O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo, Farg'ona viloyati Dang'ara tumani “Said Ahmadxon hoji” jome masjidi imom-noibi Yorqinjon qori Fozilovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum qori domlaning barcha solih amallarini, dinimizga qilgan xizmatlarini, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulg'asin, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
Alloh taolo marhum qori domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Yorqinjon qori Fozilovning oila a'zolari, farzandlari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati