Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahridagi “Oisha ona” va Shahrisabz tumanidagi “Yangi qishloq-1” jome masjidlari yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimlari bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov, Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, Shahrisabz shahar va tuman bosh imom-xatiblari va nuroniy otaxonlar, jamoat vakillari bilan birga masjid poydevoriga ilk g'ishtni qo'yishdi.
Shuningdek, yig'ilganlar Alloh taolodan masjid qurilish ishlari tez orada yakunlanishi, uzoq yillar mo'min-musulmonlarga xizmat qilishi, masjid qurulishiga hissa qo'shayotgan saxovatpesha insonlar, usta-mutaxassislar, hasharchilarga ajru savoblarni yanada ko'paytirib berishini so'rab duo qilindi.
Ma'lumot uchun, ushbu masjidlarning eski binosi yangitdan hashar va xayriya yo'li bilan barpo etiladi. Uning qurilishida zamonaviy va milliy me'morchilik an'analari uyg'unlashtirishga alohida e'tibor beriladi. Hozir masjidlarning poydevor ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, yuz kishiga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan tahoratxonalar, ma'muriy va xizmat xonalar qurish reja qilingan.
Dinimizda masjid qurish yoki unga hissa qo'shishning savobi ulug' amallardan. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to'kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo'rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o'shalar hidoyat topguvchilardan bo'lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim Alloh yo'lida masjid uchun bitta g'isht qo'ysa, Alloh u uchun jannatda bitta qasr barpo qiladi”, deganlar.
Bu dunyoda qilgan har bir savob amalimiz oxirat uchun zahiradir. Allohga suyukli makonlarni obod qilganlarga esa jannatda qasr bino etiladi, inshoalloh.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati