G'ayridin bo'lgan, keyinchalik islomga kirgan bir ayol o'zining islomga kirish tarixini hikoya qiladi:
«Men shifokor edim. Mening bo'limimda bir qari muslima ayol davolanardi. Uning oldiga, boshqalardan farqli o'laroq, ertayu kech bir er-xotin yo'qlab kelardi. Hali dori-darmon, hali ko'ngli tusagan eguliklar olib kelar, kayfiyatini ko'tarib, yaxshi gaplar bilan ko'nglini olishardi.
Bir kuni ulardan: «Sizlarga bu ayol kim bo'ladi?», deb so'radim.
Erkak: «Mening onam», ayol esa, «Mening qaynonam», deb javob berdi. Mening hayratim yanada ortdi. Ayolga qarab: «Bu kishi-ku, onasiga qarayotgan ekan, siz nega bunchalik g'amxo'rlik qilasiz? Hozirgi kunda hech qaysi ayol birovga bunchalik mehr ko'rsatmay qo'ygan. Kuzatib tursam, u ayolga qarab yig'lab ham qo'yasiz hatto», dedim.
Shunda ayol tushuntirdi: «Bu kishi mening turmush o'rtog'im. Uning roziligida Allohning roziligi bor. Uning roziligi esa, onasining roziligida».
«Sizni bunday qilishga nima majbur qiladi?»
«Dinim shunga buyuradi». So'ngra Islom nima, uning qanday shartlari bor, qanday yaxshiliklari bor, qisqacha tushuntirib berdi.
Uning so'zlarini eshitib, o'ylanib qoldim. Mening ham bir o'g'il, bir qizim bor. Bir yilda bir qandaydir marosim bo'lib qolsa ko'rishamiz, bo'lmasa yo'q. Men kasal bo'lib, shifoxonaga tushib qolsam, o'zim xabar bermagunimcha bilishmaydi ham.
So'ngra undan islomga qanday kirishni so'rab, musulmon bo'ldim. Erim bilan ajrashib, musulmon davlatga ko'chib ketdim. O'sha erda bir musulmon erkakka turmushga chiqdim. Hozir ikki qizim bor. Baxt nimaligini birinchi bor tuydim. Islomdan oldingi hayotimni hayot deb hisoblamayman.
Hikoyani o'qib, Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning bir so'zlari yodimga tushdi:
«Islomga jim turgan holingizda da'vat qilinglar!»
Sahobalar so'rashdi:
«Ey, amirul mu'miniyn, qanday qilib?»
«Go'zal xulqinglar bilan!», degan edilar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV