bu fikrlar Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Musulmon oqsoqollar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan muloqotida qayd etildi.
Uchrashuvda Musulmon oqsoqollar kengashi bilan keng ko'lamli aloqalarni mustahkamlash, diniy bag'rikenglik hamda an'anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, yurtimizda turli millat va din vakillarining o'z salohiyatini to'laqonli amalga oshirishi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar ta'minlangan. O'zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududlardagi vakilliklari, 3 ta oliy va 10 ta o'rta maxsus ta'lim muassasasi hamda 16 ta konfessiyaga tegishli 2,3 mingdan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Muhammad Abdusalom O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro maydonda ham e'tirof etilayotgani, hujjat mazkur yo'nalishdagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga turtki bo'lganiga alohida to'xtaldi.
O'zbekistonning butun dunyo musulmonlari uchun juda katta ahamiyatga molik ekani, ushbu yurtdan etishib chiqqan olimlar nafaqat musulmon olamiga, balki butun dunyo uchun ham katta ilmiy meros qoldirgani ta'kidlab o'tildi.
Uchrashuv yakunida o'zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O'zA
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.
Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.
Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?!
Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.
Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:
Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!
Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:
1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.
2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.
3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.
Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.
Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2] Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.