Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar tashabbusi bilan Buxoroda minglab daraxtlar ekiladi

17.06.2021   1359   2 min.
Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar tashabbusi bilan Buxoroda minglab daraxtlar ekiladi

O'zbekistonning Londondagi elchixonasi ko'magida Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov va YeTTB vitse-direktori Kamola Maxmudova boshchiligida bir guruh vatandoshlar o'rtasida muzokaralar tashkil etildi. Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz tashabbusi bilan «Buxoro - yashil shahar» xayriya loyihasi amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Tadbirda O'zbekiston landshaft san'ati uyushmasi rahbariyati va loyihani amalga oshirishda yordam berayotgan buxorolik ko'ngillilar ham ishtirok etdi.

«Buxoro - yashil shahar» loyihasi shaharni ko'kalamzorlashtirish, havo tarkibi va mikroiqlimni yaxshilash maqsadida shahar ma'muriyati va jamoatchilik vakillari hamkorligida bir necha ming tup daraxt va bo'talar ekishni nazarda tutadi.

Loyiha tashabbuskori va rahbari Kamola Mahmudova hamda loyiha asoschilaridan biri, Kembrij universiteti doktori Temur Yunusovning ma'lum qilishicha, loyiha doirasida daraxtlarning holatini kuzatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi, ayniqsa, yosh avlod o'rtasida «yashil» rivojlanish g'oyasini targ'ib etishda faol ishtirok etadigan ko'ngillilarni tayyorlash bo'yicha media haftalik tashkil etish ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, loyiha doirasida ekilgan daraxtlarning elektron interaktiv xaritasi yaratiladi. Bu nafaqat O'zbekistonda, balki butun MDH bo'ylab noyob loyiha bo'ladi.

«Buxoro - yashil shahar» tashabbusini amalga oshirish uchun 100 ming evro mablag' yo'naltiriladi. Ushbu mablag'lar tadbirkorlar va vatandoshlar tomonidan to'plandi va YeTTBning barqaror o'sish xayriya loyihalarini qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini yaxshilash bo'yicha maxsus jamg'armasi tomonidan taqdim etildi.

Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov vatandoshlar, O'zbekiston landshaft san'ati uyushmasi va ko'ngillilarga shaharni ko'kalamzorlashtirish maqsadida qilinayotgan sa'y-harakatlari uchun o'z minnatdorligini bildirib, loyihani amalga oshirishda, jumladan, sug'orish va ekinlarni to'g'ri parvarish qilish bo'yicha barcha imkoniyatlar yaratib berilishini bildirdi. Barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida tomonlar doimiy muloqotni davom ettirish bo'yicha kelishib oldi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2761   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.