Joriy yilning 25 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining restavratsiya labaratoriyasida mahalliy va xorijlik mutaxassislar hamkorligida “Katta Langar Qur'oni” varaqlarini ta'mirlash ishlarining yakuniy bosqichi boshlandi.
Ushbu jarayon bilan tanishish va uni nazorat qilish uchun Frantsiyaning Luvr muzeyi vakili Rokko Rante va O'zR FA San'atshunoslik instituti direktori Shokir Pidayevlar labaratoriyada bo'lishdi.
O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi tashabbusi bilan ushbu qadimiy Qur'oni karim varaqlarini ta'mirlash ishlarining birinchi bosqichi 2019 yil 7-11 noyabr' kunlari va ikkinchi bosqichi 2020 yil 4-11 fevral' kunlari yakunlangan edi.
Shu kunlarda bo'lib o'tgan ta'mirlash ishlarining navbatdagi bosqichini Luvr muzeyi (Parij shahri) mutaxassislari Aksel' Delo va Aureliya Streri tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi “Restavratsiya va konservatsiya” bo'limi bosh mutaxassisi Shuxratulloh Po'latov, O'zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Kamoliddin Mahkamov va Saidrahmat Ikramovlar ko'magida amalga oshirdi.
Mazkur restavratsiya va konservatsiya ishlari Yurtboshimizning 2017 yil 24 mayda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori va 2019 yil 7 martdagi “2021 yilda Luvr muzeyida O'zbekiston muzey eksponatlari ko'rgazmasini tashkil etish va O'zbekiston muzey fondlarini xorijda samarali namoyish etish uchun shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to'g'risida” Farmoyishining ijrosini ta'minlash maqsadida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliy mutaxassislar xorijning ilg'or tajribalarini o'rganmoqda, sohaning etuk mutaxassislari ishtirokida o'quv mashg'ulotlar tashkil etildi, xorijning malakali ekspertlari yurtimizga taklif etildi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston musulmonlari idorasi muzey-kutubxonasida saqlanayotgan VIII asrga oid Islom olamidagi eng qadim tarixga ega Mushaf nusxalaridan biri bo'lgan “Katta Langar Qur'oni” varaqlari Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Langar ota” masjidida uzoq saqlangani uchun shu nomni olgan. Yurtimizda “Katta Langar Qur'oni”ning 17 varag'i mavjud. Ularning bir varag'i Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida va bir varag'i Buxoro davlat muzey-qo'riqxonasida, 13 varag'i O'zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
“Katta Langar Qur'oni”ning yurtimizga qanday kelib qolgani haqida aniq ma'lumotlar yo'q. Ilmiy tadqiqotlar xulosasiga asosan nodir qo'lyozma VIII asrning oxirgi choragida – arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrda yozilgan. “Katta Langar Qur'oni”ning umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etganligi haqida taxminiy ma'lumotlar mavjud. Hozirda ushbu mushafning faqatgina 98 varag'i saqlanib qolgan bo'lib, ularning 81 tasi Sankt-Peterburgdagi Sharq qo'lyozmalari institutida saqlanadi.
Kamoliddin MAHKAMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi mudiri
Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi vazirliklar, tashkilot, korxona va muassasalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi yangiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, oliygoh faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini bakalavr bosqichini 309 nafar, magistratura bosqichini 95 nafar talaba tamomlayotgani aytib o‘tildi.
Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib borayotgani, hozirgi kunga qadar Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangani bayon etildi.
Tadbirning amaliy qismida ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbatlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi. 100 dan ziyod talaba bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati