Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Andijon viloyati Bosh jome masjidiga tashrif buyurganlari haqida xabar bergan edik. Tashrif chog'ida ushbu jome masjid bilan Andijon xalqini muborakbod etib, uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishi so'raldi.
– Hamma joylarda muqaddas ziyoratgohlarni obod qilish, yangi masjid va ma'rifat markazlari qurishga e'tibor qaratyapmiz. Bunday xayrli ishlarni davom ettiramiz. Mo'min-musulmonlar bu erga kelib, ibodatlarni emin-erkin bajarib, shukronalik bilan xalqimizni duolar qilsa, nur ustiga nur, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun esa O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari juma namozini mazkur jome masjidda minglab namozxonlar bilan birga ado etdilar. Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Diniy idora ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov va O'zbekiston islom tsivilizatsiyasi markazi mas'ul xodimi Abror Muxtor Aliy hamrohlik qilmoqda.
Ushbu muhtasham va qadimiy jome masjidning ochilishi munosabati bilan muftiy hazratlari barcha yig'ilganlarni qutlab, bu dargohni barpo etishga hissa qo'shgan muhandislar, quruvchilar, bezakchilar, homiylarning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Muftiy hazratlari juma mav'zisida bugungi kunda mo'min-musulmonlarga muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta imkoniyatlar berilayotgani, sharoitlar hozirlanayotgani haqida gapirib, o'zgarishlar, yangilanishlar va xushxabarlar haqida so'zladilar. Hozirgi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo'lidagi xayrli ishlar, yangi-yangi ijrootlar, xushxabarlar va bunday ne'matlarga har bir kishi tunu kun Parvardigorga shukrona qilishi lozimligini aytdilar.
Albatta, ushbu xursandchilikdan barcha birday xursand bo'lib, muftiy hazratlari boshchiligida barcha jamoat duoga qo'l ochib, Alloh taolodan yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovonligini so'rab duoi-xayrlar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.