Saudiya Arabistonining etakchi nashrlaridan biri - “Ar-Riyod” gazetasida “O'zbekiston elchisi saudiyalik sayohlarni vataniga chorlaydi” nomli maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O'zbekistonning Ar-Riyoddagi elchisi Ulug'bek Maqsudov O'zbekistonga safar qilayotgan saudiyalik sayyohlarni qutlar ekan, mamlakat hukumati tomonidan aholi salomatligi va sayohatchilar xavfsizligini himoya qilish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xorijlik mehmonlarning respublika bo'ylab maroqli vaqt o'tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida qayd etdi”, - deyiladi maqolada.
Muallif mamlakatga kirish uchun https://mfa.uz/en veb-saytida tegishli anketani to'ldirish orqali elektron viza olish mumkinligini ta'kidlagan.
“Koronavirus bilan bog'liq chora-tadbirlar sababli O'zbekistonga tashrif buyuruvchilardan kelishdan 72 soat oldin (PTsR) test topshirganligi haqidagi ma'lumotnoma talab etiladi hamda Turkiya va Hindiston orqali keluvchilar uchun esa ikki haftalik karantin qoidalari qo'llaniladi.
Saudiyalik sayohatchilar 2021 yil 12 iyundan boshlab Saudiya Arabistonining “FlyNas” aviakompaniyasi tomonidan haftasiga 3 marotaba yo'lga qo'yilayotgan to'g'ridan-to'g'ri reyslar orqali Ar-Riyoddan Toshkentga parvoz qilishi mumkinligiga e'tibor qaratilgan.
Habarda aytilishicha, O'zbekistonga borishni istaganlar https://Uzbekistan.travel/sa/ veb-sahifasida arab tilida mamlakatning turizm salohiyati to'g'risidagi ma'lumotlar bilan to'liq tanishishi mumkin.
Shuningdek, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasida turizm va transport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga bag'ishlangan videomuloqot o'tkazilgani, unda Saudiya tomonidan Milliy kompaniyalarning tadbirkorlik dasturi bosh direktori Badr bin Ibrohim al-Badr va “Siyra” sayyohlik kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Muhammad al-Halil hamda “FlyNas” aviakompaniyasi vakillari, O'zbekiston tomonidan esa investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari Shuhrat Vafoyev, transport vaziri o'rinbosari Jasurbek Choriyev va O'zbekistonning Ar-Riyoddagi elchisi qatnashgani aytiladi.
Uchrashuvda turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish va to'g'ridan-to'g'ri parvozlarni ko'paytirish bo'yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingani ma'lum etilgan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligidan tashrif buyuruvchilar va sayohatchilarni o'z mehnat ta'tillarini O'zbekistonning turli shaharlarida maroqli o'tkazishga, turistik maskanlar, asori-atiqalar va tabiat manzaralaridan bahramand bo'lishga hamda Toshkent, Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarda o'tkazib kelinayotgan turli tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilmoqda, - deyiladi “Ar-Riyod” gazetasida chop etilgan maqolada.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.