Namangan viloyatiga tashrif doirasida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov safari mobaynida Namangan shahridagi “Mulla Ismoil" jome masjidiga tashrif buyurib, jamoat bilan shom namozini o'qidi.
So'ng, masjid ahliga hozirda diniy ta'limdagi islohotlar, yoshlarni ilmga targ'ib qilish, ularni zinhor va zinhor o'z holatiga tashlab, bekorchi qilib qo'ymaylik, kitobga va ilmga bo'lgan muhabbatini oshirish va o'zi qiziqan sohasi bo'yicha elga, xalqqa foydasi tegadigan inson bo'lib etishishi uchun hozirdan harakat qilish haqida va bu masalada ota-onaning o'rni beqiyos ekanligini ta'kidladilar. Shuningdek ilmni diniy va dunyoviysi bo'lmasligi, ilmni foydali va foydasizi bo'lishligi haqida ham aytib o'tdilar va Alloh taolodan barchalarimizga foydalik ilm berishligi so'rab duoi xayrlar qildilar.
****
Tashrif doirasida Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqaxxordomla Yunusov ham Namangan shahridagi "Abdulloh ibn Mas'ud" jome masjidida asr namozini masjid qavmi bilan o'qigach, masjid ahliga yurtimizda bo'layotgan keng islohotlarga, Alloh taolo bergan har bir ne'matlariga shukrona qilib yashash, qolaversa jamiyatimiz uchun dolzarb masalalardan biri bo'lmish yoshlar tarbiyasi, ularni ilm va hunar bilan band qilish to'g'risida ma'ruza qilib berdilar.
Tashrif so'nggida masjid jamoati minnatdorligi va tashrifdan mamnunligini izhor etishdi va duoi xayrlar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.