Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar[1] va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan asrga taqaladi.
Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to'rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo'ldi. Bu vaqt oralig'ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o'n uchta mujtahid namoyon bo'lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Ishoq ibn Rohivayh, Bag'dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.
Ulardan to'rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi[2]. Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.
Bu o'rinda shuni ta'kidlab o'tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo'yicha quyidagi nisbatda bo'linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz[3].
Bu to'rt mazhab o'rtasida katta farqlar ko'zga tashlanmaydi. Juda ko'p masalalarda bir xillik mavjud. O'rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.
Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o'rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o'girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko'ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug' tobeinlar asos solgan yo'l ekaniga guvoh bo'lamiz.
Nabiy alayhissalomning sahobalari ilmda bir-biridan farq qilgan. Ba'zilar Abdulloh ibn Abbosni, iroqliklar Ibn Mas'udni, hijozliklar Abdulloh ibn Umarni roziyallohu anhum o'zlariga o'rnak qilib, ularning ko'rsatmalariga rioya etib yashashgan. Ahli ilmlardan hech kim ularning bu ishini qoralagani yoki bir shaxsga taqlid qilganni gunohkorga chiqarganlarini bilmaymiz[4].
Demak, bugungi kunimizda ham omi xalq, shuningdek, istinbot va ijtihod qilish darajasiga etmagan olimlar uchun biror mujtahidga taqlid qilish, bilmaganlarini so'rashdan boshqa chora yo'q. Zero, Alloh taolo bunday buyurgan: “Agar bilmaydigan bo'lsangiz ahli zikrlardan so'rangiz”[5] (Nahl surasi, 43-oyat).
Shu o'rinda diyorimiz musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) mazhabi ko'rsatmasiga rioya qilib kelayotganini alohida ta'kidlab o'tishimiz zarur. O'tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirishgan. Halqimiz ham shu mazhabga amal qilishgan. Darhaqiqat, Imomi A'zam mazhabi mo''tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o'zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo'lib kelmoqda[6].
Ming afsuslar bo'lsinki, HH asr so'nggida musulmon olamida islom niqobi ostida yana bir tahdid – mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasi paydo bo'ldi.
Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug'diradigan omil ekaniga shubha yo'q. Mazhabsizlar o'zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to'rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo'q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo'lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga etarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Lekin bir, ikki masalani chuqur o'rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo'lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, yoki “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo'q edi, biz mazhab egalarining emas, Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak” – degan da'volarni qiladilar[7]. Bu o'ta kaltafahmlik va johillik, g'arazgo'ylikdan boshqa narsa emas.
Mazhabsizlarning eng kulgili holati, ahli sunna va jamoadagi to'rt mazhab sohiblaridan birining yo'liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat”mi? Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan “IShID” yoki “Al-qoida” kabi buzg'unchi guruhlarning foydasiga xizmat bo'lib qolmoqda. Vaholanki, islom qoidalariga binoan, fatvo berish huquqi, aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga etgan, Qur'on va hadis ilmini tafsirlari va tuli sharhlari, sanadlari bilan to'liq yod biluvchi, o'z mazhabining ta'limotlariga tayangan holda, qolaversa, muftiy martabasiga ega muayyan shaxslargina berishi ma'lum[8].
Hozirgi kunda butun islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to'rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o'zini mujtahid sanab yurganlar aslida, “bir kitobcha va magnit tasmasi madaniyati”ga mansub kishilardir[9].
Mazhabdan yuz o'girish salafi solih yo'lidan yuz o'girish bo'lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G'azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg'iloniy va ko'plab mujtahid ulamolar to'rt mazhabdan biriga ergashganlar.
Shu o'rinda aytayotgan so'zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da'volarining asossiz ekanligi aniq bo'lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid'atdir”, degan so'zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, degan so'zi ayni haqiqatdir.
[1] Vahba Zuhayliy. Al-Fiqhul islamiy va adillatuhu. 1-juz. 42-bet. Damashq: Dorul fikr, 2001 y.
[2] Ahmad Sa'id Havva. Madxal ila mazhabil imam Abi Hanifata No''mon. 87-bet. Jidda, Darul Andalus al-Hazro. 2002 y.
[3] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 35-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.
[4] Muhammad Sa'id Ramazon Butiy. Al-la mazhabiyya axtoru bid'atin tuhaddidu shari'atal islamiya. 107-bet. Damashq. Darul fikr. 1985-yil
[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Toshkent. TIU.nashriyot matbaa birlashmasi. 2009 y.
[6] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 36-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.
[7] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar echimlar.83- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.
[8] A.Tulepov. Ishid fitnasi. 19-bet. Toshkent. Movarounnahr. 2014 y.
[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar echimlar. 64- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.
Farhod JO'RAYeV
Toshkent islom instituti o'qituvchisi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati