O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2017-2021 yillar oralig'ida ta'lim olgan talabalarning “Hatmona – 2021” bitiruv tadbiri bo'lib o'tdi. Bu haqda TII matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, rais o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov, Din ishlar bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Halqaro munosabatlar kafedrasi professori Muhammadsiddiqov Muhammadolim, Imom Moturidiy ilmiy tadqiqot markazi direktori Davron Maqsudov singari martabali mehmonlar tashrif buyurishdi.
Shuningdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom institutida uzoq yil mehnat qilgan faxriy ustozlar, imom-xatib va xodimlar ham qatnashdi.
Hatmona marosimini Diniy idora matbuot xizmati xodimi Abdulqayum Yo'ldoshev olib bordi. Tadbir avvalida davlat madhiyasi yangradi. So'ng Toshkent Islom instituti 2-kurs talabasi Abdulbasir qori Kamalov Qur'on karimni tilovati qildi, Salohiddin ustoz Sharipov xayrli duo qildilar.
Tadbirni Toshkent islom instituti rektori Uyg'un domla G'afurov kirish so'zi bilan ochib berdi. So'ng minbarga Diniy idora raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovlar chiqib bitiruvchilarni tabriklashdi.
Haq yo'lida kim sanga bir harf o'qitmish ranj ila,
Aylamak bo'lmas ado oning haqin ming ganj ila.
Hazrat Navoiyning bu so'zlarida hech qanday mubolag'a yo'q. Darhaqiqat, ustozlarning haqlari beqiyos. Shunday ekan, dil izhorlarini ustozlarga bildirish istagida bo'lgan tadbir ishtirokchilari bo'lgan bitiruvchilarga navbat berildi. Abdulaziz Jumanov o'zbek tilida, Hikmatulloh Ro'zialiyev arab tilida, Muhammadali Mahkamov ingliz tilida, Halilulloh Asadullayev rus tili ustozlarni hurmat va ehtiromni ifoda qiluvchi nutq so'zladi.
Navbatdagi so'z bitiruvchilarni tabriklash va ularga ta'lim bergan ustozlarga o'z minnatdorchiliklarini bildirish uchun xatmona kechasiga kelgan ota-onalarga berildi. Ular mana shu to'rt yil mobaynida farzandlariga ta'lim bergan ustozlariga qalb so'zlarini izhor etdi. Bitiruvchi kurs talabasi Asadulloh Nuriddinov institut haqida o'zi yozgan she'rni o'qib berdi.
Shundan so'ng o'qish davomida turli yo'nalishlarda etakchi bo'lgan talabalar e'tirof etilib, faxriy yorliq bilan taqdirlanishdi.
Tadbirda ustoz Salohiddin domla Sharipov o'zlarining katta hayotiy va kasbiy tajribadan kelib chiqib bitiruvchilarga kerakli maslahatlarni berdilar.
Tadbir yakunida Oliy ma'hadda bir necha yil rektor bo'lib ishlagan Zohidxon domla Qodirov bitiruvchi talabalarga oq fotiha berib duo qildilar.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim va ilmiy-tadqiqot hamda Masjidlar bo'limi birgalikda bitiruvchilarni yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib, noib imom vazifalariga, shuningdek oliy va o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga o'qituvchi lavozimi bo'yicha ishga taqsimot qiladilar.
Ta'limni davom ettirmoqchi bo'lgan bitiruvchilar magistratura bosqichida o'qish uchun respublika oliy ta'lim muassasalarining biriga hujjat topshirishlari mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati